«Yil boshidan buyon O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 2,2 barobar oshdi» – Markaziy bank
Regulyator tahlillariga ko‘ra, geosiyosiy tanglik davom etishi tashqi moliya bozorlarida O‘zbekistonning “xatar mukofoti” ortishiga olib kelishi mumkin. Ushbu omillar global moliyaviy sharoitlar qat’iylashib borishi fonida tashqi moliyalashtirish imkoniyatlarining qisqarish xavfini orttiradi.
Markaziy bank boshqaruvining 15 dekabrdagi yig‘ilishida asosiy stavka yillik 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.
Regulyator sharhiga ko‘ra, jahon bozorida asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxida muvozanatlashuv kuzatilayotgan bo‘lsa ham, ichki bozorda narxlarga bo‘lgan bosimlar saqlanib qolmoqda. Aholi inflyatsion kutilmalari, umumiy inflatsiyaning so‘nggi 3-4 oyda sezilarli o‘zgarmagani va ayni paytda bazaviy inflatsiyaning o‘suvchi trendi iqtisodiyotda “nisbatan qat’iy” pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni taqozo etmoqda.
Inflatsiya va inflyatsion kutilmalar. Iste’mol bozorlarida talab va taklifga ta’sir ko‘rsatuvchi ichki va tashqi iqtisodiy omillar hisobiga narxlarga bo‘lgan bosim yuqoriligicha qolmoqda.
Noyabr oyida yillik inflatsiya sur’ati 12,3 foizni tashkil etdi. Yillik inflatsiya tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 16 foizga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar mos ravishda 10,7 va 7,8 foizga qimmatlashgan.
Noyabr oyi natijalariga ko‘ra, aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 15,3 foizni, tadbirkorlarning kutilmalari esa 14,3 foizni tashkil etgani holda o‘tgan oylar darajasida qolgan.
Shuningdek, yillik bazaviy inflatsiya noyabrda 13,4 foizgacha tezlashib, uning umumiy inflatsiyadagi hissasi 10,1 foiz bandgacha oshgan.
Tashqi iqtisodiy sharoitlarda yuqori noaniqlik darajasi saqlanib qolmoqda. Xususan, jahon bozorida asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxlarida muvozanatlashuv kuzatilayotgan bo‘lsa-da, ularning kelgusi dinamikasi bo‘yicha xatar va noaniqliklar mavjud.
Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha eksport tushumlarida ham, import uchun to‘lovlarda ham o‘suvchi tendensiyalar kuzatilgan.
Eksport hajmi (oltin eksportini hisobga olmaganda) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,3 foizga, import – 21,2 foizga va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 2,2 barobarga oshgan. Shuningdek, ushbu davrda banklarning aholidan valuta xaridi va aholiga valuta sotuvi o‘rtasidagi ijobiy tafovut 2,8 mlrd dollarga teng bo‘lgan.
Tashqi iqtisodiy aloqalarda kuzatilayotgan ushbu vaziyat, ichki valuta bozorini muvozanatlashtirib, milliy valuta almashuv kursi barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan, so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursi yil boshiga nisbatan 3,5 foizga qadrsizlangan.
Xatarlar va noaniqliklar. Yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq masalalar transport-logistika va tashish narxlarini oshirishi orqali tovarlar va xizmatlar narxlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Aholi daromadlarining, shu jumladan, mamlakatga pul o‘tkazmalarining yuqori o‘sish sur’atlari fonida iqtisodiyotda yalpi talab hajmidagi yuqori ijobiy sur’atlar, yalpi taklifdagi ayrim uzilishlar fonida inflatsiyaga oshiruvchi bosim o‘tkazishi ehtimollarini yuzaga keltiradi.
Shu bilan birga, global iqtisodiy faollik va ehtimoliy retsessiya bilan bog‘liq xatarlar saqlanib qolayotgani, kelgusi yilda tashqi talabni kamaytiruvchi ahamiyat kasb etadi. Geosiyosiy tanglik davom etishi esa tashqi moliya bozorlarida O‘zbekistonning “xatar mukofoti” ortishiga olib kelishi mumkin. Ushbu omillar global moliyaviy sharoitlar qat’iylashib borishi fonida tashqi moliyalashtirish imkoniyatlarining qisqarish xavfini orttiradi.
Bunday sharoitda, ichki moliyaviy resurslardan samarali foydalanilishi va umumiy fiskal taqchillik qisqartirilishi tashqi ta’sirlarni minimallashtirish imkonini beradi.
O‘z o‘rnida, bazaviy inflatsiyaning o‘suvchi dinamikasi va uning umumiy inflatsiyadagi hissasi oshib borayotgani ichki iqtisodiyotda inflyatsion bosimlarning uzoqroq muddatli xarakterga ega bo‘lib borayotganini bildiradi.
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
11:23 / 01.11.2024