“Markaziy Osiyo gazini qo‘lga olib, Xitoy bilan o‘zi gaplashmoqchi”. Iqtisodchi – Putinning uch tomonlama ittifoq taklifi haqida
Iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov Kun.uz’ga bergan intervyusida Vladimir Putinning Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokida tuzmoqchi bo‘layotgan uch tomonlama ittifoqi va undan ko‘zlangan maqsad haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
“Mavzuni tahlil qilarkanmiz, bir necha qatlamni ko‘rib chiqishimiz kerak. Menimcha, Volodinning O‘zbekistonga kelishi va Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmatining uch tomonlama ittifoq gaz masalasida, deya bayonot berishi odamlarni asosiy masaladan chalg‘itish hisoblanadi. Ya’ni taklif qilingan ittifoq O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida tuzilgan ittifoqchilik shartnomasini xaspo‘shlashga qaratilgan razvedka yoki kontrrazvedka harakatlari. Mening bahoyim shunday. Nega? Birinchidan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi yaqindagina imzolangan ittifoqchilik shartnomasi matniga qarasak, uning ikkinchi moddasi NATO shartnomasidagi band bilan deyarli bir xil. Unga ko‘ra, tomonlarga yoki ularning biriga harbiy xavf tug‘ilsa, tomonlar o‘zaro maslahatlashuvni boshlab, uning oldini olishga har tomonlama harakat qiladi.
Buning ma’nosi shuki, biz Qozog‘iston bilan siyosiy, iqtisodiy va harbiy sohada ittifoq bo‘lamiz. Bu juda katta qadam. Chunki O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyoda birlashib ittifoq tuzsa, bu mintaqada juda katta siyosiy reallikka olib keladi. Bu katta qudrat degani. Agar shartnomaga katta urg‘u berilsa va u bo‘yicha katta qadamlar qo‘yilsa, ya’ni shartnoma o‘lik emas, tirik bo‘lsa, bu katta siyosiy voqelik bo‘ladi.
Endi, Markaziy Osiyoda bunday katta kuchning paydo bo‘lishi albatta, Rossiyaga yoqmaydi. Ularning eng katta maqsadi bunday ittifoqning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik. Buning tagida turgan iqtisodiy faktor esa uglevodorodlar. Ya’ni Qozog‘istonda gaz va neft depozitlari juda katta. O‘zbekistonda ham ozroq gaz depozitlari bor.
Eng muhimi O‘zbekiston va Qozog‘istonda Turkmanistondan Xitoyga o‘tadigan uchta yirik gaz quvuri bor. Agar geopolitik nuqtayi nazardan qaraydigan bo‘lsak, Rossiya uglevodorodlar sohasida Markaziy Osiyoda o‘ziga raqobatchi paydo bo‘lishini istamaydi.
Faktlarga kelaylik. Afsuski, bugun O‘zbekistonning gaz sohasidagi importini ham, eksportini ham “Gazprom” va unga tegishli tashkilotlar nazorat qiladi. Hatto u bizning Xitoy bilan eksportimizni ham nazorat qiladi. Kerak bo‘lsa, eksport narxini ham, hajmini ham belgilab beradi. Turkmanistondan oladigan gazni ham “crudex” degan kompaniya orqali olamiz. Ular o‘rtaga kirgan. Bunda ham shartnoma va hajmni ular belgilab beradi.
Bu sohada yana bir afsuslanadigan tomonimiz borki, import qilinayotgan gaz asosan aholiga sotilyapti, deya davo qilinyapti va bu budjetdan ajratiladigan subsidiyalarning keskin ko‘payishiga olib kelyapti.
Hozir Temur Ishmetov Parlamentga chiqib subsidiyalar oshib ketgani hisobiga budjetdagi kamomadni, defitsitni 3 foizdan 4 foizga ko‘tarib beringlar, deya iltimos qilyapti. Lekin moliya vaziri gazni import qilishga emas, o‘zimizda gaz qazib olishga katta e’tibor beraylik, bunga sharoit yaratib beraylik deyishi mumkin. Chunki u yerda katta muammolar to‘planib qolgan. Agar gaz qazib olish sohasida xizmatda bo‘lgan vositalarga qarasak, ularning ba’zilari 80 foiz, gaz chiqaradigan kompressorlarning esa 60-70 foizi eskirgan.
Shularni qayta tiklagan taqdirimizda ham gaz ishlab chiqarish hajmlari keskin ko‘payardi. Bizda esa faqat gazni qayta taqsimlash va gazni qayta ishlash sohalariga pul tikiladi. Shunchaki u cho‘ntakdan bunisiga olinyapti.
Ya’ni ahvolimiz shundayki, gaz sohamizni “Gazprom” nazorat qilyapti va endi bunga Qozog‘istonni ham tortishmoqchi. Agar bu ittifoqqa Qozog‘iston kirsa, Turkmaniston ham kirishga majbur bo‘ladi. Chunki Turkmanistonning gaz trubalari bizdan o‘tgan. To‘g‘ri, ular Eronga ham gaz eksport qiladi lekin bu Eronga unchalik ham kerak emas, chunki Eronning o‘zida ham gaz zaxiralari juda katta. Eron olsa, yiliga 17 mlrd kub gaz oladi, lekin Xitoyga ketadigan gaz 67-70 mlrd kubni tashkil qiladi. Rossiya bekorga Xitoyga boradigan “Sila Sibiri” quvurini qurmadi. U mana shu quvurga raqobatchi bo‘lmasligi uchun qolganlarning ishini joyida to‘xtatishni niyat qilgan”, – dedi Abdulla Abduqodirov.
Iqtisodchining fikricha, Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirokidagi uch tomonlama ittifoqqa erisha olsa, Xitoyga bu ikkala davlatning gaz eksporti ham, importi ham o‘zining qo‘lida ekani va gaz oldi-berdisi faqat u bilan bo‘lishini aytadi.
“Ya’ni Rossiya uglevodorodlar bo‘yicha bizni o‘rtadan chiqarib, Xitoy bilan o‘zi gaplashmoqchi.
Shu kunlarda rus OAV aytayotgan yana bir gap bor. Unga ko‘ra, Xitoy rahbari biz Rossiya bilan birgalikda jahondagi uglevodorod xavfsizligini ta’minlashga tayyormiz, degan emish. To‘g‘ri, men hozirgacha bu xabarning tasdig‘ini hech qayerdan topmadim. Lekin agar bu rost bo‘lsa, Xitoy bu gaplari bilan dunyoga qarata shunday deyotgan bo‘ladi: “To‘g‘ri, siz Rossiyaga ishonmaysiz, lekin men – Xitoy uglevodorodlarini Rossiyadan olib, sizlarga sotishim mumkin”.
Fikrimcha, bu kelishuv Rossiyaga ham, Xitoyga ham qulay bo‘lardi. Chunki Rossiya shu orqali u g‘arbga eksport qilolmagan gazini Xitoyga eksport qiladi”, – dedi u.
Abdulla Abduqodirov suhbat davomida O‘zbekiston rahbariyati uch tomonlama ittifoqning ana shu maqsad va xavflarini bila turib ham unga kirishi mumkinmi, mazmunidagi savolga ham javob berdi.
“Bu men uchun juda og‘ir savol va unga javobim yo‘q. Fikrimcha, bugun xalqimiz tashqi siyosatning sub’yekti bo‘lmaguncha biz turli variantlarga tayyor bo‘lishimiz kerak. Chunki xalqimiz manfaatlariga teskari bo‘lgan tarixiy va zamonaviy lohihalar juda ko‘p. Bu gazni qayta taqsimlash shartnomalari yoki eksport va importda ham. “Gazprom”, “Lukoyl” bilan qilingan shartnomalar”, – dedi u.
O‘zbekiston Rossiya kompaniyalari bilan tuzilgan va juda katta zarar keltirayotgan shartnomalari qayta ko‘rib chiqishi mumkinmi?
Tahlilchiga ko‘ra, bugungi reallikda tuzilgan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqishga barcha asoslar bor.
“Siyosiy iroda bo‘lsa, qayta ko‘rib chiqish mumkin. Qisqa javob shu. Lekin bu amalga oshishi uchun xalqimiz, xalqimizning manfaati tashqi siyosat sub’yekti bo‘lishi kerak, obekti emas”, – dedi Abdulla Abduqodirov.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Muhiddin Qurbonov.
Mavzuga oid
10:47
Rossiya 145 ta dron bilan Ukrainaning yirik shaharlariga hujum qildi
07:55
WP: Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024