O‘zbekiston | 13:27 / 07.12.2022
8996
4 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p kvartirali uylar mulkdorlari majburiy to‘lovlari nimalarga sarflanishi aniqlashtirildi

Foto: Kun.uz

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri buyrug‘i bilan ko‘p kvartirali uylardagi turar joylar va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar mulkdorlari majburiy badallari yoki to‘lovlari miqdorini belgilashda xarajatlar tarkibini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Joylar mulkdorlari majburiy badallari va to‘lovlari quyidagilardan tashkil topadi:

ko‘p kvartirali uy umumiy mol-mulkini saqlash (ularga xizmat ko‘rsatish), ulardan foydalanish va ularni ta’mirlash bilan bog‘liq quyidagi xarajatlar:

  • ko‘p kvartirali uy tomi gidroizolyatsiya qatlamini tiklash va almashtirish;
  • ko‘p kvartirali uy umumiy mol-mulki bo‘lgan umumiy joylar, tayanch va to‘siq konstruksiyalar, kvartiralar oralig‘idagi ihotalangan (o‘rama) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, lift shaxtalari hamda boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yerto‘lalar, cherdaklar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan hamda bittadan ortiq joyga xizmat ko‘rsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskuna va qurilmalarni saqlash va ta’mirlash;
  • ko‘p kvartirali uyga kirish yo‘lagi eshik va devorlarini ta’mirlash, suvash, bo‘yash hamda deraza konstruksiyalari va eshik bloklarini yangilash, eshiklarga domofon o‘rnatish;
  • ko‘p kvartirali uy atrofi va kirish yo‘laklari, umumiy foydalanishdagi joylarni yoritish;
  • yong‘inga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, sanitariya holati, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, odamlar hayotiga, sog‘lig‘iga va mol-mulkiga hamda atrof-muhitga bevosita xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha majburiy tadbirlarni hamda ishlarni amalga oshirish;
  • xomashyo, materiallar, yoqilg‘i, inventar va xo‘jalik anjomlarini sotib olish;
  • ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish (ekish, parvarish qilish, daraxtlarga ishlov berish, butalarni va maysazorlarni kesish hamda sug‘orish xizmatlari);
  • aholiga qulaylik yaratish uchun ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasida o‘rindiqlar o‘rnatish;
  • ko‘p kvartirali uy umumiy mol-mulkini saqlash uchun tijorat banklaridan olingan kreditlarni qoplash xarajatlari;
  • joylar mulkdorlari umumiy yig‘ilishi qarorida nazarda tutilgan qo‘shimcha xizmatlar va ishlar;

ko‘p kvartirali uyni boshqarish bilan bog‘liq quyidagi xarajatlar:

  • boshqarish organi xodimlariga mehnatiga haq to‘lash;
  • boshqarish organi ko‘p kvartirali uyni boshqarish uchun zarur bo‘lgan texnika, aloqa va axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositalarini saqlash hamda ularga xizmat ko‘rsatish;
  • boshqarish organi uchun binolar va xonalar ijarasi haqini to‘lash;
  • boshqarish organi xodimlarini majburiy sug‘urta qilish;
  • inventarlar va xo‘jalik anjomlarini saqlash va ular qiymatini hisobdan chiqarish bilan bog‘liq xarajatlar;
  • ko‘p kvartirali uyni boshqarish bilan bog‘liq holda tijorat banklari va elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar;
  • boshqarish organi kadrlari malakasini oshirish.

Nizom bilan joylar mulkdorlari 1 metr kvadrat maydonni saqlash va ta’mirlash uchun majburiy badallari miqdorini aniqlash formulasi belgilanmoqda.

Mavzuga oid