Jahon | 08:52 / 22.12.2022
13029
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Biz butun dunyo aqli uchun kurashda Rossiyani mag‘lub etdik

Ukraina prezidenti AQSh Kongressida nutq so‘zlab, o‘z mamlakati hech qachon Rossiyaga taslim bo‘lmasligiga va’da berdi.

Foto: NBC

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 22 dekabr, chorshanba kuni kechqurun AQSh Kongressining qo‘shma yig‘ilishida so‘zga chiqib, Vashingtonga harbiy harakatlar boshlanganidan beri ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Barcha qiyinchiliklar va ma’yus ssenariylarga qaramay, Ukraina qulagani yo‘q. Ukraina tirik», - dedi u. Davlat rahbari Rossiyaning o‘q-dorilar bo‘yicha ustunligini aytib, Moskva «ularda bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq raketa va samolyotlarga ega» ekanini bildirdi, biroq uning mamlakati «mustaqillik va ozodlik uchun kurashni davom ettirayotganini» ta’kidladi. «Ukraina o‘z pozitsiyalarini saqlab turibdi va hech qachon taslim bo‘lmaydi», deb ishontirdi u. «Biz butun dunyo ongi uchun kurashda Rossiyani mag‘lub etdik», — dedi Zelenskiy.

U AQShni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmaslikka chaqirib, Ukrainaga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yetkazib berilishi kerakligini aytdi. Zelenskiy AQSh harbiylaridan ukrainaliklar uchun jang qilishni so‘ramoqchi emasligini, chunki ular «Amerika tanklari va samolyotlarini mukammal nazorat qila olishini» ta’kidladi. Eslatib o‘tamiz, AQSh haligacha Ukrainaga bunday turdagi qurol-yarog‘larni yetkazib bermagan va bundan o‘zini tiyyapti.

Ukraina prezidenti nutqi davomida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish zarurligi haqida gapirdi. Agar biz tajovuzkorni hozir to‘xtatmasak, uning AQSh ittifoqchilariga hujum qilishi vaqt masalasi bo‘ladi, deya ogohlantirdi Zelenskiy.

U o‘z nutqi so‘nggida Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosiga Zelenskiyga Baxmutga tashrifi chog‘ida harbiylar tomonidan berilgan Ukraina bayrog‘ini topshirdi.

Mavzuga oid