Trampga Kapitoliyga bostirib kirish ishi bo‘yicha ayblov qo‘yilishi mumkin
Kapitoliyga bostirib kirish bo‘yicha surishtiruv o‘tkazgan Vakillar palatasi qo‘mitasi AQSh Adliya vazirligiga Trampni to‘rtta band bo‘yicha ayblashni tavsiya qildi.
2021 yil 6 yanvarda yuz bergan Kapitoliyga bostirib kirish bo‘yicha surishtiruv o‘tkazgan Vakillar palatasi qo‘mitasi AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga to‘rt modda bo‘yicha ayblov qo‘yish tavsiyasi bilan mamlakat Adliya vazirligiga murojaat qildi, deb xabar berdi 19 dekabr, dushanba kuni Reuters.
Qo‘mita a’zolariga ko‘ra, Tramp rasmiy protseduraga to‘sqinlik qilish, federal hukumatni aldash maqsadida til biriktirish, yolg‘on bayonotlar berish va qurolli qo‘zg‘olonga undashda ayblanishi kerak.
«Qo‘mita sobiq prezident Trampga Kapitoliyga zo‘ravonlik bilan hujum uyushtirganlarga ko‘rsatgan yordami uchun jinoiy ayblovlar qo‘yishni tavsiya etish uchun yetarlicha dalillar mavjud deb hisoblaydi», dedi qo‘mita a’zosi, Merilend shtatidan demokrat Jyeymi Raskin bayonotida. Mamlakat tarixida birinchi marta maxsus qo‘mita sobiq prezidentga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni tavsiya qilmoqda, deya qayd etdi Reuters.
18 oylik surishtiruv davomida qo‘mita mingdan ortiq guvohni so‘roq qildi va yuz minglab hujjatlarni to‘pladi, deya ta’kidlaydi Reuters. Kongress tavsiyasi Adliya vazirligini hech qanday choralar ko‘rishga rasman majburlamaydi, deya ma’lum qilgan agentlik. Ayblov qo‘yish to‘g‘risidagi qaror prokurorlarda qoladi.
2021 yil yanvarida, o‘sha paytga qadar o‘tgan saylovlarda demokrat Jo Baydenga yutqazgan Trampning prezidentlik muddati tugashiga ikki hafta qolganida, Oq uy rahbarining radikal tarafdorlari uning Vashingtondagi mitingdagi nutqidan so‘ng Kapitoliyga yo‘l olishdi.
O‘sha paytda Senat va Vakillar palatasining qo‘shma majlisi ishtirokchilari saylov natijalarini ma’qullayotgan bo‘lgan. Namoyishchilar binoga bostirib kirishgan, Kongressdagi munozaralar bir necha soatga to‘xtatilgan, qonun chiqaruvchilar evakuatsiya qilingan. Politsiya hujum ishtirokchilariga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, Milliy gvardiya Vashingtonga yetib kelgan. To‘qnashuvda besh kishi halok bo‘ldi, ulardan biri politsiyachi. Hukumat bir necha soatdan keyin yana Kongress binosini nazoratga oldi. To‘polonlardan so‘ng 50 ga yaqin odam hibsga olingan, ularning ba’zilariga ayblov e’lon qilingan. Hujumning bir necha ishtirokchisi turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilindi.
Mavzuga oid
16:18 / 24.12.2024
“Kanalni savol-javobsiz qaytarib olamiz” – Tramp Panamaga tahdid qildi
09:53 / 24.12.2024
Grenlandiya bosh vaziri Trampning orolni AQShga sotish g‘oyasini rad etdi
19:00 / 23.12.2024
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
17:01 / 23.12.2024