O‘zbekiston | 16:50 / 01.12.2022
19711
12 daqiqa o‘qiladi

“Yuksaklik sari tasodif bo‘lmagan 100ta uchrashuv” – yetti kasb egasidan hayotiy saboqlar haqida kitob

Foto: Otabek Mahkamov

“Hayotimdagi 100 uchrashuvning hech biri tasodifiy emas. Men, kitobimda, 52 davlatga sayohat qilganimda, Sayyoramizning eng muvaffaqiyatli insonlari bilan bo‘lib o‘tgan har bir tanishuvni, iqtiboslar va tarixiy faktlar orqali tahlil etishga harakat qildim”. “Yuksaklik sari tasodif bo‘lmagan 100ta uchrashuv” kitobi muallifi Otabek Mahkamov 100 ta qahramondan olingan hayotiy saboqlar kitob yozishga sabab bo‘lganini aytadi.

Kitobdagi har bir uchrashuv – eksklyuziv

Har bir insonda taqdirini o‘zgartirib yuboruvchi va kelgusi hayot yo‘lini belgilab beruvchi uchrashuvlar bo‘ladi. Mening omadim shunda bo‘lsa kerakki, umr yo‘limda butun boshli kitobga jamlasa bo‘ladigan ko‘plab ana shunday tarixiy uchrashuvlar yuz bergan. Buning sabablaridan biri — yuristlik va o‘qituvchilikdan tortib aktyorlik, jurnalistlik, teleboshlovchilik, blogerlik hamda motivator notiqlikka qadar bo‘lgan kasbiy faoliyatim bo‘lsa kerak deb uylayman.

Ushbu kitob qahramonlari orasida Hillari Klinton, Gordon Ramzi, Antonio Banderas, Devid Kopperfild, Enrike Iglesias, Farrux Zokirov, Deniyel Reddkliff kabi mashhur insonlar hamda dunyo miqyosidagi yulduz bo‘lmasa-da, ko‘pchilikka taniqli shaxslar bor. Ushbu kitob orqali men kitobxonga ilk daqiqalardanoq suhbatdoshining e’tiborini jalb etish, uning yangi, ba’zan kutilmagan jihatlarini ochib berish qobiliyatini shakllantirish haqida yozganman. Shu boisdan mazkur kitobda jamlangan tasodifiy bo‘lmagan har bir uchrashuvning o‘ziga xos qiziqarli va eksklyuziv tarixi bor.

37 yillik hayotim davomida naq uch siyosiy-ijtimoiy tuzumni boshdan kechirishga ulgurdim: sotsializmda tug‘ildim, qayta qurish davrida ulg‘aydim, ayni damda esa kapitalistik jamiyat, ya’ni Nyu-York shahrida ijod bilan shug‘ullanmoqdaman. So‘nggi 19 yilda dunyoning ellikdan ziyod mamlakatida bo‘lib, AQSh va Buyuk Britaniyada doimiy tarzda istiqomat qilganimda yuzlab ekstraordinar, ta’bir joiz bo‘lsa, asrlarga tatigulik shaxslar bilan tanishdim. Aslo tasodif deb bo‘lmaydigan o‘sha uchrashuvlar haqidagi xotiralarim kitobimda jamlandi.

Kitobni yozishga uchta sabab

Bunday motivatsion kitob yozishga harakat 18 yil oldin boshlangan, lekin bu ishni amalga oshirishga, umuman vaqt bo‘lmagan. Koronavirus pandemiyasi boshlanganida men pandemiyaning episentri — Nyu-Yorkda istiqomat qilar edim va bildimki, vaqtim yetarlicha bo‘lar ekan, chunki AQSh va ko‘plab davlatlar lokdaunga kirib ketishdi. Asosiy sabablar esa 3ta.

Birinchisi, O‘zbekiston yoshlariga haqiqiy motivatsiyani berib, chet tillarini va hech bo‘lmaganda ingliz tilini o‘rganishlariga ilhom berish, chunki fikrimcha, bular — muvaffaqiyatli shaxs bo‘lishning sirlaridan biri.

Ikkinchisi, yoshlarimiz informatsion lo‘ttibozlarning gapiga kirib, ularning ma’ruzalariga katta pul ishlatib, natijada kerakli bilimga ega bo‘lmasliklariga yo‘l qo‘ymaslik.

Uchinchisi, bu kitob oxirgi 18 yil davomidagi hayotiy hamda ijodiy hisobotim.

Dardlar, quvonchlar, fojialar, yo‘qotishlar va g‘alabalari haqidagi kitob

Bu kitobni samimiyat bilan yozishga harakat qilganman. U hayot, uning dardlari, quvonchlari, fojialari, yo‘qotishlari va g‘alabalari haqida. Uni sotib olishga esa 3 ta sabab bor deb o‘ylayman.

Birinchisi, ushbu kitob orqali kitobxon barcha zamon va xalqlarga xos hazil-mutoyiba, teran mulohazalar, o‘tkir mushohadalar, tarixiy misollar hamda ko‘plab hikmatli so‘zlarni o‘qib o‘ziga kerak bo‘lgan xulosani chiqarishi mumkin.

Ikkinchisi, kitobxon bu asarni o‘qib bo‘lgach, haqiqiy motivatsion trener hamda info-lo‘lilikning o‘rtasidagi farqni aniq bilib olishi mumkin.

Uchinchisi, kitobim birdan uch tilda: rus, o‘zbek va ingliz tillarida yozilgan. Bu tanlov ham tasodifiy emas. Gap shundaki, o‘zbek va rus tillari – mening ona tillarim, ingliz zabonini bilishim esa ko‘plab taniqli shaxslar bilan erkin muloqotda bo‘lishga qo‘l kelgan.

Bu degani, agarda kitobxon chet tillarini haligacha o‘rganishni boshlamagan bo‘lsa, demak, ularning, hayotda muhimligini tushunib yetib, o‘rganishni boshlashi mumkin. Bu borada angliyalik psixolingvist, “Bolalar o‘qib o‘qishni o‘rganadilar” konsepsiyasining muallifi Frenk Smit shunday degan edilar: “Bitta til sizni hayot koridoriga yetaklab boradi. Ikkita til esa bu yo‘ldagi barcha eshiklarni ochib beradi”.

Kitobimdagi har bir qahramonim bilan muloqot qilar ekanman, ularni noyob va o‘z sohasida tengsiz professionalga aylantirgan sir-sinoatlarni anglashni, shaxsiy muvaffaqiyatlarim cho‘qqisiga ko‘tarilishda ulardan foydalanish imkoniyatlarini sarhisob etishni maqsad qildim. Yashirmayman, men uchrashgan ba’zi mashhurlar orasida nihoyatda hafsalamni pir qilganlari ham bo‘ldi. XVIII asr o‘rtalarida shveysariyalik faylasuf Iogann Georg Tsimmerman aynan shu kabi holatlarni nazarda tutib bunday yozgan edi: “Shon-shuhrat qasrida har doim badavlat ahmoqlar, bezor qiluvchi muttahamlar va inson zotidan tarqalgan jallodlarni topish mumkin bo‘lgan tokchalar ham bor”. Biroq men shunday vaziyatlarda ham saboq chiqarish, ya’ni “odobni odobsizdan o‘rganish”ni ma’qul ko‘rdim. Shu tariqa kitobimga antik davr faylasufi Suqrotning ushbu so‘zlarni shior o‘laroq tanladim: “Hech kim senga do‘st emas, hech kim senga dushman emas, lekin har bir inson sen uchun muallimdir”.

Bu kitobni yozishimning maqsadlaridan biri, xar qanday, hatto eng og‘ir vaziyatlarda, yaqinlarimizdan judo bo‘lganda ham Xudoga suyanishimiz, ojiz banda ekanimizni hargiz esdan chiqarmasligimiz kerakligini kitobxonga yetkazish. Biz Qodir Alloh in’om etgan noyob xislatimizni anglab, o‘z oldimizga ulkan maqsadlar qo‘ygan holda ilhom va ishtiyoq bilan o‘sha marra-manzil sari olg‘a bormog‘imiz darkor.

Kitob sahifalarida jahon yulduzlari qatorida faqat o‘z mamlakatida muvaffaqiyat qozongan arboblar, shuningdek, menga eng yaqin bo‘lgan insonlar – onajonim va buvijonim haqida ham o‘qishingiz mumkin. Alohida ta’kidlashni istardimki, qayerda va qanday oilada tug‘ilganidan qat’i nazar, har bir odam bamisoli buyuk bir Koinotdir. O‘zimning kamtarona aktyorlik, yuristlik va telejurnalistlik tajribamga suyanib aytadigan bo‘lsam, oldimizga oliyjanob maqsad qo‘yish, bor kuch-g‘ayratimizni ishga solish, vaqtni to‘g‘ri tasarruf etish orqali har birimiz jamiyatda o‘zimizning munosib o‘rnimizni topishimiz mumkin. Bizga omonat o‘laroq berilgan har bir kunni o‘zimiz va boshqalarga bir qatra bo‘lsa-da quvonch ulashishga bag‘ishlashimiz, eng qorong‘i-zimiston damlarda ham umid nurini ko‘ra olishimiz kerak. Shunga ko‘ra, kitobimning ikkinchi shiori sifatida adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Jorj Bernard Shouning ushbu so‘zlarini tanladim: “Optimistlar samolyotni, pessimistlar esa parashyutni ixtiro qilganlar”. 

Bu kitob taqdimotlari qayerlarda o‘tkazildi?

Kitob taqdimoti shu yilning may oyida Toshkent shahridagi INHA universiteti hamda Milliy kutubxonamizda, keyin esa Yoshlar ishlari agentligining direktori Alisher Sa’dullayev yordamida O‘zbekistonning ko‘plab oliy o‘quv yurtlarda va yurtimizning har bir viloyatida, Andijondan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasining poytaxti Nukus shahrida bo‘lib o‘tdi. Keyin esa ushbu taqdimotlarni chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun ham o‘tkazdim, xususan: sentabr oyida Turkiyaning Istanbul shahrida hamda AQShning Nyu-York, Tsinsinati va Orlando shaharlarining kutubxonalarida. Rejamiz bo‘yicha dekabr oyida Gollivudda, ya’ni Los-Andjyeles shahri, Kaliforniya shtatida hamda keyingi yilning yanvar oyida Yaponiyaning Tokio va Koreyaning Seul shaharlarida ham taqdimotlar o‘tkazilib, navbat Yevropa davlatlariga o‘tib ketadi.

Bu kitob o‘quvchiga nima beradi?

O‘z vaqtini kadrlab “taymmenejment” kabi fanni o‘rganib, barcha ishlarga oilaga e’tiborni kamaytirmagan holda o‘z vaqtini to‘g‘ri taqsimlash. Odamlar bilan muomalaning muhimligi, hech qachon kibrga berilmaslik, bu haqda ingliz diplomati, Chesterfildning 4-grafi Filip Stenxop shunday degan edi: “Tarbiyali inson o‘zidan quyi turuvchilar bilan kibr-u havosiz, o‘zidan yuqori turuvchi shaxslar bilan esa hurmatni saqlagan holda, erkin gaplasha oladi”. Bundan tashqari, to‘g‘ri kasb tanlab, kasbiy eksperimentlar qilishdan qo‘rqmaslik. Chunki shu kungacha yuqorida aytib o‘tganimday, 10 ta kasbda faoliyat ko‘rsatib kelmoqdaman. Bu borada qadimgi Xitoy faylasufi Konfutsiyning gaplari hayotimning shiorlaridan biri, ya’ni: “Agarda, sevgan kasbingni tanlagan bo‘lsang, hayoting davomida bir kun ham ishlamaysan”. Aytgancha, men shu kungacha bir daqiqa ham ishlaganim yo‘q.

Kitob sotuvidan tushadigan mablag‘ oqqon xastaligiga chalingan bolalar uchun ajratiladi

Onamni yo‘qotganimdan keyin 25 ta besseller muallifi Jodi Pikoltning so‘zlari qanchalik haqiqat ekanligini angladim: “Yig‘lash uchun eng qulay joy — ona quchog‘i”. Bilasizmi, 2008 yilda onam Ra’no Mahkamova saraton kasalligi natijasida 49 yoshda bu yorug‘ dunyoni tark etganlaridan keyin men O‘zbekiston Respublikasi Gematologiya va Onkologiya markazining bolalar bo‘limidagi bolajonlarning dorilarini va ularga kerakli bo‘lgan narsalarni olib berish bilan shug‘ullanaman. Kitobimga ketgan xarajat juda ham katta bo‘lganligi sababli bu xarajat qoplanishini kutib o‘tirgim kelmadi va katta taqdimotlarning oxirida xayriya auksionlarni o‘tkazib, tushgan pulga albumin dorisini hamda trombokonsentratlar uchun sarf qilinadigan anjomlar va barcha kerakli dorilarni sotib olib, bolajonlarning qo‘llariga topshiramiz. Shu kungacha leykoz kasaliga duchor bo‘lib, dori-darmon olishga qiynalgan bolajonlar uchun 16 000 AQSh dollariga yuqoridagi dori va uskunalarni olib berdik. AQSh, Turkiya, Yaponiya va Koreyada o‘tkazilgan hamda o‘tkiziladigan taqdimotlarimizdan, mening taxminim bo‘yicha, yana minimum 18 000 AQSh dollar yig‘ilgach, Ramazon Hayitiga Gematologiya va Onkologiya markazidagi eng og‘ir ahvoldagi bolajonlarimizga kerakli dori-darmonlarni olib berish niyatim bor.

Umid qilamanki, adabiyot sohasidagi ilk tajribam kitobxonlarga ma’qul keladi. Ishonchim komilki, bu kitob ham ularning motivatsiyasini oshiradi va ulug‘vor maqsadlariga erishishda ko‘makchi bo‘ladi. Bu borada amerikalik motivator notiq Les Braun shunday degan edi: “Oyni mo‘ljal qiling... Garchi ko‘zlangan marraga yetolmasangiz ham, hech bo‘lmasa, yulduzlar orasida bo‘lasiz”.

Reklama

Mavzuga oid