Jahon | 07:10 / 18.11.2022
9233
4 daqiqa o‘qiladi

MH17 ishi bo‘yicha uch ayblanuvchi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Haaga sudi MH17 bo‘yicha qaror chiqardi. Uch nafar ayblanuvchi, jumladan, «DXR»ning sobiq yetakchilaridan biri Igor Girkin aybdor deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi, polkovnik Oleg Po‘latov oqlandi.

Foto: Reuters

17 noyabr, payshanba kuni Haaga okrug sudi Ukraina fuqarosi va ikki rossiyalikni 2014 yil iyulida Donbass osmonida raketa bilan urib tushirilgan Malayziya aviakompaniyasining Boeing 777 yo‘lovchi samolyoti halokatida aybdor deb topdi. Ularning barchasi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

Ayblanuvchilar orasida o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» sobiq «mudofaa vaziri» Igor Girkin (Strelkov), general-mayor Sergey Dubinskiy (Xmuriy laqabli), polkovnik Oleg Po‘latov (Gyurza) va Ukraina fuqarosi Leonid Xarchenko (Krot) bor edi. Girkin, Xarchenko va Dubinskiyning aybi isbotlangan deb topildi. Agar qo‘lga olinsa, ular qamoqqa tushishadi. Sudlanuvchi Po‘latovga qo‘yilgan ayblovlar olib tashlandi.

Sud tomonidan ko‘rib chiqilgan tergov xulosalariga ko‘ra, to‘rtalasi ham Rossiyadan jinoyat quroli - «Buk» zenit-raketa majmuasining (ZRM) kelishiga hissa qo‘shgan va uning harakatlarini muvofiqlashtirgan, oqibatida ular «298 kishining o‘ldirilishida asosiy rolga ega». Sudlanuvchilar hukmda ishtirok etmagan.

Shuningdek, sud MN17 reysi Pervomayskiy qishlog‘i yaqinidagi daladan otilgan Rossiyaning «Buk» raketasi bilan urib tushirilganini isbotlagan. Donbassdagi mojaro xalqaro deb e’tirof etilgan va o‘sha paytda Rossiya «DXR» ustidan universal nazoratga ega edi, deya xabar beradi DW muxbirlari Haagadan. Shu bilan birga, ayblanuvchilar Girkin, Dubinskiy, Xarchenko va Po‘latovlar kombatantlar immunitetidan foydalana olmaydi, chunki Rossiya uning «DXR» ustidan nazoratini tan olmadi va ularning o‘zlari RF Qurolli kuchlari tarkibiga kirganliklarini rad etadilar.

Sud qaroriga ko‘ra, aybdor deb topilgan uch kishi halok bo‘lganlar qarindoshlariga jami 16 million yevro to‘lashi shart. Agar ular hukm kuchga kirgandan keyin 8 oy ichida buni qilmasalar, tovon Niderlandiya davlati tomonidan to‘lanadi, u mahkumlardan pul talab qiladi.

Ish bo‘yicha sud majlislari Amsterdam yaqinidagi Sxipxol aeroportidagi yuridik majmuada bo‘lib o‘tdi, u yerdan bir paytlar Malayziya "Boing"i uchib ketgan. Sud majlislari ochiq o‘tdi, jarayonni har bir kishi kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi: yig‘ilishlar, jumladan, sud hukmi e’lon qilinishi ham internet tarmog‘ida ko‘rsatildi.

Malayziya aviakompaniyasining Boeing 777 samolyoti 2014 yilning 17 iyulida halokatga uchradi. Tergov aniqlaganidek, Amsterdamdan Kuala-Lumpurga MH17 reysi bilan uchayotgan yo‘lovchi layneri raketa bilan urib tushirilgan. Bortdagi 298 kishining barchasi halok bo‘lgan.

Fojiadan so‘ng beshta davlat – Avstraliya, Belgiya, Malayziya, Niderlandiya va Ukraina qo‘shma Xalqaro tergov guruhini (JIT) tuzdi. Uning ekspertlari samolyot rossiyaparast kuchlar nazorati ostidagi hududda joylashgan "Buk" tizimi tomonidan otilgan 9M38 seriyali raketa bilan urib tushirilgan, degan xulosaga kelishdi. Tergovchilar "Buk" u yerga Rossiyaning 53-havo hujumidan mudofaa brigadasi tomonidan olib kelinganiga amin. Brigada Kursk yaqinida joylashgan va ko‘p o‘tmay, fojiadan keyin chegara orqali Rossiya hududiga qaytarilgan.

Sud jarayonida avialaynerning qoldiqlari va uni urgan noyob seriya raqamiga ega raketa, sun’iy yo‘ldoshlar va radarlardan olingan ma’lumotlar, shuningdek, jinoyat quroli - «Buk» tizimi qanday olib kelingani haqidagi foto va videolavhalar ko‘rsatildi. Bundan tashqari, ayblov tomoni sudga guvohlarning ko‘rsatmalarini taqdim etdi va MH17 halokatiga aloqadorlikda gumon qilinganlar o‘rtasidagi telefon suhbatlarini eshittirdi.

Mavzuga oid