O‘zbekiston | 22:36 / 24.12.2022
37923
1 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Abduqodirov davlat lavozimiga tayinlandi

Taniqli iqtisodchi, OAVdagi chiqishlarida hukumat siyosatini tez-tez tanqid qilib kelgan Abdulla Abduqodirov prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Agentlik bosh direktoriga yana ikki o‘rinbosar tayinlandi.

Abdulla Mamasoatovich Abduqodirov Foto: Kun.uz

Prezident farmoni bilan, Abdulla Mamasoatovich Abduqodirov prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Abdulla Abduqodirov – iqtisodchi, sobiq moliya vaziri o‘rinbosari. U jamoatchilik faoli sifatida mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy muammolarga munosabat bildirib keladi, OAVdagi tanqidiy-tahliliy chiqishlari bilan tanilgan.

Shuningdek, Akbar Muhiddinovich Musayev va Rustamxon Kamolxonovich Azizov Strategik islohotlar agentligi bosh direktorining o‘rinbosari lavozimini egalladi.

Rustamxon Azizov bungacha agentlik bosh direktori birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi edi.

Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi shu yil sentabrda, Strategik rivojlanish agentligi negizida tashkil etilgan. Agentlik bosh direktori – Shuhrat Abdusharifovich Vafoyev.

Bugun e’lon qilingan ma’muriy islohotlar dasturi ham rasman prezidentga mazkur agentlik tomonidan taklif sifatida kiritilgan.

Mavzuga oid