O‘zbekiston | 17:18 / 16.11.2022
16012
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda uch kishi, Xorazmda ikki kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi

Vafot etganlardan uch nafari voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan.

Foto: Getty Images

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ikki kunda Jizzax va Xorazm viloyatlarida 5 kishi is gazidan zaharlanib vafot etgan.

Jumladan, 2022 yil 13 noyabr kuni soat 19:30 larda Xorazm viloyati Urganch shahri, 4-daha 25-uy 21-xonadonda ijara asosida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro D.S. va 2007 yilda tug‘ilgan R.B. xonadonida o‘rnatilgan qo‘lbola usulda tayyorlangan isitish qozonidan ajralib chiqqan is gazidan zaharlanib, vafot etgan.

2022 yil 13 noyabr kuni holat yuzasidan Urganch shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2022 yil 15 noyabr kuni soat 8:30 larda Jizzax viloyati Zarbdor tumani, Yangikent mahallasida yashovchi, 1959 yilda tug‘ilgan fuqaro A.A. nabiralari, 2008 yilda tug‘ilgan O.A. va 2010 yilda tug‘ilgan Ch.T. yashash xonadonida qo‘lbola usulda tayyorlangan isitish moslamadan sizib chiqqan is gazidan zaharlanib vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Zarbdor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, 2022 yil 6 noyabr kuni Jizzaxda 34 yoshli ona va uning 10 va 15 yoshli ikki farzandi is gazidan vafot etgandi.

O‘zbekistonda sovuq mavsum boshlanganda is gazi bilan zaharlanish holatlari sodir bo‘ladi. Aksariyat hollarda is gazi bilan zaharlanish isitish pechlari mo‘risining yaxshi tozalanmasligi yoki isitish pechlarini o‘rnatishda e’tiborsizlik qilish ortidan kelib chiqadi.

Mavzuga oid