O‘zbekiston | 18:20 / 14.12.2022
16129
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istondagi ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda jami 171 kishi ayblanmoqda - Bosh prokuratura

28 noyabr kuni Nukus voqealari bo‘yicha 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlangandi. Bosh prokuratura yana 39 kishiga daxldor ikkinchi jinoyat ishi bo‘yicha tergov yakunlanayotganini ma’lum qildi.

Foto: KUN.UZ

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022 yil 1-2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklar sodir etilgani holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha jami 171 nafar shaxs ayblanmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura Qoraqalpog‘iston voqealarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan Mustaqil komissiya so‘roviga javoban ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, jinoyat ishi doirasida dastlab 516 nafar shaxs ushlangan bo‘lib, shundan 5 nafariga nisbatan uy qamog‘i hamda 166 nafariga nisbatan JKda ko‘zda tutilgan jinoyatlari uchun qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan. Qolgan huquqbuzarlarga nisbatan esa sud tomonidan ma’muriy javobgarlik doirasida qamoq jazosi tayinlangan.

Qamoqqa olingan 107 nafar ayblanuvchiga nisbatan qo‘llangan ehtiyot choralari Mustaqil komissiya, jamoatchilik so‘rovi va kafilligi hamda deputatlik korpusining kiritgan iltimosnomalari asosida o‘zgartirilgan. Ularning 10 nafariga uy qamog‘i, 97 nafariga esa jamoa kafilligi ehtiyot choralari qo‘llangan va qamoqdan ozod qilingan. Tergov davomida uy qamog‘idagi yana 14 nafar ayblanuvchiga nisbatan ham ehtiyot chorasi jamoa kafilligiga o‘zgartirilgan.

Ta’kidlanishicha, jinoyat ishining 22 nafar shaxsga oid bo‘lgan qismi (20 nafariga qamoq, 1 nafariga jamoa kafilligi va 1 nafar uy qamog‘i qo‘llangan) ayblov xulosasi bilan tamomlanib sudga yuborilgan, qolgan ayblanuvchilar va boshqa holatlar yuzasidan jinoyat ishi alohida ish yurituvga ajratilgan.

“Alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari yakunlanmoqda, ish bo‘yicha 39 nafar ayblanuvchi qamoqda saqlanmoqda”, deyiladi Bosh prokuratura tomonidan Mustaqil komissiyaga taqdim etilgan ma’lumotda.

Eslatib o‘tamiz, 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida ro‘y bergan tartibsizliklardan keyin, prezident Qoraqalpog‘iston hududida bir oy muddatga favqulodda holat rejimi joriy etgandi.

Iyul oyida Qonunchilik palatasi va Senat Qoraqalpog‘iston voqealari yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish uchun Mustaqil komissiya tuzilgani, unga ombudsman Feruza Eshmatova rahbarlik qilishini xabar qilgandi. Mustaqil komissiya a’zolari 15 avgust kunidan yana ish boshlagandi.

Avvalroq Mustaqil komissiya Bosh prokuraturaga murojaat qilib, Qoraqalpog‘iston voqealariga doir sud jarayonlarida ishtirok etish davomida yuzaga kelayotgan va keng aholi vakillarini xavotirga solayotgan holatlarga oydinlik kiritishni so‘ragandi.

Mavzuga oid