O‘zbekiston | 15:04 / 23.11.2022
55358
9 daqiqa o‘qiladi

Yangisi qurilmasdan, bori yo‘q qilinmoqda: Toshkentda 3 ta yirik onko-shifoxonalar yer maydoni bilan sotuvga qo‘yildi

Umumiy 17 gektar maydonga ega, bino-inshootlari bilan sotib yuborilayotgan kasalxonalar Toshkentning markaziy va xaridorgir nuqtalarida joylashgan. Sotish haqidagi hukumat qarori ochiq manbalarda yo‘q. Bu jarayonlar mamlakatda yiliga 1 300 kishi onkologik xastalikka chalinayotgan bir vaqtda sodir bo‘lmoqda.

Poytaxtda biryo‘la uchta kasalxona – Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning Toshkent shahar va Toshkent viloyati filiallari bino-inshootlari bilan auksion savdolariga chiqarildi.

9,4 gektar maydonni egallagan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi 281 mlrd 784 mln so‘m, markazning 4,6 gektar maydonda joylashgan Toshkent shahar filiali 160 mlrd 557 mln so‘m hamda markazning 2,6 gektarli Toshkent viloyati filiali 92 mlrd 94 mln so‘m boshlang‘ich bahoda sotuvga qo‘yilgan. Uchala obekt bo‘yicha ham savdolar 2022 yilning 12 dekabr kuni narxi oshib borish tartibida o‘tkaziladi.

Shifoxonalarning auksion savdolariga qo‘yilgani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Sog‘liqni saqlash vazirligi izoh berdi. Unda bildirilishicha, Olmazor tumanida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi birlashgan kompleksi barpo etilmoqda. Sotuvga chiqarilgan onkologiya shifoxonalari ana shu yagona unikal kompleksga birlashtiriladi.

Sotuvdan tushgan mablag‘ esa mazkur kompleksning qurilish xarajatlariga yo‘naltiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining izohida yangi qurilayotgan kompleks 8 qavatli bo‘lishi, unda 17 ta yangi klinik bo‘lim faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanishi, 16 ta reanimatsion va operatsion xonalar eng so‘nggi texnologiyalar bilan ta’minlanishi, 9 ta bunkerdan iborat radioterapiya arsenali ishga tushirilishi ham ta’kidlab o‘tilgan.

Yangi kompleks 2023 yilning may oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Vazirlik yangi kompleks ishga tushganidan so‘ng ikki oy davomida muassasalardagi bemorlar va zarur uskunalarni ko‘chirish ishlari olib borilishi hamda auksionda g‘olib bo‘lgan tadbirkorga ko‘chish ishlari to‘liq amalga oshmaguncha bu yerda hech qanday qurilish ishlarini amalga oshirmaslik majburiyati yuklanishi aytilmoqda.

Sotuvga qo‘yilgan shifoxonalar Toshkent shahrining markaziy va yeri xaridorgir nuqtalarida joylashgan. Masalan, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Shayxontohur tumanida, markazning Toshkent shahar filiali Chilonzor tumanida joylashgan bo‘lib, bu manzillarda 1 sotix yer bozorda 35 mingdan 100 ming dollargacha baholanmoqda. Ammo sotuvga chiqarilgan kasalxonalarning 1 sotix yer maydoni boshlang‘ich narxi bo‘yicha joriy kursda 27-31 ming dollarga to‘g‘ri kelyapti.

Yangi qurilishi aytilayotgan kompleks Olmazor tumanining Shifokorlar ko‘chasida bo‘ladi. Bu manzil esa Toshkentning eng chekka hududlaridan hisoblanadi.

Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi qurilayotgan yangi kompleksda 650 ta statsionar va 100 ta kunduzgi statsionar o‘rin bo‘lishini ma’lum qilgan. Ayni paytda esa Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 370, uning Toshkent shahar filialida 226, Toshkent viloyati filialida 240 ta o‘rin bor – uchalasini qo‘shganda 836 ta o‘rin, ya’ni yangi kompleksdagidan 86 taga ko‘p.

Qolaversa, shuncha bemorni bir joyda yig‘ish bemorlar uchun ham, tibbiyot xodimlari uchun ham qator noqulayliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Qolaversa, respublikada bolalar o‘rtasida gematologik va onkologik kasalliklar bilan kasallanish ko‘rsatkichi ortib bormoqda. Ushbu kasalliklardan bolalar o‘limi ko‘rsatkichi har 100 ming bolaga nisbatan 9,2 ni tashkil etib, jarohatlanishdan (travmatizm va baxtsiz hodisalar) keyin 2-o‘rinda turadi.

O‘zbekistonda yiliga o‘rta hisobda 1 300 nafargacha 0–18 yoshli bolalarda gematologik va onkologik kasalliklar birinchi bor qayd etilib, jami kasallanganlar soni 100 ming bolaga nisbatan 7,5 nafarni tashkil etmoqda. Bu raqamlar shifoxonalarni kamaytirish, birlashtirish emas, borlarini ham saqlab qolgan holda yangi imkoniyatlarni ishga solishni taqozo etadi.

Eng muhimi, onko-shifoxonalarning sotuvga qo‘yilishi yangi kompleksning qurilishi uchun mablag‘ “topish” bilan emas, ushbu yerlarni maksimal darajada tezroq xususiylashtirib olishga intilish bilan bog‘liq. Negaki, prezidentning tegishli qarori bilan 2018-2020 yillarda markaz va uning Toshkent shahar va Toshkent viloyati filiallarida yangi korpuslar qurish, ayrimlarini rekonstruksiya qilish belgilangan.

O‘sha qaror ilovasiga ko‘ra, 2018-2019 yillar davomida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida statsionar va eksperimental onkologik ilmiy laboratoriyasi bilan birgalikda radioterapevtik bo‘limning ikki qavatli binosini, umumiy maydoni kamida 700 metr kvadrat bo‘lgan pozitron-emission tomografiya uchun bir qavatli korpus, umumiy maydoni 1 384 metr kvadrat va 1 213 metr kvadrat bo‘lgan oziq-ovqat bloki va kirxona binolari qurish, shuningdek, xollini qo‘shimcha ravishda qurgan holda markaz asosiy binosining davolash korpusini hamda maslahat poliklinikasi va umumiy xirurgiya bo‘limida vivar bilan birgalikda sobiq zavod korpusini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 2019 yilda markazning Toshkent viloyati filialida umumiy maydoni 500 metr kvadrat bo‘lgan operatsiya blokini hamda 2020 yilda markazning Toshkent shahar filiali patomorfologiya bo‘limi uchun umumiy maydoni 700 metr kvadrat bo‘lgan bino qurish rejalashtirilgan.

 

2019 yilning iyul oyida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi, zamonaviy Konsultativ-diagnostika poliklinikasi binosi foydalanishga topshirilgan. Mazkur qurilish uchun Investitsiya dasturi asosida 3 qavatli bino rekonstruksiyadan chiqarilib, old qismida 2 qavatli xoll qurilgan.

Shu o‘rinda, sotib yuborilar ekan, nega milliardlab davlat mablag‘lari sarflanib, bu ishlar amalga oshirildi, degan savol tug‘iladi. Shuningdek, 2021 yilning may oyida Shavkat Mirziyoyev Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurganida aynan shifoxonalarni sotib emas, markazning hozirgi imkoniyatlari yetarli emasligini ta’kidlab, yangi binolarini barpo etish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Bundan tashqari, Prezidentning 2021 yil 27 maydagi «Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorida Sog‘liqni saqlash, Moliya va Qurilish vazirliklariga hamda Toshkent shahar hokimligiga 2021 yil 1 sentabrga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo‘sh turgan hududida zamonaviy yangi bino-inshootlar kompleksini qurish va jihozlash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish vazifasi topshirilgan.

Ammo mazkur qarorda markaz hamda uning Toshkent shahar va Toshkent viloyati filiallari bino-inshootlarini sotuvga chiqarish bo‘yicha hech qanday gap yo‘q. Ammo hali yangi markaz qurib foydalanishga topshirilmasdan, bemorlar u yerga ko‘chirib o‘tkazilmasdan shifoxonalar joylashgan yerlar sotuvga chiqarilmoqda.

Shuningdek, prezidentning yuqoridagi qarorida Moliya vazirligiga onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun davlat budjetidan 2021 yilda qo‘shimcha 60 mlrd so‘m hamda 2022 yildan boshlab 125 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘ ajratilishini ta’minlash yuklatilgan. Ya’ni, markazning qurilish ishlari qaysi manba va mablag‘lar hisobidan olib borilishi belgilab berilmagan.

O‘z-o‘zidan tushunarliki, hokim-u vazirlar masalani «sopini o‘zidan chiqarish» bilan hal etishmoqchi, shunda ham foyda bilan albatta. Bunday harakat – shifoxonalar yerlarining sotib yuborilishi o‘zi shundoq ham «xasta» bo‘lgan tibbiyotimizni «falaj» holga keltirib qo‘yishi hech gap emas. Pandemiyaning dahshatli kunlari – shifoxonalarda o‘rinlar yetishmasdan hatto omborxonalar va boshqa obektlar kovid-markazlarga aylantirilgani achchiq saboq bo‘lmas ekan, sohada sezilarli o‘zgarish bo‘lishi qiyin.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri

P.S. Maqolaning dastlabki talqinida sotuvga qo‘yilgan yerlarning boshlang‘ich bahosi 1 sotix uchun 3-4 ming dollarga to‘g‘ri kelishi haqidagi ma’lumot noto‘g‘ri hisob-kitob asosida keltirilgan. Bu xato Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy munosabatidan keyin tuzatildi.

Mavzuga oid