Jahon | 16:43 / 12.11.2022
15599
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina: Rossiya dunyo bilan «ocharchilik o‘yini»ni o‘ynamoqda

Foto: Reuters

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Rossiyani Ukraina g‘allasi va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga to‘sqinlik qilib, dunyo bilan «ocharchilik o‘yinini» o‘ynashda aybladi

Kambodjada bo‘lib o‘tayotgan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) sammiti doirasida so‘zlagan Kuleba tashkilot a’zolarini Rossiya 19 noyabrdan keyin «g‘alla bitimining uzaytirilishiga to‘sqinlik qilmasligi uchun unga bosim o‘tkazishga chaqirdi.

Bundan oldin BMT jahon hamjamiyatini Rossiyadan o‘g‘it eksporti yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlashga chaqirgandi. Bu haqda 11 noyabr, juma kuni kechqurun Jyenevada Rossiya va BMT vakillari o‘rtasidagi «g‘alla bitimi» bo‘yicha muloqotning navbatdagi raundida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Vershinin bilan muzokaralardan so‘ng jahon tashkiloti ma’lum qildi.

«Dunyo o‘g‘itlar yetkazib berish bo‘yicha global muammolar global oziq-ovqat tanqisligiga olib kelishiga yo‘l qo‘yishi kerak emas», - deya bildirdi tashkilot.

Noyabr oyi boshida Rossiya Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Qora dengizdagi gumanitar yo‘laklar orqali xavfsiz eksport qilish bo‘yicha «g‘alla bitimi»ni amalga oshirishni qayta boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi bayonot berdi. Vazirlikning qayd etishicha, Rossiya BMT va Turkiya yordami bilan Ukrainadan gumanitar koridor va Ukraina portlaridan Rossiyaga qarshi harbiy amaliyotlar o‘tkazish uchun foydalanilmasligi haqida zarur yozma kafolatlar olgan.

Ayni paytda, Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarini eksport qilish bo‘yicha oziq-ovqat kelishuvining bir qismi ishlamayotgani haqida gapirdi.

Agar kelishuv uzaytirilmasa, oqibatlari jiddiy bo‘lishi kutilmoqda, deya ogohlantirdi Birlashgan millatlar tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning bozorlar va savdo bo‘yicha direktori Bubaker Ben-Belxassen.

Istanbuldagi Qo‘shma muvofiqlashtirish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 11 noyabr holatiga ko‘ra, 489 ta kema Ukraina portlaridan bug‘doy, makkajo‘xori, kungaboqar yog‘i va soya bilan chiqib ketgan. Birgina 1 noyabrdan buyon 20 dan ortiq kema Livan, Marokash, Liviya, Ispaniya, Ruminiya va Xitoyga yo‘l oldi.

Qora dengiz don tashabbusi doirasida kemalar harakati 3 noyabr kuni qayta tiklandi.

Mavzuga oid