Jahon | 18:57 / 15.11.2022
21576
9 daqiqa o‘qiladi

«Xitoy bilan sovuq urush bo‘lmaydi». AQSh va Xitoy rahbarlari G20 sammiti arafasida nimalar haqda gaplashishdi?

Indoneziyaning Bali orolida «Katta yigirmatalik» sammiti ochilishi arafasida Jo Baydenning AQSh prezidenti sifatida Xitoy kompartiyasi raisi Si Jinping bilan ilk bor uchrashuv o‘tkazishi asosiy diqqat markazida bo‘ldi. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari yetakchilari muzokaralarida qatnashmasligi ham e’tiborli holat edi.

Bayden xitoyliklar yetakchisi bilan muloqot ochiq va samimiy o‘tganini ta’kidladi. Si Jinpingni u «doimgidek - cho‘rtkesar va dangal» deb atadi, shu bilan birga ayrim masalalarda murosaga tayyorligini e’tirof etdi.

Jurnalistlarning Tayvan masalasi tufayli AQSh va Xitoy o‘rtasida sovuq urush kelib chiqishi ehtimoli to‘g‘risidagi savoliga Bayden shunday javob qaytardi: «Men mutlaqo aminmanki, yangi sovuq urushi bo‘lmaydi… Men Xitoy tomonidan Tayvanga qandaydir bosqin bo‘lishi muqarrar deb o‘ylamayman».

Bayden AQShning Tayvan bo‘yicha siyosati o‘zgarmaganiga ishora qildi va AQSh muammolar tinch yo‘l bilan hal etilishini istashini aytdi.

«Ishonchim komilki, [Si Jinping] men nimani nazarda tutganimni aniq tushunadi», deya qo‘shimcha qildi Bayden.

Ikki yetakchi ham yadro quroli qo‘llanishiga yo‘l qo‘yilmasligi, jumladan Ukrainada bu quroldan foydalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlashdi. Si Jinping urushning so‘nggi oylaridagi vaziyatdan qattiq xavotirda ekanini aytdi. Bungacha Xitoy vazminlikka chaqirgan, lekin o‘zining muhim savdo hamkori bo‘lgan Rossiya bosqinini ochiqchasiga qoralamagandi.

«Prezident Bayden va rais Si yadro urushini boshlash kerak emasligi va unda g‘olib tomon bo‘lmasligi, Ukrainadagi yadroviy tahdidlarga toqat qilmasliklari haqida hamfikr ekanliklarini ta’kidladilar», deyiladi Oq uyning uchrashuvdan keyin bergan xabarida.

Bayden - Si: ehtiyotkorona-ijobiy uchrashuv

Jo Bayden Baliga yakshanba kuni yetib keldi va dushanba kuni Si Jinping bilan uch soatlik muzokaralar o‘tkazdi. Bu uning AQSh prezidenti sifatida Xitoy rahbari bilan ilk bor yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishi edi. Uchrashuv rejalashtirilganidan bir soatga ko‘proq davom etdi, sammitda ishlayotgan jurnalistlar fikricha, bu yaxshi belgi bo‘lishi mumkin - yetakchilar barcha masalalarni muhokama qilib olish uchun vaqt ajratishga tayyor bo‘lishgan.

Tayvan atrofidagi keskinlik, ayniqsa avgust oyi boshida bu yerga AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining tashrifidan keyin ko‘pchilik AQSh, Xitoy yoki Tayvan tomonidan qo‘yiladigan har qanda noto‘g‘ri qadam harbiy mojaroga yoki hatto ochiq urushga olib kelishi mumkinligidan xavotirlana boshlagandi. Jurnalistlar va ekspertlar fikricha, bu uchrashuv arafasida ikki tomon ham murosaga kelish kayfiyatida ekani sezilib turgan.

Si Jinping Xitoy-Amerika munosabatlari xavotirga solayotganini va bu ayniqsa dunyo «ikkilanib qolgan» mahalda xalqaro hamjamiyat ulardan kutayotgan narsa emasligini tan olgan. 

«Biz Xitoy-Amerika munosabatlari uchun to‘g‘ri yo‘nalishni belgilashimiz darkor», degan u Baydenga.

Bayden esa muzokaralar yakunida AQSh Xitoy bilan «kuchli raqobatlashish»ni davom ettirishi, ammo bunda raqobat ziddiyatlashuvga aylanib ketmasligi kerakligini aytgan. U «Xitoyning Tayvanga qarshi majburlash va tobora kuchayib borayotgan tajovuzkorlik harakatlari»ga e’tiroz bildirgan, Rossiyaning Ukrainaga bosqini masalasini ko‘targan hamda Shimoliy Koreyaning «provokatsion» xatti-harakatlari yuzasidan xavotir bildirgan.

Xitoy davlat nashrlari ikki yetakchi uchrashuvi qanday o‘tganini o‘z talqinida taqdim etgan. Unga ko‘ra, Si Jinping AQShni Tayvan bilan bog‘liq vaziyatda «qizil chiziq»ni kesib o‘tmaslikdan ogohlantirgan. Orol - o‘zini o‘zi boshqaruvchi demokratiya, ammo Pekin uni o‘zining ajralib chiqqan provinsiyasi deb biladi va ertami kechmi Xitoyning materik qismi bilan birlashishi kerak deb hisoblaydi.

Vashingon esa Xitoy Shimoliy Koreyada yadro sinovlarining oldini olishga harakat qilishi shart deb hisoblaydi, agar sinovlar baribir amalga oshirilsa, AQSh Xitoyga qarshi qaratilmagan, ammo KXDR uchun signal vazifasini o‘tovchi mudofaa xarakteridagi «ma’lum harakatlar»ni amalga oshiradi. Va bu masalada har qanday anglashilmovchilikdan qochish kerak bo‘ladi.

«Men barcha yetakchilar bilan, ayniqsa Si Jinping bilan juda ochiq gaplashmoqchiman, tushunmovchiliklar yuzaga kelmasligi uchun nima demoqchiligim va nimani nazarda tutganimni aytaman. Menda xavotir uyg‘otayotgan eng katta muammo - bu tomonlarning niyatlari yoki harakatlari noto‘g‘ri tushunilishidir», degan Bayden.

Singapur Milliy universitetining xalqaro munosabatlar bo‘yicha eksperti Yan Chongning hisoblashicha, prezident Jo Bayden va Si Jinpingning uchrashuvining umumiy ohangi ijobiy bo‘ldi.

Uning fikricha, yetakchilar davlatlar o‘rtasida, jumladan oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim va yadroviy urushning oldini olish bo‘yicha umumiy fikrlar borligini tan olgan. Qolaversa, ular muloqotga tayyor ekanliklarini namoyish etishdi. Ammo bunga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak, chunki AQSh va Xitoy munosabatlarini barqaror deb bo‘lmaydi.

Misol uchun, o‘tgan yili BMTning iqlim bo‘yicha COP26 sammitida mamlakatlar o‘rtasida qandaydir o‘zaro tushunish paydo bo‘lgandi, ammo keyinchalik munosabatlar yomonlashdi.

Bayden va Si Jinping o‘zlari ko‘rib chiqqan mavzular o‘z jamoalari tomonidan ham muhokama etilishi davom ettirilishi borasida kelishib olishgan, shu maqsadda Xitoyga AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning tashrifi amalga oshiriladi.

Putin kelmaslikka qaror qildi

Sammitga Rossiya prezidenti ham kelishi masalasi atrofida juda ko‘p mish-mishlar tarqaldi, faqat o‘tgan hafta oxirlarida Kreml Indoneziyaga boradigan Rossiya delegatsiyasiga mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov rahbarlik qilishini e’lon qildi.

Bu boshqa ishtirokchilar Putin shu yo‘l bilan o‘zini to‘g‘ridan to‘g‘ri tanqid qilishlaridan qochishga urinayotganiga ishora qilishi uchun asos bo‘ldi.

Putin sammitda shaxsan ishtirok etishi taxmin qilinayotgan mahalda ayrim mamlakatlar yetakchilari Rossiyaning Ukrainaga bosqini yuzasidan e’tirozlarini uning yuziga aytmoqchi ekanliklarini aytishgandi.

Masalan, Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri Rishi Sunak shunday degandi.

«Putinning urushi butun dunyo bo‘ylab vayrongarchilikka olib keldi, odamlar hayotini yo‘q qildi va jahon iqtisodiyotini tartibsizlikka olib keldi. G20’ning bu sammiti odatdagidek bo‘lmaydi - biz Putin rejimidan hisob so‘raymiz», degandi Sunak Indoneziyaga yo‘l olishidan oldin.

Endi, aftidan, bu so‘zlarni Sergey Lavrov eshitishiga to‘g‘ri keladi.

Putin sammitga kelmasligi Germaniya kansleri Olaf Sholsning noroziligini keltirib chiqardi

«Agar prezident Putinning o‘zi G20 sammitiga kelsa yaxshi bo‘lardi. To‘g‘ri, bu holda u dunyoning ko‘plab davlatlarining barcha savollari va tanqidlariga duch kelardi», deya undan iqtibos keltirgan Spiegel.

«Ehtimol, shu tufayligina u bu yerda bo‘lmaydi», - deya taxmin qilgandi Shols.

Shu bilan birga, kansler jurnalistlarni Putinning yo‘qligi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi muhokamasiga ta’sir qilmasligiga, boshqa mamlakatlar Moskvadan Ukrainadan qo‘shinlarni olib chiqish va tinchlik muzokaralari uchun sharoit yaratishni talab qilishiga ishontirgandi.

«Jahon hamjamiyati Kremlga «harbiy kuchayishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi va tinchlikni ta’minlovchi takliflar bo‘yicha, shu jumladan, Rossiya rasmiylari, Rossiya prezidenti tomonidan qadamlar qo‘yilishi kerak»ligini ochiq aytdi. Shuning uchun biz xalqaro qoidalarga rioya qilish, qonun kuchdan ustun turishi kerakligini aniq ko‘rsatuvchi fikrni shakllantirish ustida qattiq ishlayapmiz», — degandi kansler.

O‘z navbatida, Ukraina hukumati Indoneziyadagi sammit vaqtida Rossiyani G20 a’zoligidan chiqarishni talab etishini bildirgandi. Oliy rada deputatlari forumga a’zo mamlakatlarga shunday so‘rov bilan murojaat qilmoqchi edi.

Avvalroq Indoneziya prezidenti Joko Vidodo va boshqa indoneziyalik siyosatchilar Rossiya sammit yakunida imzolanadigan kommyunikeni bloklab qo‘ymasligi uchun uchrashuvlar vaqtida Kremlga nisbatan tanqidlarni yumshatishga chaqirgandi.

Mavzuga oid