O‘zbekiston | 18:04 / 06.12.2022
15145
4 daqiqa o‘qiladi

Milliy universitetdan yo‘qolgan nodir qo‘lyozmalar ishi: kutubxona rahbari ozod qilindi

Apellyatsiya sudi O‘zMU Axborot-resurs markazi rahbari Irina Kislitsina kitoblarni o‘zlashtirgani tasdiqlanmagan deb topdi. Sudlanuvchining harakatlari JK 167-moddasi (talon-toroj)dan 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik)ga qayta kvalifikatsiya qilindi.

6 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida O‘zbekiston Milliy universiteti Axborot-resurs markazi rahbari Irina Kislitsinaga oid ish yuzasidan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi.

Sud sudlanuvchi O‘zMUda kitoblarni o‘zlashtirganligi tasdiqlanmagan deb topdi, shuningdek u o‘z mansab vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi tasdiqlangani sababli tuman sudining hukmi o‘zgartirildi. Unga ko‘ra, sudlanuvchining harakatlarida Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandidan 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilindi.

Sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 227-moddasida nazarda tutilgan ayblovlar (hujjatlarni nobud qilish, ularga shikast yetkazish) bilan, 45-moddaga asosan tayinlangan jazolar aslicha qoldirildi.

Yakunda ARM rahbariga o‘tash uchun uzil-kesil 6 oy 23 kun ozodlikni cheklash va 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Universitet foydasiga 2,6 milliard so‘mdan ortiq moddiy zararni undirish qismi bekor qilindi.

Shuningdek, sudlanuvchining qamoqda saqlash ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Shu yilning 10 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudida Irina Kislitsinaga uzil-kesil 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik beruvchi lavozimlarda ishlashni taqiqlash hamda 5 yil-u 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi. O‘shanda sudlanuvchi, O‘zMU Axborot resurs markazi direktori I.K. tergovda unga qo‘yilgan ayblovlar o‘z isbotini topmaganini va kitoblarni u o‘g‘irlamaganini ta’kidlagan va apellyatsiya shikoyati bergan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yildagi ta’mirlash ishlaridan so‘ng O‘zbekiston Milliy universitetining nodir qo‘lyozmalar saqlanadigan muzeyi faoliyati tiklanmagan. 2021 yil 23 dekabr kuni Kun.uz u yerdagi qimmatbaho va o‘ta nodir hisoblangan 100dan ortiq kitoblar sotib yuborilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Xabardan bir kun o‘tib, holatni Bosh prokuratura o‘rgana boshladi. Dastlab vaziyatga izoh berishdan qochib yurgan O‘zMU rektorati OAVga boshqa kitoblarni ko‘rsatib, ular yo‘qolmaganiga ishontirmoqchi bo‘ldi.

2022 yil 21 fevral kuni prokuratura organlari o‘rganish ishlarini yakunladi. Tekshirish davomida O‘zMU Axborot-resurs markazi fondida saqlangan XII-XIX asrlarga oid qiymati 2,6 mlrd so‘mlik tarixiy va badiiy ahamiyatga ega 56 dona qo‘lyozma va 6 dona toshbosma asarlar talon-toroj qilingani va boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlari aniqlandi va mansabdorlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati jinoyat ishi bo‘yicha hujjatli taftish va boshqa tergov harakatlari yakuniga ko‘ra, boshqa markaz xodimlarining harakatlariga ham huquqiy baho berilishini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid