Navoiyda maktab qorovulxonasida qimor o‘ynagan direktor va uning o‘rinbosari ishdan olindi
Nurota tumanidagi 52-umumta’lim maktabi direktori va uning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari maktab qorovulxonasida qarta o‘ynagani sababli vazifasidan ozod qilingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiyda maktab direktori va uning o‘rinbosari qorovulxonada qarta o‘ynab o‘tirgani aks etgan videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan Navoiy viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, tumandagi 52-umumta’lim maktabidagi mazkur holat Nurota tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqilgan.
“Maktabda o‘quv ishlari, tashkiliy-texnik va kadrlar masalasida o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘yilgani, ichki tartib-qoidalarga xilof tarzda xatti-harakatlar sodir etilgani aniqlandi. Maktab direktori R.Safarov va uning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari X.Jo‘raboyev egallab turgan vazifasidan ozod etildi”, — deyiladi viloyat XTB munosabatida.
Oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy shahridagi 11-AFChO‘IM direktori 10-sinf o‘quvchisini urgani va o‘quvchi qiz hushini yo‘qotgani aytilgan videolavha tarqalgan va holatni viloyati prokuraturasi o‘z nazoratiga olgandi.