O‘zbekiston | 17:33 / 21.11.2022
10523
2 daqiqa o‘qiladi

Birovning plastigini topib olgan opa-singil undagi qariyb 60 mln so‘mni yechib oldi

Bank plastik kartasiga juda oson parol qo‘yilgani qonunbuzarlarga qo‘l kelgani aytilmoqda.

Foto: AP

Tergov departamentining xabar berishicha, hodisa shu yil 8 noyabr kuni Toshkent shahrida sodir bo‘lgan. Poytaxtning Yunusobod tumanida yashovchi 21 yashar shaxs tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, 7 noyabr kuni unga tegishli bo‘lgan plastik kartadan 58 mln 984 ming so‘m pul noma’lum shaxs tomonidan yechib olinganligini ma’lum qilgan hamda ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

“Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida, ushbu jinoyat opa-singillar, 27 yoshli Z.D. va 18 yoshli Z.M.lar tomonidan sodir etilganligi aniqlangan”, deyiladi rasmiy xabarda.

Mazkur holat yuzasidan opa-singillarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b” va “g” bandlari (O‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

So‘roq paytida Z.D. plastik kartani o‘zi operator bo‘lib ishlaydigan “Malika” savdo majmuasidagi do‘konlarning biridan topib olganini, bu haqda singlisi Z.M.ga xabar berganini aytgan. So‘ngra ikkovlon birga bankomatga borishadi. Ayollar plastik kartaning himoya kodi so‘ralganda tavakkal qilib “7777” raqamini terishadi va parol mos keladi. Shu tariqa ular plastik kartadagi barcha pulni yechib olishadi.

Qayd etilishicha, ushbu jinoyat ayni paytda tergov qilinmoqda.

Tergov departamenti fuqarolarni bank plastik kartasiga oddiy parol ko‘ymaslik va jinoyatchilarning ishini osonlashtirmaslikka chaqirgan.

Avvalroq 16 yoshli maktab o‘quvchisi Telegram’da soxta avtokredit guruhi ochib, fuqaroning pulini o‘zlashtirgani ma’lum bo‘lgandi.

Qashqadaryoda talaba “foizsiz onlayn kredit” niqobi ostida fuqarolarning plastik kartasidagi pullarni yechib olgandi.

Mavzuga oid