Jahon | 08:04 / 23.11.2022
16388
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya muzeyidan millionlab yevrolik oltin tangalar o‘g‘irlab ketildi

O‘g‘rilar 1999 yilda topilgan butun xazinani, Bavariyadagi Keltlar-Rim muzeyining asosiy qiymati - miloddan avvalgi 100 yillarga oid 483 ta oltin tangani o‘g‘irlab ketishdi.

Foto: Mößbauer/Wikimedia

Noma’lum o‘g‘rilar Bavariyaning Manxing shahridagi Kelt-Rim muzeyiga kirishga muvaffaq bo‘lishdi va u yerdan eng qimmatli eksponat – qiymati ko‘p million yevroga baholangan 483 dona oltin tangani o‘g‘irlab ketishdi, deb xabar berdi 22 noyabr, seshanba kuni Bavariya jinoiy ishlar bo‘yicha yer boshqarmasi vakili.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, gap 20-asrda topilgan keltlarning eng katta oltin xazinasi haqida bormoqda. Umumiy og‘irligi taxminan 4 kg bo‘lgan tangalar 1999 yilda Rim imperiyasi davridagi Keltlar qal’asi bo‘lgan Manxing oppidasi deb ataladigan qazishmalarda topilgan.

«Keltlar xazinasining yo‘qotilishi falokat, oltin tangalar esa tariximizning dalili sifatida almashtirib bo‘lmaydigan narsadir», dedi Bavariya fan va san’at bo‘yicha davlat vaziri Markus Blyume.

Manxing oppidasidagi qazishmalar avval ham jinoyat olamining e’tiborini tortgan. Faqat shu yilning may oyida noma’lum «qora arxeologlar» uning hududida 140 ta noqonuniy qazishmani amalga oshirdi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, jinoyatchilar haqiqiy arxeologlarda dam olish kunlari bo‘lgan paytda, tuproq zondlari yordamida keltlar davri obektlarini qidirgan. Ular nimanidir topib, olib chiqishga muvaffaq bo‘lganmi yoki yo‘qmi, bu noma’lum.

Biroq, o‘g‘rilar bir necha bor Germaniyadagi eng qimmatli muzey eksponatlarini olib chiqishga muvaffaq bo‘lishgan. 2019 yilda Germaniyaning eng mashhur muzeylaridan biri bo‘lgan Drezdendagi "Yashil to‘plam"dan bir milliard yevrolik antiqa san’at asarlari va zargarlik buyumlari o‘g‘irlab ketildi. 2022 yil yanvar oyida olti nafar ayblanuvchi sudga tortildi, biroq zargarlik buyumlari qayerda ekanligi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

2017 yilning mart oyida Berlindagi Bode muzeyidan Britaniya qirolichasi Yelizaveta II tasviri tushirilgan «Katta zarang bargi» deb nomlangan 100 kilogrammlik oltin tanga o‘g‘irlab ketilgan edi. Tanganing qiymati 3,75 million yevroga baholanmoqda. Oxir-oqibat jinoyatchilar qo‘lga olindi, tanganing o‘zi topilmadi.

Mavzuga oid