Vazir o‘rinbosari: Onkologiya kompleksini qurish yopiq qaror bilan Mimar Group'ga topshirilgan
Milliardlab so‘mlik qurilishlarni tendersiz olishi ortidan “tanilgan” va hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqador ko‘rilgan “Mimar Group” MChJ birlashgan onkologiya kompleksi qurilishini ham qo‘lga kiritgan. Bu yirik davlat buyurtmasi kompaniyaga Vazirlar Mahkamasining yopiq qarori bilan berilgan. Bu kompleksga Toshkentdagi uchta onko-shifoxona ko‘chib o‘tadi, hozir ular joylashgan yerlar esa sotib yuboriladi.
Kun.uz poytaxtda biryo‘la uchta kasalxona – Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning Toshkent shahar va Toshkent viloyati filiallari bino-inshootlari bilan auksion savdolariga chiqarilganiga e’tibor qaratgandi. Maqola e’lon qilingach, bu masala yuzasidan press-tur o‘tkazildi.
Press-turda sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov uchta onkologik shifoxonani yagona kompleksga birlashtirib, yangi bino qurish ishlari Vazirlar Mahkamasining yopiq qarori asosida “Mimar Group” MChJga berilganini ma’lum qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.
Inoyatovga ko‘ra, kompleks qurilishi uchun 600 mlrd so‘m (taqriban 53,3 mln dollar) ajratilgan. Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi kompleksni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlashga 80 mln dollar ajratilayotganini ma’lum qilgandi. Vazirlikka ko‘ra, yangi majmua 2023 yil may oyida ishga tushiriladi.
Mimar Group so‘nggi vaqtlarda qurilish va ta’mirlash bo‘yicha Toshkentda ko‘plab davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritib kelmoqda.
Shu yil boshida Kun.uz sayti mazkur kompaniya rahbari bo‘lgan Dilmurod G‘oyipov Speedway Line nomli boshqa bir kompaniyaning egalaridan biri ekani, bu firmaning yuridik manzili va telefon raqami Artel kompaniyasiniki bilan bir xil, elektron pochtasi esa Artel kompaniyasining rasmiy sayti – artelgroup.org domenida joylashgani haqida yozgandi.
2019 yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev egalik qilgan Dream Production kompaniyasini Dilmurod G‘oyipov boshqargan.
Davlat reyestrida bugun, 25 noyabr holatiga Mimar Group'ning rahbari sifatida Davronov Feruzbek G‘ulomjonovich, ta’sischilari sifatida G‘aniyev Alisher Abdubasitovich (57,9%) va Yaminov Kozimbek O‘tkirovich (42,1%) ko‘rsatilgan.
Mavzuga oid
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
20:44 / 06.11.2024