Jahon | 11:39 / 05.12.2022
8359
4 daqiqa o‘qiladi

Kaspiy dengizining Dog‘istonga yaqin qismida 2500 ta o‘lik tyulen topildi

Dog‘istonning Kaspiy dengizi qirg‘oqlari yaqinidagi turli hududlarida 2500 ta o‘lik tyulenning jasadi topilgan. Mahalliy Tabiiy resurslar vazirligi ularning o‘limi sababini «tabiiy omillar» deb atadi.

Foto: Getty Images

Dog‘iston ekologik tuzilmalari mutaxassislari Kaspiy dengizi qirg‘oqlari bo‘ylab respublikaning turli hududlarida ikki mingdan ortiq Kaspiy nerpasi (tyulenlar oilasiga mansub sutemizuvchi hayvon)ning jasadlarini topdi. Sohilda noma’lum sababga ko‘ra o‘lgan hayvonlar haqida xabarlar dekabr oyi boshidan beri paydo bo‘lishda davom etmoqda. 4 dekabr, yakshanba kuni olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Dog‘iston Tabiiy resurslar vazirligi o‘zining Telegram-kanalida mintaqada 2500 ta tyulen jasadi topilganini bildirgan.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, «ayniqsa ko‘p sonli» o‘lik hayvonlar Sulak va Shurao‘zen (Shurinka) daryolari irmoqlari orasidagi dengiz sohilida topilgan.

3 dekabr kuni topilgan nerpalar jasadlari haqidagi hisobotda Dog‘iston Tabiiy resurslar vazirligi atigi 600 ta tyulenning o‘limini tan olgan - idora hayvonlar o‘limining asosiy versiyasi «tabiiy omillar oqibatida deb tan olinganini» bildirdi hamda hayvonlarning «og‘ir metallar yoki pestitsidlar» bilan zaharlangani haqidagi taxminni rad etdi. Biroq, ommaviy axborot vositalarida hayvonlarning o‘limi haqidagi bir qator izohlari va Kaspiy ekologik markazining topilgan nerpalar jasadlari sonining ko‘payishi haqidagi bayonotidan so‘ng, Tabiiy resurslar vazirligi vakillari o‘lim sabablari «hayvonlarning patologik materialini laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazgandan so‘ng belgilanadi» deb xabar berdi.

TASS agentligining ma’lum qilishicha, bu Kaspiy nerpasining so‘nggi o‘n yildagi eng ommaviy nobud bo‘lishidir.

Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash (IHK) vaziyatni o‘z nazoratiga olish niyatida. IHKning Atrof-muhit huquqlari bo‘yicha komissiyasi Kaspiy dengizi tyulenlarining ommaviy o‘limi sabablarini tekshirish jarayonini kuzatib boradi. «Biz «tabiiy omillar» haqidagi noaniq izohlarga emas, balki aniqroq natijaga umid qilamiz», — deyiladi huquq himoyachilarining Telegram-kanalida.

Kaspiy nerpasi yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan tur sifatida Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Qizil kitobiga kiritilgan, u Kaspiy dengizining muhim qismidir. Hayvon Rossiya Qizil kitobiga faqat 2020 yilda kiritilgan - «nodir turlar» toifasiga.

Kaspiy nerpasi mavjudligining asosiy muammolaridan biri sifatida hayvonlar huquqlari faollari tomonidan Kaspiy dengizining ifloslanishi, xususan, Mahachqal’a tumanlaridan keluvchi tozalanmagan oqova suvlar keltirilgan. Shu bilan birga, Dog‘iston tabiiy resurslar vazirligi Kaspiy dengizi nerpalarining ommaviy nobud bo‘lgani haqidagi xabarlarida bir necha bor hodisalar sabablarini turli tabiiy omillar bilan bog‘lagan. Bundan tashqari, idora bunday holatlar «bir necha yilda bir marta» kuzatilishini ta’kidlab, bayonotlarning birida jasadlari qirg‘oqqa chiqib qolgan hayvonlarning o‘lim joylarini «aniqlash mumkin emasligi» va bu Rossiya hududiy suvlaridan tashqarida» sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Shu bilan birga, Dog‘iston atrof-muhit boshqarmasi mintaqadagi Qizil kitobga kiritilgan tyulenlarning aniq sonini ko‘rsatishga qiynalmoqda. 3 dekabr kuni u bir necha yuz hayvonning o‘limi «bu turga jiddiy ta’sir ko‘rsata olmaydi, chunki so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kaspiy tyulenining soni barqaror hamda 270 tadan 300 mingtagacha», deb bayonot berdi. Biroq, 2022 yil may oyida idora «Kaspiy tyulenining soni 100 000 tagacha», deb yozgan edi. Shu bilan birga, Kaspiy atrof-muhitni muhofaza qilish markazi Qizil kitobga kiritilgan hayvonning soni 70 mingtadan oshmasligini taxmin qilyapti.

Mavzuga oid