Jahon | 18:53 / 13.12.2022
12129
2 daqiqa o‘qiladi

Mo‘g‘ulistonda «ko‘mir o‘g‘irlash» ishi bo‘yicha gumonlanuvchilar ismi oshkor etildi

Xitoyga ko‘mir sotish bilan bog‘liq korrupsiya ishi tufayli o‘tkazilgan namoyishlarda shunday talab qo‘yilgan edi.

Foto: AP

Mo‘g‘ulistonning Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi yirik miqdorda ko‘mir o‘g‘irlanishiga aloqadorligi aytilayotgan shaxslar ismini e’lon qildi.

Ular orasida mamlakatning sobiq prezidenti Xaltmaagiyn Battulga ham bor.

Gumondorlar ro‘yxatiga prezident devonining sobiq rahbari Shijir, sobiq yo‘l va transportni rivojlantirish vaziri Ganbat, amaldagi parlament deputati Adyasuren, amaldagi parlament a’zosi Bat-Erdene, amaldagi parlament deputati va Omnogov viloyatining sobiq gubernatori Naaranbatir va boshqa yuqori lavozimli amaldorlar, deputatlar, ko‘mir sohasi korxonalari rahbarlari kiritilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh razvedka boshqarmasi va Politsiya bosh boshqarmasidan iborat qo‘shma tezkor guruh tomonidan ko‘mir qazib olish va sotish, davlat mablag‘lari hisobiga mahsulot va xizmatlar xarid qilish holatlari yuzasidan tekshiruvlar olib borilmoqda.

Hozirda 22 ta holat bo‘yicha tergov harakatlari boshlangan. 47 ta obektda tintuv o‘tkazilgan, 15 kishi qo‘lga olingan, 10 kishi tergov izolyatorida saqlanmoqda. Hozirgacha 35 kishiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorda ommaviy norozilik aksiyalari o‘tkazilib, uning ishtirokchilari amaldorlarni ko‘mir eksportida korrupsiya va firibgarlikda ayblagan edi. Ko‘mir Mo‘g‘uliston budjetidagi eng yirik manba hisoblanadi. Bir necha kun davom etgan namoyishlarda odamlar hukumat binosiga bostirib kirishga uringan, prezident rasmiy qarorgohiga ham kirishga uringan, oqibatda kuch ishlatar organlar bilan to‘qnashuvlar kelib chiqqan edi.

Mavzuga oid