O‘zbekiston | 13:49 / 20.11.2022
66255
23 daqiqa o‘qiladi

Xudoyorxonning chigal taqdiri: Qo‘qonning sobiq xoni nega Orenburgga surgun qilingan edi?

1875 yilda Qo‘qon shahri soxta Po‘latxon boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilar tomonidan egallanadi. Xudoyorxon Toshkentga, Kaufman huzuriga qochib keladi. Taxtdan ayrilgan bo‘lsa-da, xalq orasida ta’siri kuchli bo‘lgan sobiq xonning Toshkentda yashashi ruslar uchun birmuncha xavfli edi. Shu sababli Kaufman Sankt-Peterburgga yuboryapman deb aldab, Xudroyorxonni Orenburgga surgunga jo‘natadi. Surgunda ikki yil zo‘rg‘a yashagan sobiq xon Orenburgdan qochadi. Hajga borib, Arabistondan qaytishda yo‘lda vafot etadi.

Xudoyorxon deganda ko‘z o‘ngimizga «O‘tgan kunlar» filmidagi kishiga muloyim qarab turguvchi istarali yigit gavdalanadi. Markaziy Osiyodagi yirik bir davlatning so‘nggi hukmdori va uni qariyb 30 yil boshqargan bu insonning hayoti haqida omma uncha xabardor emas. Qolaversa, sovet davrida xonliklar va ularni boshqargan shaxslar tarixini xolis o‘rganishning iloji yo‘q edi. Ular haqida faqat qoralab yozish mumkin bo‘lgan.

Xudoyorxon tarixi

Xudoyorxon 1829 yilda Qo‘qon xoni Amir Umarxonning amakivachchasi Sheralixon oilasida tug‘ilgan. Xudoyorxonning tug‘ilgan va vafot etgan yillari haqida aniq ma’lumot yo‘q, bu mavzuda tadqiqot olib borgan olimlar uni 1829 yilda tug‘ilgani haqiqatga yaqinroq deyishgan.

Xudoyorxonning Qo‘qon taxtini egallashi Buxoro amiri Nasrulloning Qo‘qon xonligiga bostirib borib, Muhammad Alixonni (Qo‘qon xoni Amir Umarxon va Nodirabegimning farzandi. Otasidan so‘ng Qo‘qon xoni bo‘lgan) taxtdan ag‘darishi bilan bog‘liq.

1842 yilda Amir Nasrullo Qo‘qonga qo‘shin tortadi. Bo‘lib o‘tgan janglarda Qo‘qon xoni Muhammad Alixon yengiladi. Amir Nasrullo uning o‘zini va oila a’zolarini go‘daklarigacha qatl ettiradi. So‘ng Qo‘qon taxtiga Xudoyorxonning otasi Sheralixonni (Amir Umarxonning amakivachchasi) o‘tqazib Buxoroga qaytadi.

Sheralixon xonlik taxtida 3 yil o‘tirgach, uning o‘rniga akasining o‘g‘li Murodxon Qo‘qon xoni bo‘ladi. Murodxon davlatni atigi bir necha oy boshqaradi va Musulmonqul boshliq qipchoqlar tomonidan o‘ldiriladi.

Shundan so‘ng 1845 yilda Musulmonqul 16 yoshli Xudoyorxonni Qo‘qonning yangi hukmdori deb e’lon qiladi. So‘ng Xudoyorxonga qizini uzatib, uni kuyov qiladi va amalda xonlikni o‘zi boshqara boshlaydi.

Oradan bir necha yil o‘tib Xudoyorxon Musulmonqulni o‘rtadan ko‘tarmasa, Qo‘qon xonligining to‘laqonli hukmdori bo‘la olmasligini tushunib yetadi. U 1852 yilda ishonchli odamlari bilan Musulmonqulga qarshi bosh ko‘taradi va uni hibsga olib qatl etadi. So‘ng xonlikni mustaqil boshqara boshlaydi.

Xudoyorxon Qo‘qon xonligini boshqarar ekan, ikki marta taxtni tashlab qochishga majbur bo‘ladi. Birinchisi, 1858 yilda Xudoyorxonning akasi Mallaxon qo‘zg‘olon ko‘taradi va xon qo‘shinlarini yengib taxtni egallaydi. Xudoyorxon Buxoroga qochadi.

1862 yilda qirg‘iz-qipchoq urug‘lari Mallaxonga qarshi bosh ko‘taradi va bo‘lib o‘tgan janglarda u o‘ldiriladi. Mallaxondan so‘ng Qo‘qon xonligi Shohmurodxonga o‘tadi. Bu orada 1863 yilda Xudoyorxon Buxoro amiri Amir Muzaffar yordamida taxtni qaytarib oladi.

Oradan bir necha oy o‘tib Xudoyorxonga qarshi yana qo‘zg‘olon ko‘tariladi. Bu safar Musulmonqulning o‘g‘li, o‘zining qaynisi Alimqul uni taxtdan quvib yuboradi. Xudoyorxon ikkinchi marta Buxoroga qochishga majbur bo‘ladi. Alimul uning o‘rniga Mallaxonning o‘g‘li yosh Sulton Sayyidxonni xon qilib ko‘taradi va amalda davlatni o‘zi boshqaradi.

1865 yilda Alimqul Toshkent himoyasi uchun rus bosqinchilari bilan o‘tkazilgan janglarda halok bo‘ladi. Shu tariqa Xudoyorxonning ham «qulog‘i tinadi». 1865 yilda Buxoro hukmdori Amir Muzaffar Xudoyorxonni yana xonlik taxtiga o‘tqazadi. Sulton Sayyidxonni esa Buxoroga chaqirib oladi va qatl ettiradi. Ungacha esa ruslar 1864 yilda Chimkentni, 1865 yilda esa Toshkentni egallab bo‘lgan edi.

Xudoyorxonning taxtdan ag‘darilishi

1865 yilda Rossiya imperatori Aleksandr II farmoni bilan Orenburg general-gubernatorligi tarkibida Turkiston viloyati tuziladi. Uning boshlig‘i etib qonxo‘r genaral Mixail Chernyayev tayinlanadi.

1867 yilda Turkiston general-gubernatorligi tuziladi unga Konstantin fon Kaufman boshliq etib tayinlanadi. (1882 yilda fon Kaufman vafot etgach Chernyayev Turkiston general-gubernatori bo‘lgan va uni 1884 yilgacha boshqargan)

Shundan so‘ng Rossiya imperiyasi Qo‘qon xonligiga nisbatan bosimlarini kuchaytira boshlaydi. 1868 yilda Xudoyorxon fon Kaufman bilan shartnoma imzolaydi. Shartnomaga ko‘ra rus savdogarlari boj to‘lamasdan xonlikning istalgan shahrida savdo qilishi va mahsulot olib kirishi va olib chiqishi mumkin bo‘ladi.

Ikkinchi tarafdan esa Xudoyorxon shundoq ham og‘ir ahvolda yashayotgan xalqning gardaniga yuk bo‘lib tushadigan farmonlar imzolaydi. 1870-yillarning boshlarida xon uchun yangi O‘rda qurish haqidagi farmon shulardan biri edi. Farmonga ko‘ra butun mamlakatdan jalb qilinadigan ishchilar va hunarmandlar maosh olmasdan O‘rda qurilishi hasharida qatnashishi lozim edi.

1873 yilda O‘rda qurib bitkaziladi. Oradan birmuncha vaqt o‘tib soxta Po‘latxon boshchiligida xalq qo‘zg‘oloni boshlanadi. Xonning eng ishongan odamlari va ikki o‘g‘li Nasriddinbek hamda Muhammad Aminbeklar qo‘zg‘olonchilar tomoniga o‘tib ketadi.

Qo‘zg‘olonchilar Qo‘qonni egallagach Xudoyorxonning o‘g‘li Nasriddinbek xon deb e’lon qilinadi. 1875 yilda qo‘zg‘olonchilar tomonidan taxtdan ag‘darilgan Xudoyorxon ikki xotini, o‘g‘illari O‘rmonbek, Fansurullobek va Ibn Yaminbek hamda xos soqchilari hamrohligida Xo‘jandga qochadi. O‘sha paytda bu shahar ruslar tomonidan egallab olingan edi.

Bir haftadan oshiqroq Xo‘jandda turgan xon taxti o‘g‘li tomonidan egallab olinganini shu shaharda eshitadi. Shundan so‘ng uni fon Kaufman Toshkentga chaqirib oladi.

Taniqli olim Sharif Yusupovning «Xudoyorxon va Furqat» asarida yozilishicha, 1875 yil 5 avgust kuni «Turkestanskiye vedomosti» gazetasida shunday xabar beriladi:

«31 iyulda Mulla Abdukarim boshliq Qo‘qon elchilari Toshkentga kelishdi. Ular Xudoyorxondan g‘azabnok bo‘lgan qipchoqlar guruhi tomonidan Qo‘qonda saylangan yangi xondan maktub olib kelishgan. Yangi xon Xudoyorxonning katta o‘g‘li Nasriddin bo‘lib, otasi davrida Andijon bekligini boshqargan. Nasriddin 28 iyulda xon qilib saylangan va o‘sha zahotiyoq general-gubernatorga (fon Kaufmanga) maktub bilan ma’lum qilgan».

Akmal Akramning 1992 yil 14 aprelda Turkiston gazetasidagi maqolasida yozilishicha, oradan bir necha kun o‘tib fon Kaufman Xudoyorxonni qabul qiladi. General sobiq xonga Qo‘qonga qaytib borishi mumkin emasligini, shuning uchun Rossiyada qolib, qolgan umrini shod-xurramlikda o‘tkazishni maslahat beradi. Ammo Xudoyorxon bu taklifga ko‘nmaydi. Biroq taxtni umrbod qo‘ldan chiqarganini tushunib yetadi.

Xudoyorxon Orenburgda uy qamog‘ida

Xudoyorxon Qo‘qondan Toshkentga qochib kelganidan so‘ng Beshyog‘och dahasidagi Darxon mahallasida joylashgan hovlida yashaydi. Sobiq xonning Toshkentda yashashi rus istilochilari uchun xavfli edi.

Xudoyorxonning bir paytlar o‘zi boshqargan Toshkent va uning atrofidagi muzofotlarda obro‘si baland, istalgan paytda uning birgina ishorasi bilan xalq ruslarga qarshi ko‘tarilishi mumkin edi. Shu sababli fon Kaufman uni Orenburgga surgun qilish rejasini tuzadi.

Fon Kaufman bir necha bor xonning oldiga kelib u bilan suhbatlashadi. Suhbatlardan birida u Xudoyorxonga Sankt-Peterburgda imperator u bilan ko‘rishmoqchi ekani, shu uchun Rossiya poytaxtiga qarab yo‘lga chiqishi lozimligi haqida aytadi. Xudoyorxon rozi bo‘ladi va 1875 yilda Peterburgga qarab yo‘lga chiqadi.

Fon Kaufman xonni safarga yo‘llar ekan, Orenburg general-gubernatoriga uni to‘xtatib qolish va Qo‘qon xonligi zabt etilguncha uzoq muddat uy qamog‘ida saqlash haqida yozib yuboradi.

Shu bilan birga Xudoyorxon safarga jo‘nagandan bir necha kun o‘tib Kaufman Qo‘qonga qo‘shin yuboradi va qattiq janglardan so‘ng ruslar shaharni egallaydi. Bu paytda Xudoyorxon qozoq cho‘llari osha Orenburgga qarab ketayotgan edi.

Foto: Getty Images

Fon Kaufman avvaliga vassallik sharti bilan Nasriddinxonni o‘z o‘rnida qoldiradi. Keyin xon ko‘magida ruslarga qarshi bosh ko‘targan soxta Po‘latxonni yengib, uni asir oladi va dorga ostiradi. Oradan biroz o‘tib Skobelev boshchiligidagi rus qo‘shinlari Qo‘qonga qaytadan bostirib kiradi va Nasriddinxonni yiqitib xonlik tugatilganini e’lon qiladi.

Shundan so‘ng Nasriddinbek ham fon Kaufman oldiga qochib keladi. 1876 yilda general uni ham surgunga jo‘natadi va Qo‘qonning so‘nggi xoni Rossiyaning Vladimir shahrida vafot etadi.

Xudoyorxon Orenburgga kirib borganda uning general-gubernatori Nikolay Krijanovskiy edi. General Xudoyorxonni yaxshi kutib olib mehmon qiladi. O‘zi ham sobiq xonning mehmoni bo‘ladi. Rus generalining bu mehribonchiligi sababi biroz o‘tib ma’lum bo‘ladi – Krijanovskiy imperator Xudoyorxon bilan ko‘risha olmasligini ma’lum qiladi. Shu tariqa sobiq Qo‘qon xoni Orenburgda doimiy kuzatuv ostida yashashga majbur bo‘ladi.

Xudoyorxon Orenburgda tashqi dunyodan butunlay uzib qo‘yiladi. Shu sababli fon Kaufman tomonidan yuborilgan qo‘shin Qo‘qonni bosib olgani haqidagi xabar unga ancha kechikib yetib keladi. Ungacha esa Xudoyorxon Nasriddinxonga maktub yozib yuborgandi. Tabiiyki, sobiq xon maktubni yozgan paytida o‘g‘li Qo‘qon taxtidan ag‘darilganini bilmagan. Xonning fors tilida yozgan maktubi keyinchalik 1890 yilda «Turkiston viloyatining gazeti» gazetasida chop etiladi.

Maktubda Xudoyorxon o‘g‘lini taxtga o‘tirgani bilan tabriklaydi. Yana, o‘zi taxtda o‘tirgan paytida nafsiga qul bo‘lgan holda atrofidagi g‘arazgo‘y kimsalarning so‘zlariga kirganini, Xudo amrini va shariat yo‘lini ado etmay xato qilganini afsus-nadomatlar bilan bildiradi. Keyinchalik, Xudoyorxonning ushbu maktubi «Turkiston viloyatining gazeti» gazetasida chop etilgan vaqtda Nasriddinxon vafot etgan edi.

Oradan biroz o‘tib, o‘g‘lining taxtdan ag‘darilganini va mulki Rossiya imperiyasiga qo‘shib olinganini eshitgan xon Sankt-Peterburg safari tuzoq ekanini anglaydi.

Xudoyorxon Orenburgda yashagan paytida shahardagi ot bozoriga chiqib chiroyli otlarni sotib oladi va ularni parvarishlaydi. Sharif Yusupovning yozishicha Orenburgda Xudoyorxonning ot parvarishlashi gubernatorga yoqmaydi.

Krijanovskiy sobiq xon o‘z atrofiga tarafdorlarini yig‘ish uchun otlarni sotib olyapti degan gumonga boradi. Xudoyorxon yashab turgan uyga o‘g‘ri tushishini uyushtirib barcha otlarini olib ketishadi.

Xudoyorxon Orenburgda ikki yildan oshiqroq yashaydi va 1877 yilda hajga borishni niyat qilib, bu shahardan qochib ketadi. Ancha vaqtgacha xonning qayerga qochgani, taqdiri nima bo‘lgani noma’lumligicha qoladi.

Oradan qariyb sakkiz oy o‘tib, 1878 yil yozda «Turkiston viloyatining gazeti» gazetasida uning Orenburgdan qochib, Buxoro, turkman cho‘llari va Afg‘oniston orqali Eronga ketgani haqida kichik xabar beriladi.

Xudoyorxonning keyingi hayoti va vafoti

Xudoyorxon Orenburgdan qochar ekan, yurtiga emas, haj amalini bajarish uchun Arabistonga boradi. Makka sari yo‘lga chiqqan Xudoyorxon Arabistonga osonroq yetib borish imkoniyati bo‘lgan holda, yurish qiyin bo‘lgan Buxoro, turkman cho‘llari va Eron yo‘nalishi bo‘ylab ketadi. Aftidan u yana qo‘lga tushmaslik uchun Rossiya imperiyasi hududini aylanib o‘tgan. Yo‘llarda ham tanib qolishmasin deb Xudoyorxon qozoqcha kiyinib oladi.

1879 yilda, «Turkiston viloyatining gazeti»da sobiq xon haqida berilgan ilk xabardan to‘qqiz oy o‘tib shu gazetada Xudoyorxon Arabistonga, Makka shahriga hajga borib qaytayotgani, xabar chiqqan paytda uning Shom shahrida bo‘lib turgani haqida yana bir xabar beriladi.

Xudoyorxonning hayoti haqida tadqiqotlar olib borgan filologiya fanlari nomzodi Sobirjon Ibrohimov va manbashunos olim Fuzail Islomov (Fuzayl Islomov Xudoyorxonning o‘g‘li Fansurollobekning nevara kuyovi bo‘lgan – izoh Sharif Yusupovniki) sobiq xon hajdan qaytishda Bog‘dodda betob bo‘lgani va shu holida Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrigacha yetib kelib, shu yerda vafot etganini yozgan.

Sharif Yusupov ham o‘z asarida Xudoyorxon 1879 yilda Mozori Sharifda vafot etganini aytgan. Ammo bugun turli manbaalarda sobiq xonning vafoti 1882 , hatto 1884 yillar deb ham ko‘rsatilgan.

1894 yilda Xudoyorxonning ikkinchi o‘g‘li Muhammad Aminbek tomonidan «Turkiston viloyatining gazeti» gazetasida e’lon qilingan «Farg‘ona muzofotining xonlari xususidagi voqeotlar» asarida Xudoyorxonning Afg‘onistondagi Karrux degan joyda vafot etgani keltirilgan. Bu manzil Mozori-Sharifga yaqin joyda ekani aytiladi.

Xon hajdan qaytishi davomida fon Kaufmanga ikki marta maktub yozgan. Birinchi maktubini Istanbulda bo‘lgan vaqtida yozib yuboradi va Toshkentda qolgan farzandlariga e’tibor berishini so‘raydi. Biroq fon Kaufman uning maktubini e’tiborsiz qoldiradi.

Ikkinchi maktubida u fon Kaufmandan Toshkentga qaytib yashashi uchun izn so‘raydi. Fon Kaufman bu haqda Sankt-Peterburgga xabar berganda imperator xon qaytib kelsa unga tegmasliklarini buyuradi. Ammo Xudoyorxon hayotining so‘nggi kunlarigacha bu haqda bilmaydi.

Tarixchi Akmal Akramning yozishicha, Xudoyorxon Makkada ikki marta bo‘lgan. Sobiq xon musulmonlarning muqaddas shahriga  yetib borganida qo‘liga yara chiqadi. Makkadagi tabiblar yarani davolay olishmagach Xudoyorxon dengiz orqali Bombeyga keladi. Bu yerda yarani davolatib yana Makkaga qaytadi. So‘ng quruqlik orqali Turkistonga qarab yo‘lga chiqadi va Bog‘dodda betob bo‘lib, Mozori Sharifda vafot etadi.

Sharif Yusupov o‘z asarida xon 1879 yilning oxirrog‘ida vafot etgan deb ko‘rsatgan. Xudoyorxon vafot etganda milodiy hisobda 50 yoki 51, hijriy hisobda 52 yoki 53 yoshda bo‘lgan.

Xudoyorxon va Furqat

Taniqli o‘zbek shoiri Furqat 1859 yilda Qo‘qonda tug‘ilgan va yoshligi shu shaharda o‘tgan. Xudoyorxon taxtdan quvilganda u 15-16 yoshlarda bo‘lgan. Xudoyorxon Toshkentga qochganda Furqat Qo‘qondagi madrasa talabasi bo‘lgan. Oradan biroz o‘tib u ham Toshkentga ko‘chib o‘tgan.

Keyinchalik 1890 yilda Furqat Toshkentga ko‘chib o‘tgach Xudoyorxonning kenja o‘g‘li Fansurullobek bilan do‘st tutinadi.

Furqat safar qilish uchun xorij davlatlariga chiqib ketganida, keyinchalik Shinjondagi Yorkentga borib bu shaharda yashab qolganida ham Fansurullobek bilan o‘zaro maktub yozishib turadi.

Xonning kenja o‘g‘li juda ziyoli bo‘lgan va Ostroumov rahbarligida chiqqan «Turkiston viloyatining gazeti» gazetasiga maqolalar yozib turgan. Keyinchalik, 1906 yilda Munavvarqori Abdurashidxonov va Mahmudxo‘ja Behbudiy boshchiligidagi bir guruh jadidlar ilk o‘zbek gazetalaridan biri bo‘lgan «Xurshid» gazetasini chiqara boshlashganda tahririyat ishiga Fansurullobek ham jalb qilinadi. Gazetaning 10 soni dunyo yuzini ko‘rgach, u hukumat tomonidan yopib qo‘yiladi.

Xudoyorxon haqida yozilgan asarlar

Xudoyorxon Qo‘qon xonligini uzoq yillar boshqarar ekan, u haqda tirikligidayoq turli asarlar yozilgan. Sharif Yusupovning yozishicha, Niyoziy Ho‘qandiyning «Ilg‘or ahli qissasi», Mulla Qori Qunduziyning «Tavorixi manzuma», Mulla Avazmuhammad So‘fi Attorning «Tuhfatut tavorixi xon», Majhur Xo‘jandiyning «Tarixi Ho‘qand», Shavqiy Namangoniyning «Jangnomai Xudoyorxon», Abdulg‘afurning «Zafarnomai Xudoyorxon» singari asarlarda Xudoyorxon hayotining turli davrlari tasvirlangan.

Bundan tashqari, yana bir qator shoirlar xonga atab she’rlar yozgan. N.Ostroumovning eslashicha, Xudoyorxon Qo‘qondan Toshkentga qochgan paytdan boshlab, u vafot etgan payt va undan keyin ham Farg‘ona vodiysida hofizlar u haqda yozilgan g‘azallar va muxammaslarni kuyga solib aytishgan.

Turli shoirlarning Xudoyorxon haqidagi asarlaridan ta’sirlangan Furqat Toshkentda yashagan vaqtida «Muxammas Muhammad Xudoyorxon tilidan» nomli muxammasini yozadi va «Turkiston viloyatining gazeti» gazetasida chop ettiradi. Biroz o‘tib bu muxammasni Ostroumov yordamida rus tiliga tarjima qildirib Rossiya Arxeologiya jamiyati sharqshunoslik bo‘limining «Axboroti»da ham e’lon qiladi.

Sharif Yusupov Furqat bu muxammasni sal avval Xudoyorxonning o‘limiga atab yozilgan Mulla Siddiq Kotibning marsiya tarzida yozilgan muxammasidan ta’sirlanib yozgan deydi.

Musulmonlar, birodarlar, biza qaydog‘ zamon o‘ldi?

Xudoyorxondan ayrilduk, ani hajri yamon o‘ldi.

Tushib bizlarga kulfat, g‘ayri mardum shodmon o‘ldi,

Shariat bo‘stonin gulsitoniga xazon o‘ldi,

Bu hasratdin diyonatpesha ahli bag‘ri qon o‘ldi.

(Bu misralar Mulla Siddiq Kotibning Xudoyorxonga atab yozgan 100 qatorli muxammasining birinchi bandi).

Abdulla Qodiriy asarlarida Xudoyorxon

O‘zbek xalqining atoqli va buyuk yozuvchisi Abdulla Qodiriy o‘zining ikkita romanida ham Xudoyorxon hayotining ma’lum davrlarini tasvirlagan. «O‘tgan kunlar» romanida Xudoyorxonning yoshlik davri qisqaroq, «Mehrobdan chayon» romanida xonning 1865 yildan keyingi hayoti batafsilroq tasvirlangan.

«O‘tgan kunlar» romanida Xudoyorxonning taxtga endi o‘tirgan vaqtlari, Musulmonqulning saroydagi mavqei va xonning o‘rniga davlatni boshqarishi tasvirlangan. Romanning oxirrog‘ida esa Musulmonqul o‘ldirilgach qipchoqlarga qilingan qirg‘inlar tasvirlangan. Bular Xudoyorxonning birinchi xonlik davrida sodir bo‘lgan.

Qodiriyning ikkinchi romani «Mehrobdan chayon»da Xudoyorxonning 1865 yildan keyingi hayoti kengroq tasvirlangan. Romanda voqealar rivoji bevosita xonning hayoti bilan bog‘langan.

Ya’ni xon asar qahramoni bo‘lgan Anvarga unashtirib qo‘yilgan qiz - Ra’noga uylanmoqchi bo‘ladi. Anvar Ra’noni avvaliga Qo‘qonning o‘zida, tanishlarining uyiga yashiradi. Oxir-oqibat roman Anvarning o‘z xotinini olib ruslar qo‘l ostidagi Toshkentga qochib kelgani bilan yakunlanadi.

Adibning yozishicha u «Mehrobdan chayon» romanini yozishdan avval asarda tasvirlangan davr haqida ma’lumot yig‘ish uchun bir necha marta Qo‘qonga borgan. Xudoyorxonni yaqindan tanigan odamlarni topib ulardan turli ma’lumotlar olgan. Ana shulardan biri Xudoyorxonning haramida kanizak bo‘lgan Roziya oyim nomi bilan atalgan ayol edi.

Abdulla Qodiriy bu ayol bilan uchrashganda u 90 yoshlar atrofida bo‘lgan. Ayolning adibga bergan ma’lumotlariga ko‘ra ikki marta quvilib uchinchi marta qayta taxtga o‘tirgan Xudoyorxon jami 100 dan oshiq ayolga uylangan.

Islomda bir paytning o‘zida to‘rttaga uylanish mumkin. Xudoyorxon har gal nikohidagi xotinlardan biriga taloq qo‘yib, so‘ng boshqa qizga uylanavergan. Taloq qo‘yilgan qizlar otasinikiga jo‘natilmagan va kanizak (ayol qul) sifatida haramga tiqilgan.

«Shariatda to‘rttadan ortiqcha xotin olish yo‘qdur. Xudoyorning rasmiy nikohidagi xotini to‘rttadan oshmas, ya’ni yangi xotin oladirgan bo‘lsa, to‘rtinchi xotinini kanizlikka kechirib, o‘rniga yangisini qo‘yib turar edi», deb yozgan A.Qodiriy «Mehrobdan chayon»dagi jumlalardan biriga bergan izohida.

Xudoyorxon birinchi va ikkinchi marta taxtdan quvilganida uning haramidagi aksariyat ayollar qochib ketgan. Har gal taxtni qaytarib olgan xon yangidan yangi qizlarga uylanib, so‘ng talog‘ini berib haramdagi ayollar sonini ko‘paytiravergan.

Xonlikning yirik shaharlari va bekliklarida xonga qiz topib beruvchi maxsus ayollar ishlashgan va ular bu ish ortidan Xudoyorxondan mukofotlar olib turishgan. Roziya oyimning eslashicha Xudoyorxonning haramida vodiyning barcha shahar va bekliklaridan qizlar bo‘lgan.

«Mehrobdan chayon»da tasvirlangan Gulshan ana shunday ayollardan biri bo‘lgan. Asarda yozilishicha Gulshan ham Xudoyorxonning birinchi xonlik davrida unga turmushga chiqib, taxtdan quvilganda qochib ketgan kanizaklardan biri bo‘lgan.

Keyinchalik, XX asrda Xudoyorxon hayotini taniqli olim Sharif Yusupov, Akmal Akram, filologiya fanlari nomzodi Sobirjon Ibrohimov va manbashunos olim Fuzail Islomov va boshqalar o‘rganishgan. U haqda bir qator asarlar va maqolalar e’lon qilishgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid