Shtirlitsni og‘dirgan, atom loyihalarini o‘g‘irlagan va butun davlat erkaklarini maftun etgan – eng mashhur josus ayollar
Bir davlat manfaati uchun o‘zga davlatlar sirlarini o‘g‘irlash, zarar yetkazish odatda erkaklar ishi sifatida qaraladi. Ammo shunday josus ayollar ham borki, ular amalga oshirgan operatsiyalarni ancha-muncha professional agentlar ham bajara olishmaydi. Biz shu satrlarni o‘qiyotgan onlarda ham dunyoning turli nuqtalarida yuzlab ayol shpionlar maxfiy tarzda o‘z ishlarini bitirib yurishibdi.
Gitlerdan nafratlangan britan ayoli – Violetta Jabo
Atigi 24 yil (1921-1945) yashagan Violetta Jaboning onasi fransuz, otasi ingliz edi. Bunday oilada ulg‘ayish unga har ikki tilni mukammal bilish imkoniyatini yaratdi. Ikkinchi jahon urushi arafasida u fransuz ofitseri Eten Jaboga turmushga chiqadi. Eten vafot etganida Violetta qo‘lidagi qizalog‘i bilan yolg‘iz qolib ketadi va fashistlar tuzumiga qarshi chidab bo‘lmas nafrat tuyadi.
23 yoshli ayol bosib olingan Fransiya hududiga razvedkachi sifatida yuborilish taklifini darhol qabul qiladi. Britaniyaning Special Operations Executive tizimida tezkor tayyorgarlik o‘tagan Violetta ona yurti Fransiyaga yo‘l oladi va qisqa vaqt ichida qulay pozitsiyani egallaydi.
Dushman qo‘shinlari soni, qurollar toifasi va miqdori, harbiy zavod hamda omborlar joylashuvi haqida shu qadar aniq axborotlar jo‘natadiki, ittifoqchilar bu ma’lumotlar orqali jiddiy natijalarga erisha boshlaydilar. Violetta Jabo faqat ma’lumot jo‘natish bilan cheklanib qolmaydi. Diversion guruhga qo‘shilib, yo‘llar, ko‘priklar, temiryo‘llarni portlatishda ishtirok etadi. Birinchi safari muvaffaqiyatli yakunlangan Jabo Londonga qaytadi.
Ammo ikkinchi yurishi omadsiz kechadi. U ketayotgan avtomobil o‘qqa tutiladi. O‘qlari tugagan Jabo na qarshilik ko‘rsata oladi, na o‘zini o‘ldirishga ulguradi. Asirlikda u qattiq qiynoqlarga solinadi, ammo birorta sirni sotmaydi. Ravensbryuk lagerida uzoq davom etgan qiynoqlar samara bermagach, Violetta otib tashlanadi. U fashizm ustidan g‘alabaga bir necha oy qolganda halok bo‘ladi.
Emi Elizabet Torp – agent Tsintiya
“Agent Tsintiya” nomi bilan mashhur Emi Elizabet Torp (1910-1963) zodagonlar toifasiga kirishi bilan birga juda maftunkor ham edi. Uning eri, rasman diplomat, aslida esa Britaniya razvedkasi xodimi Artur Pek esa bundan ustalik bilan foydalanadi. Pek xotinining turli davlatlarning kazo-kazolari bilan ishqiy aloqalariga go‘yoki “ko‘z yumadi”. Aslida esa er-xotin juda muhim harbiy siyosiy ma’lumotlar to‘plab, Britaniyaga yetkazib turishadi.
Artur Pekning to‘satdan o‘limi ham Tsintiyaning faoliyati to‘xtab qolishiga sabab bo‘la olmaydi. Britaniya razvedkasi uni AQShga jo‘natadi va Tsintiya bu davlatda italyan harbiy dengiz attashesi, admiral Alberto Laisni o‘ziga rom etib oladi. Bu operatsiyaning o‘ziga xos jihati shunda ediki, italyan floti haqida olingan qimmatli ma’lumotlar ikki davlat o‘rtasidagi Matapan burnida bo‘lib o‘tgan dengiz jangida qo‘l keladi. Britaniya o‘z dushmaniga qaqshatqich zarbalar beradi va g‘olib chiqadi.
Go‘zallik va makkorlikdan tashqari yetarlicha aql egasi bo‘lgan agent Tsintiya o‘zidan keyin AQSh razvedkasiga xos iz qoldirar va bu orqali Britaniyani shubhadan xoli etardi.
Atom loyihasini sotgan Etel Rozenberg
SSSR foydasiga razvedka bilan shug‘ullangan Etel Rozenberg va uning eri Yuliusga oid ma’lumotlar hamon to‘la ochiqlanmagan. Rossiya faqat yaqindan boshlab bu agentlar SSSR manfaatlari uchun ishlaganini rad etmay qo‘ydi.
Uzuq-yuluq bo‘lsa-da, tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Rozenberglar oilasi AQSh atom bombasi sanoatiga oid o‘ta qimmatli ma’lumotlarni Moskvaga yetkazib turishgan. Faoliyati rus razvedkachisi Aleksandr Feklisov tomonidan muvofiqlashtirib turilgan oila Nagasakiga tashlangan atom bombasi, bunday qurolni radioboshqaruv orqali portlatish tizimi, yangi bombalarning ishchi chizmalarini qo‘lga kiritishadi hamda muvaffaqiyatli yetkazib berishadi.
FQB ularning izidan tushadi va fizik-muhandis Yulius Rozenberg hamda uning uy bekasi bo‘lgan xotini tez orada qo‘lga olinadi. Lekin tergovda ham, sudda ham oila aybini tan olmaydi. Shunga qaramay, har ikkisi o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Sud va qatl oldi davri katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Oilani afv etish bo‘yicha Albert Eynshteyn, mashhur yozuvchi Tomas Mann va Rim papasi Piy XII kabi insonlar iltimosnoma kiritishadi. Ammo baribir hukm ijroga qaratiladi va 1953 yilning 19 iyunida er-xotin Sing-Sing qamoqxonasida elektr stul yordamida qatl etiladi.
Shtirlitsni og‘dirgan Yelizaveta Zarubina
Maftunkor Yelizaveta Zarubina (1900-1987) ittifoq razvedkasida Erna va Vardo kodli nomlari bilan 21 yil ishlagan. Uning familiyasi ham faoliyat olib borgan davlatlariga ko‘ra o‘zgarib borgan – Germaniyada Gutshneker, Fransiya va Daniyada – Kochek, AQShda – Zubilina, Avstriyada – Anna Deych. U ingliz, fransuz, nemis va rumin tillarida erkin so‘zlasha olgan. 1928 yilda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgandan so‘ng u razvedkachi Vasiliy Zarubinga turmushga chiqadi va juftlik 1933 yilda Daniya, Fransiyada josuslikka kirishishadi. 1936 yildan boshlab esa fashistik tuzum o‘rnatilgan Germaniyada faoliyat boshlagan Yelizaveta Zarubina gestapo gaupshturmfyureri Villi Lemanni o‘ziga og‘dirib oladi. Buning o‘ziga xos jihati – gestaponing aynan shu xodimi “Bahorning o‘n yetti lahzasi” asaridagi Shtirlits obraziga prototip vazifasini bajargan.
1941 yilda er-xotin AQShga jo‘naydi va Vasiliy Zarubin sovet elchixonasida birinchi kotib vazifasiga kirishadi. U yerda Yelizaveta Zarubina juda faol harakat olib boradi va rom etish hamda shantaj usullarini qo‘llab, 22 agentni o‘ziga og‘dirishga muvaffaq bo‘ladi.
Ammo bu ham hammasi emasdi. U “atom quroli otasi” deya ta’riflanadigan fizik olim Oppengeymerning xotini Katrin bilan yaqin aloqalar o‘rnatadi va ittifoq foydasiga o‘ta qimmatli ma’lumotlarni qo‘lga kiritadi.
Polkovnik rutbasida pensiyaga chiqqanidan keyin KGBda yosh kadrlarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi va 87 yoshida vafot etadi.
Mashhurlar mashhuri Mata Xari
Josus ayol deganda ko‘pchilik ko‘z o‘ngida aynan Mata Xari namoyon bo‘ladi. Bor-yo‘g‘i 41 yil yashagan (1876–1917) Mata Xari josuslikni san’at darajasiga ko‘taradi va o‘ziga xos maktab yaratadi. Asli ismi Margaret Gertruda Zelle (erlik familiyasi Makleod) bo‘lgan Mata Xari Niderlandiya fuqarosi edi. Bolaligidan sarguzashtlarga qiziqqan qiz qat’iy tartiblarga amal qiluvchi muhitdan chiqishning eng samarali yo‘li turmushga chiqish ekanini anglab yetadi va e’lon berib, o‘ziga juft topadi. Er-xotin xizmat yuzasidan Hindistonning Gollandiyaga tegishli mustamlaka yerlariga ketishadi. Hind madaniyati, ayniqsa raqs san’ati bilan tanishib ulgurgan Margaret 21 yoshida eridan ajraladi va Parijga jo‘nab ketadi.
Mole sirkiga ishga joylashgan juvon shu yerda Mata Xari taxallusini oladi va o‘zini sharq madaniyatining bilimdoni, katta san’atkor, umuman, har jihatdan mukammal hamda maftunkor ayol qiyofasida taqdim eta boshlaydi. Uning shahvoniy harakatlarga yo‘g‘rilgan raqs san’ati juda ko‘pchilikni rom etadi va mashhurligi yashin tezligida ortib ketadi. Vaziyat shu darajaga yetadiki, butun mamlakatning eng badavlat va qudratli erkaklari Mata Xariga ishqiboz bo‘lib qolishadi.
Birinchi jahon urushi boshlanishi uning san’atdagi yutuqlariga soya soladi, shu bilan birga Mata Xari sifatida tarixga muhrlagan sohaga yo‘llar ochiladi. Uning katta siyosatchilar va harbiylar orasida ko‘plab jazmanlari borligini bilgan nemis razvedkasi 1915 yilda Mata Xarini o‘ziga jalb qiladi. Dastlab Fransiyaga oid maxfiy ma’lumotlarni Germaniyaga yetkazish bilan shug‘ullangan Mata Xari bir yil o‘tmay qo‘lga tushadi va endi fransuzlar manfaatlari uchun xizmat qila boshlaydi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u bir million frank evaziga o‘zi fransuzlar tarafiga o‘tib ketgan.
Ammo Fransiyaga xizmat qilish muddati ham qisqa bo‘ladi. Ispaniyaga josuslik uchun jo‘natilganida uning hamon nemislar bilan aloqada ekani haqida ma’lumot olinadi va bu o‘z isbotini topadi. 1917 yilda hibsga olingan Mata Xari tezkorlik bilan o‘limga hukm qilinadi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu qadar oshig‘ich qatlning sababi ayolning katta siyosatchilarga oid juda ko‘p sirlarni bilishi bo‘lgan.
Uni jon-jahdi bilan himoya qilgan advokat sudda hatto tiz cho‘kib afv etishlarini so‘raydi. Chunki u ham ko‘pchilik qatori Mata Xariga maftun bo‘lib qolgandi. Biroq sud o‘lim jazosi tayinlaydi va josus ayol otuvga hukm qilinadi. Devor tagiga olib borilgan Mata Xari eng chiroyli liboslarda bo‘lgan va o‘q uzilishi oldidan jilmayib, askarlarga havo orqali bo‘sa yo‘llagan.
Abror Zohidov tayyorladi.
Mavzuga oid
17:57 / 12.10.2024
Ayollar uchun xavfsiz boshpana – reabilitatsiya markazlari qanday ishlaydi?
20:11 / 01.10.2024
Germaniyada xitoylik ayol josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
07:20 / 19.09.2024
Tanzila Norboyeva Yevrosiyo xotin-qizlar forumida qatnashmoqda
13:26 / 12.09.2024