Jahon | 16:17 / 15.12.2022
3737
3 daqiqa o‘qiladi

Peruda norozilik namoyishlari tufayli favqulodda holat e’lon qilindi

Foto: Reuters

Butun Peruda yig‘ilishlar o‘tkazish huquqi 30 kunga to‘xtatildi va harbiylarga qo‘shimcha vakolatlar berildi. Bir haftadirki, mamlakatda hokimiyatdan ag‘darilgan prezident Kastiloni qo‘llab-quvvatlovchi ommaviy mitinglar o‘tkazilmoqda.

Peruda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari fonida mamlakat hukumati butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy qildi. Bu rejim 30 kun davomida amal qiladi va norozilik namoyishlari chog‘idagi zo‘ravonlik harakatlari munosabati bilan e’lon qilindi, deb xabar berdi 14 dekabr, chorshanba kuni mudofaa vaziri Luis Otarola. 

Shu tariqa, Peruda yig‘ilishlar o‘tkazish huquqi to‘xtatildi va harbiylar qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘ladi, ular endi shaharlarni patrul qilyapti. Hozircha komendantlik soati joriy qilmaslikka qaror qilindi, deya xabar berilgan qo‘shimcha ravishda. Mamlakatning yangi prezidenti Dina Boluarte fuqarolarni xotirjam bo‘lishga chaqirdi. «Peru qonga belanib qolmasligi kerak», dedi u.

Ayni paytda, mamlakat janubida hokimiyatdan ag‘darilgan prezident Pedro Kastiloning minglab tarafdorlari yana ko‘chalarga chiqib, uning ozod etilishi va zudlik bilan yangi saylovlar o‘tkazilishini talab qilishdi. Bir qancha kasaba uyushmalari umummilliy ish tashlashga chiqdi.

Peruda norozilik namoyishlari prezident Pedro Kastiloning lavozimidan chetlatilishi ortidan boshlandi. 7 dekabr kuni parlament unga «ma’naviy qobiliyatsizligi» uchun impichment e’lon qildi. Bir necha soat o‘tgach, Kastilo politsiya tomonidan qo‘lga olindi, sud qarori bilan u yetti kunga tergov izolyatoriga joylashtirildi. Kastilo konstitutsiyaviy tuzumga qarshi harakat qilish va davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanmoqda. Qo‘lga olinganidan keyin u Meksikadan siyosiy boshpana so‘radi.

Pedro Kastilo hokimiyatdan chetlatilganidan so‘ng, prezident vazifalarini uning o‘rinbosari Dina Boluarte bajara boshladi. Namoyishchilar uning iste’fosini, Kastilo ozod etilishini va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qilmoqda. Ular, shuningdek, umummilliy ish tashlashga chaqirishdi. Hozirgacha ommaviy namoyishlar va politsiya bilan to‘qnashuvlarda yetti kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi.

Mavzuga oid