«Yil imomi – 2022» tanlovi g‘oliblariga Haj va Umra yo‘llanmasi berildi
29 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi imom-xatiblar o‘rtasida «Yil imomi – 2022» ko‘rik tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Finalda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bosqichlar g‘oliblari tafsir, aqoid, fiqh, islom tarixi, hadis ilmlariga doir savollarga javob berdi hamda o‘z faoliyati davomidagi ishlarini taqdim qilishdi.
Idora matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tanlov yakunlari bo‘yicha, 1-o‘rin Andijon shahridagi «G‘ishtli» jome masjidi imom-xatibi Botirjon Tojiboyevga nasib qilgan. Unga I darajali diplom va Haj safari yo‘llanmasi berildi.
2-o‘rin sohibi Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi «Eshon bobo» jome masjidi imom-xatibi Ibodulla Usmonovga II darajali diplom va Umra safari yo‘llanmasi topshirildi. Tanlovda 3-o‘rinni egallagan Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi «Islom Nuri» jome masjidi imom-xatibi Ahadxon Sobirovga III darajali diplom va 10,5 million so‘m pul mukofoti topshirildi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 2 116 ta masjid faoliyat yuritmoqda. 2022 yilning o‘zida 12 ta yangi masjid davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, shuningdek ayni kunlarda 325 ta masjid qaytadan qurilmoqda.