Hukumat o‘ndan ortiq turdagi tovarlar importini kamaytirmoqchi
Tashqi savdo vazirligi “importni optimallashtirish” ustida ish olib boryapti. Ayrim tovarlar importi qisqartirilishi mumkin. Ro‘yxatda suv va ichimliklar, lok-bo‘yoq mahsulotlari, avtoehtiyot qismlar, shinalar, maishiy texnikalar va boshqalar bor.
O‘zbekiston investititsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev 24 sentabr kuni “importni optimallashtirish, tarmoqlararo va hududlararo sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish” bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan.
Yig‘ilishda mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish, O‘zbekistonda analoglari ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar importini kamaytirish masalalari ham muhokama qilingan.
Kun.uz Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligidan importi kamaytirilishi reja qilinayotgan mahsulotlar ro‘yxatini so‘radi.
Vazirlik matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu mahsulotlar qatorida suv va ichimliklar, lok-bo‘yoq mahsulotlari, yengil avtomobillar uchun ehtiyot qismlar, yig‘ma qurilish konstruksiyalari, markaziy isitish qozonlari, konditsionerlar, muzlatkichlar, o‘tkazgichlar, elektr isitkichlar va qoliplar ishlab chiqarish uchun tayyor bog‘lovchilar kabilar bor.
Vazirlikning tushuntirishicha, 2022 yilning yanvar-avgust oylarida import qilingan tovarlar o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga ko‘p. Yuqorida nomlari keltirilgan tovarlarning analoglari O‘zbekistonda ishlab chiqariladi.
Asoslantirish uchun taqdim etilgan ma’lumotlarni Kun.uz jadvalga soldi.
Bundan tashqari, vazirlik ma’lumotlarida markaziy isitish qozonlari, yig‘ma qurilish konstruksiyalari, konditsionerlar, muzlatkichlar, o‘tkazgichlar, elektr isitkichlar va boshqalarni olib kirish va boshqalar bilan ham xuddi shunday holat kuzatilgani qo‘shimcha qilingan.
Boshqa tovarlardan farqli o‘laroq, bu turdagi tovarlar bo‘yicha import ma’lumotlari va bozordagi ishlab chiqaruvchilar haqida ham ma’lumot berilmagan.
Vazirlik axborot xizmati import qaysi yo‘l bilan kamaytiriladi – kvotalar kiritiladimi yo mahalliylashtirish darajasini oshirish orqalimi degan savolimizga javob bermadi.
“Yaqinda bu borada tadbir bo‘ladi. Rahbariyatning aytishicha, hali qaror loyihalari tayyor emas ekan. Hozircha bu savollarga javob bera olmaymiz”, – deya ma’lum qildi vazirlik axborot xizmati vakili.
Shuningdek, importi cheklanadigan tovar bozorlarida raqobat qay darajada ekani ham tahlil qilinganmi, degan savolimiz bir oydan oshiqroq vaqtdan beri javobsiz qolmoqda.
Kun.uz importi kamaytirilishi reja qilingan tovarlar bozorlarida raqobat muhiti qandayligi borasida Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasiga savol bilan murojaat qildi. Qo‘mitaning javobi kutilmoqda.
Kvotalash urug‘i ekilgan
O‘zbekiston hukumati 2021 yilda importni cheklashning yangi shakli – kvotalash tartibini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, 2022 yilning 3 martidan import tovarlariga nisbatan tarif kvotalari qo‘llanishi mumkin. Tarif kvotalarining hajmi, amal qilish muddati, import bojxona bojining kvota doirasidagi va undan tashqari stavkalarini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Tarif kvotalarini mamlakatga olib kirilayotgan tovarlar uchun yillik (oylik yoki kvartallik) miqdoriy cheklovlar o‘rnatilishi deb tushunsa bo‘ladi.
O‘sha paytda iqtisodchilar bu tartib savdoni cheklashning yangi instrumenti ekani va bundan eng ko‘p kambag‘al qatlam zarar ko‘rishini aytgan edi.
“Bir vazirlik belgilangan kvota miqdorini import qiluvchilarga bo‘lib beradi. Boshqacha aytganda, hukumat kimga import qilish huquqini berishni o‘zi hal qiladi. Bu esa o‘z-o‘zidan nafaqat biz kabi, balki istalgan davlatda korrupsiyaning yanada avj olishga sabab bo‘ladi”, – degandi Mirkomil Xolboyev.
“Deyarli 30 yildan beri JSTga kira olmadik, dunyo bozoridan keskin uzilgan va “mahalliy bozorni muhofazalash” bilan shug‘ullanib kelmoqdamiz. Shuncha paytdan beri bu savdo falsafasi o‘zini na bizda, na bir boshqa joyda oqlagan”, – deya ta’kidlagan Behzod Hoshimov.
“Ichki ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadi ortida aslida ichkaridagi bir guruh favoritlarni qo‘llash yotadi”, – deya fikr bildirgandi Otabek Bakirov.
Sobiq investititsiyalar va tashqi savdo vaziri, ayni paytda Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov bu barcha tovarlar uchun tarif kvotasi joriy qilinishini anglatmasligini aytgandi.
“Bu – barcha davlatlarda bor bo‘lgan mexanizm. Buni noto‘g‘ri tushunish kerak emas. Hamma mahsulotga kvota qilinadi, faqat tanish-bilishga beriladi, monopoliyaga beriladi, degan narsa yo‘q”, – degandi Umrzoqov.
Unga javoban, iqtisodchi Mirkomil Xolboyev “yomon tajribani ko‘chirish shart emas”ligini aytgandi.
O‘zbekistonga savdo to‘siqlarini olib tashlashi kerakligi yana eslatildi
3-4 noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston iqtisodiy forumida Jahon banki ekspertlari JSTga a’zolik masalalari muhokamasida yana savdoga to‘siqlarni olib tashlash kerakligini eslatdi.
“Proteksionizm siyosati haqida gapirsak, qaysidir sanoatni himoya qilsak, boshqa tarmoqlarni rivojlantirishdan to‘samiz”, – dedi Jahon bankining savdo va mintaqaviy integratsiya amaliyoti menejyeri Antonio Nutsifora.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun 1994 yilda ariza bergan.
Madina Ochilova tayyorladi.
Mavzuga oid
14:30 / 01.10.2024
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Saudiya investitsiyalar vaziri bilan muzokara o‘tkazdi
20:33 / 07.09.2024
BYD Seagull O‘zbekistonda Xitoydagi narxidan 4300 dollar qimmat sotiladi
14:29 / 20.08.2024
«Bundan buyon hech kimda alohida huquq bo‘lmaydi» – prezident teng raqobat va JSTga kirish haqida
21:12 / 19.08.2024