O‘zbekiston | 12:47 / 25.12.2022
36752
23 daqiqa o‘qiladi

Po‘latxon qo‘zg‘oloni – Qo‘qon xonligini yiqitgan hodisa qanday sodir bo‘lgan edi?

XIX asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyo xalqlari hayotida muhim voqealar sodir bo‘ldi. Jumladan, Qo‘qon xonligi ruslar tomonidan bosib olinib, uning hududi Rossiya imperiyasi tarkibiga qo‘shib yuborildi. Avvaliga Qo‘qon xonligi bilan o‘zaro shartnoma tuzgan ruslar, soxta Po‘latxon qo‘zg‘olonidan so‘ng xonlikni batamom egallashdi. Soxta Po‘latxon kim bo‘lgan va u xonga qarshi nega isyon ko‘targandi? Sovetlar bu qo‘zg‘olonni ezilgan xalq isyoni edi desa, boshqalar Xudoyorxonda alami bo‘lgan qipchoqlarning xonga qarshi harakati deydi.

Markaziy Osiyoning XIX asrdagi tarixi haqida gap ketganda ko‘pchilikda bir savol tug‘iladi. Nega Chor Rossiyasi Xiva xonligi va Buxoro amirligini yarim vassal holda qoldirgan-u, Qo‘qon xonligini batamom bosib olgan?

Bu savolga turlicha javob berish mumkin. Masalan, ruslar Farg‘ona vodiysini Buxoro yoki Xorazmga nisbatan muhim joy deb bilgan. Yoki ruslar Buxoro amirligidan ko‘ra, Qo‘qon xonligini kuchsiz deb bilgan bo‘lishi ham mumkin – o‘sha paytlarda Qo‘qonga kim hukmdor bo‘lishi Buxoroda hal qilingan.

Aslida esa Qo‘qon xonligining yiqitilishiga eng birinchi navbatda Xudoyorxon sabab bo‘lgan. Chunki ruslar xonlikning ikkita muhim shahri Chimkent va Toshkentni bosib olganda ham Xudoyorxon «aqlini yig‘ib olmaydi». Xalqqa yangidan yangi soliqlar solib, xotinbozlik va kayf-safoni davom ettiraveradi.

O‘sha kezlarda Qo‘qon xonligida yana bir muhim hodisa – Po‘latxon qo‘zg‘oloni sodir bo‘ladi. Bu hodisa ruslar tomonidan xonlikning tugatilishi va uning hududlari Rossiyaga qo‘shib olinishini tezlashtiradi.

Qo‘zg‘olongacha bo‘lgan vaziyat

Ruslar 1864 yilda Chimkentni, 1865 yilda Toshkentni egallagach, Orenburg general-gubernatorligi tarkibida Turkiston viloyati tuziladi. Uning boshlig‘i etib genaral Mixail Chernyayev tayinlanadi.

1867 yilda Turkiston general-gubernatorlikka aylantiriladi va Konstantin fon Kaufman uning hukmdori bo‘ladi.

Shundan so‘ng Rossiya imperiyasi Qo‘qon xonligiga nisbatan bosimlarini kuchaytira boshlaydi. 1868 yilda Xudoyorxon fon Kaufman bilan shartnoma imzolashga majbur bo‘ladi.

Shartnomaga ko‘ra rus savdogarlari boj to‘lamasdan xonlikning istalgan shahrida savdo qilishi, mahsulot olib kirishi va olib chiqishi mumkin edi.

Qaltis vaziyatda Xudoyorxon mamlakat mudofaasini kuchaytirish o‘rniga shundoq ham og‘ir ahvolda yashayotgan xalqqa yangidan yangi soliqlar soladi. Odamlarning gardaniga yuk bo‘lib tushadigan farmonlar imzolaydi.

1870 yilda xon uchun yangi qarorgoh – O‘rda qurish haqidagi farmon shulardan biri edi. Farmonga ko‘ra butun mamlakatdan jalb qilinadigan ishchilar va hunarmandlar maosh olmasdan O‘rda qurilishida qatnashishi lozim edi.

O‘rda qurilishi uch yil davom etadi va 1873 yilda qurib bitkaziladi. Xonning yangi qarorgohi bitguncha xalqning sabr kosasi ham to‘lgan edi.

Ikkinchi tomondan bir paytlar Xudoyorxon tomonidan Musulmonqulning o‘ldirilishi va qipchoqlarning qatliom qilinishi ko‘pchilikning esidan chiqmagandi.

Bu paytga kelib ruslar Buxoro amirligi tarkibida bo‘lgan Jizzax, Samarqand va Qo‘qon xonligining yana bir muhim shahri Xo‘jandni egallab bo‘lgandi. Ana shunday sharoitda xonga qarshi qipchoq-qirg‘izlar qo‘zg‘oloni boshlanadi.

Po‘latxon kim bo‘lgan yoxud soxta Po‘latxon haqida

Tarixda «Po‘latxon qo‘zg‘oloni» deb nom olgan bu qo‘zg‘olonga Po‘latxon emas, Mulla Ishoq Hasan o‘g‘li boshchilik qilgan. Bu shaxs ning kelib chiqishi qipchoqlardan bo‘lgan.

Manbalarga ko‘ra, Mulla Ishoq 1844 yilda Marg‘ilon yaqinidagi O‘hna qishlog‘ida tug‘iladi. U maktab tahsilidan so‘ng Qo‘qondagi madrasada o‘qiydi. So‘ng Andijondagi masjidlardan birida imom-xatib bo‘lib ishlaydi.

Mulla Ishoq bir muddat savdogarlik qiladi. Savdogarlik qilib yurganida xonlikda ancha taniqli bo‘lgan Abdulmo‘min dodxoh ismli odam bilan tanishadi. Tarixchi olim Hamid Ziyoyevning yozishicha, xonlikning siyosiy kurashlarida faol qatnashgan Abdulmo‘min ko‘p voqealarni gapirib berib, Mulla Ishoqning siyosiy ongini uyg‘otadi.

1872 yilda xonga qarshi qo‘zg‘olon uyushtirish niyatida bo‘lgan bir guruh qirg‘izlar va qipchoqlar Sher dodxoh boshchiligida Samarqandga borib u yerda yashayotgan Xudoyorxonning qarindoshi Po‘latxon bilan muzokara olib boradi.

Isyonchilarning maqsadi Xudoyorxonni yiqitib, o‘rniga Po‘latxonni taxtga o‘tqazish edi. Ammo Po‘latxon ularning taklifiga rozi bo‘lmaydi. Shundan so‘ng Sher dodxoh Toshkentga boradi va Mulla Ishoq bilan uchrashadi. Unga Po‘latxon bo‘lishni va qo‘zg‘olonga rahbarlik qilishni so‘raydi. Mulla Ishoq uning taklifga rozi bo‘ladi.

Po‘latxonning soxtaligini o‘sha paytda juda kam odam bilgan. Uning kimligi keyin oshkor bo‘ladi.

Qo‘zg‘olon

1873 yilda Mulla Ishoq soxta Po‘latxon nomi ostida vodiyga kelib qo‘zg‘olonchilarga bosh bo‘ladi. Shu tariqa xonga qarshi isyon boshlanadi. Xudoyorxon qo‘zg‘olonchilarga qarshi Abdurahmon oftobachi boshchiligida qo‘shin yuboradi.

Bo‘lib o‘tgan janglarda qo‘zg‘olonchilar mag‘lubiyatga uchraydi va soxta Po‘latxon tog‘lar orasiga qochib ketadi. So‘ng bir yildan oshiqroq vaqt mobaynida qaytadan qo‘shin yig‘adi.

1975 yil bahorda soxta Po‘latxon O‘zganda qo‘zg‘olon ko‘taradi. Unga qarshi xon qo‘shinlari jo‘natiladi. Biroq Abdurahmon oftobachi va Iso avliyo boshchiligidagi xon qo‘shini qo‘zg‘olonchilar tomoniga o‘tib ketadi.

O‘shanda Abdurahmon oftobachi Andijon hokimi bo‘lib turgan Xudoyorxonning to‘ng‘ich o‘g‘li Nasriddinbekni ham yo‘ldan uradi. U ham qo‘zg‘olonchilar tomoniga o‘tadi.

Shundan so‘ng qo‘zg‘olonchilar xonlikdagi bir qator shahar va qishloqlarni egallay boshlashadi. Xudoyorxon fon Kaufmandan yordam so‘rashga majbur bo‘ladi:

«Shu kunlardagi og‘ir va baxtsiz paytlarda mening Mulla Isa Avliyo, Abdurahmon parvonachi va Xolnazar parvonachi singari eng ishonchli kishilarim qo‘shin bilan dushmanlarim – qirg‘iz qo‘zg‘olonchilariga qo‘shildilar va menga qarshi urushmoqchilar. Men hamma vaqt siz, oliy hazratlaridan do‘stlik va yordam kutib turganligim boisidan bu gal ham meni e’tibordan qoldirmagaysiz. Shaxsan o‘zimni va Qo‘qon xonligini ulug‘ imperator janoblarining ixtiyoriga topshiraman hamda qo‘shinni to‘plar bilan birgalikda imkoni boricha tezroq Qo‘qon shahriga yuborishingizni so‘rayman».

Xudoyorxonning qochishi va xonlikning tugatilishi

Ishongan a’yonlari va o‘g‘li qo‘zg‘olonchilar tomoniga o‘tib ketgach Xudoyorxon juda tushkunlikka tushib qoladi. Fon Kaufmanning yordami yetib kelishini ham kutmasdan Qo‘qondan qochadi.

1975 yilda xon oila a’zolari va xazinani olib ruslar qo‘l ostida bo‘lgan Xo‘jand shahriga qarab yo‘lga chiqadi. Qo‘zg‘olonchilarning bir qismi Xudoyorxonni taqib qiladi. Bo‘lib o‘tgan janglarda xonning yonida qolgan navkarlar uni mardona himoya qiladi va eson-omon Xo‘jandga yetkazib boradi.

Bir muddat Xo‘jandda yashagan Xudoyorxon o‘rtaga odam qo‘yib fon Kaufmandan Toshkentga borishga ruxsat oladi.

Xudoyorxon Qo‘qondan chiqib ketgandan so‘ng qo‘zg‘olonchilar o‘rtasida bo‘linish yuz beradi. Ularning bir qismi Abdurahmon oftobachi boshchiligida Xudoyorxonning o‘g‘li Nasriddinbekni xon qilib ko‘tarmoqchi bo‘lishadi.

Ikkinchi guruh esa soxta Po‘latxon – Mulla Ishoq xon bo‘lishini talab qilishadi. Ana shunday vaziyatda Qo‘qonda Nasriddinbek, Andijonda soxta Po‘latxon xon deb e’lon qilinadi.

Qo‘qon taxtini egallagan Nasriddinxon fon Kaufmanga maktub yuboradi. U maktubida Qo‘qon xonligi Turkiston general-gubernatorligi bilan do‘stona aloqada bo‘lishi haqida yozgan edi.

Shu bilan birga Nasriddinxon rus istilosining oldini olish va xonlikni saqlab qolish uchun Buxoro amiri Amir Muzaffarga ham maktub yozadi. Maktubda Nasriddinxon «kofirlarga qarshi jang qilish» majburiyatini olganini ma’lum qiladi.

Nasriddinxon Amir Muzaffarga yozgan maktubida garchi undan ochiq yordam so‘ramagan bo‘lsa-da, shunga ishora bor edi. Ammo u Amir Muzaffardan yordam umid qilib xato qilayotgan edi.

Garchi ruslar Jizzax va Samarqand kabi Buxoro amirligi tarkibida bo‘lgan shaharlarni bosib olgan bo‘lsa-da, Amir Muzaffar saltanatni o‘z qo‘lida saqlab qolish uchun fon Kaufman bilan kelishuv imzolagan edi.

Qolaversa, avvalroq fon Kaufman Amir Muzaffarga qarshi bosh ko‘targan Kitob va Shahrisabz beklari Jo‘rabek va Bobobeklarni yengishda yordam bergan va bu bilan amirni «qarzdor» qilib qo‘ygandi.

Hamid Ziyoyevning yozishicha Nasriddinxon bilan bir vaqtda Abdurahmon oftobachi boshchiligidagi ayonlar ham Amir Muzaffarga va yana Toshkentdagi obro‘li shaxslarga, jumladan Saidazimboyga maktub yuborishadi.

O‘sha maktublarda Xudoyorxoning ruslar bilan ittifoqda bo‘lishi tanqid qilinib, ruslarga qarshi harakat boshlash uchun Nasriddinxon xon qilib ko‘tarilgani aytiladi.

«Abdurahmon oftobachi va Mulla Isa Avliyo imzosi bilan bitilgan xat shuni ko‘rsatadiki, xonlikdagi xalq harakati Rus davlati va uning tarafdori Xudoyorxonga qarshi qaratilgan ozodlik kurashi hisoblangan. Ammo shunisi taajjublanarliki, o‘sha xatlarning mualliflari amir va Saidazimboyning Rossiyaning sodiq tarafdorlari ekanini bila turib, ularni yordam berishga da’vat etganlar. Amir va Saidazimboy esa xatlarni Turkiston generalgubernatoriga topshirib, Rossiyaga sodiqligini yana bir bor namoyish qilgan», deb yozadi Hamid Ziyoyev.

1875 yilda Nasriddinxonga yuborgan xatida Kaufman 1868 yilda Xudoyorxon bilan tuzilgan shartnomaga amal qilishini va Qo‘qon xonligi bilan do‘stlik aloqalarini uzmaslik sharti bilan uning xonlik maqomini tan olishini bildiradi.

Ikkinchi tomondan Kaufman Nasriddinxonni ag‘darib, xonlikni batamom tugatish va uning hududini Rossiya imperiyasiga qo‘shib olish uchun rejalarini tuza boshlaydi. Qo‘zg‘olonchilarning ruslarga hujum qilishi unga qo‘l keladi va xonlik hududini bosib olish uchun harakat boshlaydi.

Qo‘zg‘olon bostirilishi va xonlikning tugatilishi

1875 yil avgust oyida soxta Po‘latxon boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilarning bir qismi Toshkent, Xo‘jand va O‘ratepa oralig‘idagi pochta bekatlarini egallaydi va rus askarlarini asirga oladi.

Buni eshitgan Kaufman Sirdaryo viloyatining gubernatoriga harbiy yurishni boshlash haqida buyruq beradi. Rus qo‘shinlari harakatga kelguncha qo‘zg‘olonchilar Xo‘jand atrofidagi bir qator qishloqlarni ham egallashadi.

Shundan so‘ng rus qo‘shinlarining bir qismi Parkentni himoya qilish uchun qoldiriladi. Yana bir qismi Xo‘jandga yuboriladi. Bundan tashqari, Qo‘qonga hujum qilayotganlarga yordam tariqasida Samarqand gornizonidagi askarlar ham chaqiriladi.

Qo‘zg‘olonchilarning Xo‘jandni egallash uchun qilgan yurishlari muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlanadi. Shu orada Samarqand gornizoni ham Xo‘jandga yetib keladi va bu yerda ruslarning katta qo‘shini to‘planadi.

16 rota piyoda askar, 20 ta to‘p, qariyb ming nafar otliq askardan iborat qo‘shin Qo‘qonga qarab yurish qiladi.

Rus qo‘shinlariga eng birinchi Qo‘qon xonligidagi mustahkam istehkom – Mahram qo‘rg‘oni duch keladi. Qo‘rg‘onda 15 ming navkar bo‘lganiga qaramasdan uning himoyachilari yengiladi.

Shundan so‘ng Qo‘qon xonligi aholisida, navkarlar va ayonlarda ruslarni yengib bo‘lmaydi degan tushkun kayfiyat shakllanadi. Shu tariqa 1875 yil sentabrda Kaufman jiddiy qarshilikka uchramasdan Qo‘qonga kirib boradi.

Nasriddinxon va uning ayonlari Kaufmandan kechirim so‘rashadi. Shu yerda Qo‘qon xonligi va Rossiya imperiyasi o‘rtasida yangi bitim tuziladi. Unga ko‘ra Nasriddinxon o‘zini Rossiya imperatorining xizmatkori deb tan oladi.

Shuningdek, bitimda Qo‘qon xonligi Rossiyaga 2 million rubl miqdorda tovon puli to‘lashi va Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi yerlardan voz kechishi belgilab qo‘yiladi. Oqibatda Namangan va Chust kabi shaharlar Rossiya ixtiyoriga o‘tib ketdi.

Bundan tashqari, xonlik Rossiyaning ruxsatisiz hech qanday tashqi aloqalar yoki harbiy harakatlar qilmaslik majburiyatini oladi. Shu tariqa, Qo‘qon xonligi ham xuddi Buxoro amirligi va Xiva xonligi kabi Rossiyaning vassaliga aylanadi. Ammo qora kunlar hali oldinda edi.

Qo‘qon xonligi bilan bitim tuzganidan so‘ng Kaufman Andijondagi qo‘zg‘olonchilarga qarshi kichik qo‘shin yuboradi. Ruslar bu jangda yengiladi.

G‘alabadan ruhlangan qo‘zg‘olonchilar Qo‘qonga yurish qiladi. Shu paytda Nasriddinxonning Kaufman bilan sharmandali bitim tuzganidan norozi bo‘lgan qo‘qonliklar ham qo‘zg‘olon boshlaydi. Bo‘lib o‘tgan janglarda Nasriddinxon qo‘shinlari yengiladi va u oila a’zolarini olib Qo‘qondan chiqib ketadi.

Shu tariqa, Qo‘qon xonligini bor-yo‘g‘i uch oy – 1875 yil iyuldan oktyabr oyigacha boshqargan Nasriddinxon ruslar panohiga qochadi. U ham otasi Xudoyorxon singari avval Xo‘jandga so‘ng Toshkentga boradi.

Kaufman General Skobelev boshchiligidagi qo‘shinlarni qo‘zg‘olonchilarning markazi bo‘lgan Andijonga yuboradi. Baliqchi yaqinidagi asosiy jangda qo‘zg‘olonchilar yengiladi.

Shundan so‘ng qonxo‘r general Andijonni to‘pga tutib vayron qiladi va bir necha ming nafar tinch aholi vakillarini o‘ldiradi.

1876 yil yanvarda bo‘lib o‘tgan janglarda soxta Po‘latxon qo‘shinlari Skobelevdan yengiladi. Bu paytda soxta Po‘latxon Qo‘qonda edi.

1876 yil fevralda Namanganda turgan Skobelev Aleksandr II ning imzosi qo‘yilgan farmon oladi. Farmonda Qo‘qon xonligini butunlay bosib olish topshirig‘i berilgan edi. 1876 yil 15 fevralda Qo‘qon qamal qilinadi.

«Qamalda qolgan Nasriddinxon endilikda o‘zaro janglar, qirg‘inlar natijasida nihoyatda ezilgan va qashshoqlashgan Farg‘onani tish-tirnog‘igacha harbiy jihatdan mukammal qurollangan yovuz rus bosqinchilaridan saqlab qolishga ko‘zi yetmaydi. Oddiy ibtidoiy qurollar bilan qurollangan xalqini qonga botirish gunoh deb bilgan Qo‘qonning so‘nggi xoni ruslarga taslim bo‘ladi. 1876 yil 19 fevral kuni Rossiya imperatori Aleksandr II ning farmoni bilan Qo‘qon xonligi tugatilib (shu kuni imperator tug‘ilgan kuniga hadya sifatida tortiq qilingan), uning hududida Turkiston general-gubernatorligi tarkibidagi yangi Farg‘ona viloyati tuziladi», deb yozadi Shoxruhbek Umarov «Xudoyorxon avlodlari tarixi» asarida.

Shoxruhbek Umarov shu o‘rinda sanalarda adashgan. Aleksandr II 18 fevralda tug‘ilgan va katta ehtimol bilan Qo‘qon xonligining tugatilishi ham 1876 yil 18 fevralda e’lon qilingan.

Qolaversa, 1876 yil fevral oyida Qo‘qon ruslar tomonidan qamal qilinganda u yerda soxta Po‘latxon hukmdorlik qilar, Nasriddinxon bu paytda Toshkentda edi.

Shuningdek, tarixchi olim Haydarbek Bobobekov o‘zining «Isyon» nomli maqolasida shunday keltiradi:

«1875 yil 9 oktyabr kuni ertalab Qo‘qon shahrida qo‘zg‘olon boshlanadi. Qo‘zg‘olonchilar xon o‘rdasiga hujum qilishadi. Bu hujum 3 soat davom etadi. Nasriddinxon o‘rdadan qochib ketishga majbur bo‘ladi. Qo‘zg‘olonda shahar atrofidagi qishloq aholisi ham faol ishtirok etadi. Jangda Otabek noib halok bo‘ladi. Sulton Murodbek asirga olinadi, Mirza Hakim parvonachining uyi talon-toroj qilinadi va yondirib tashlanadi. Shunday qilib Po‘latxon Qo‘qon xonligiga yagona hokim bo‘lib qoladi».

Qo‘qonda kechgan janglarda yengilgan soxta Po‘latxon Marg‘ilon yaqinida ruslar qo‘liga tushadi. Uni xalqning ko‘z o‘ngida dorga osishadi. Haydarbek Bobobekovning yozishicha, soxta Po‘latxon – Mulla Ishoq o‘ldirilganda 33 yoshda bo‘lgan.

Shu tariqa Qo‘qon xonligi tugatiladi. Uning o‘rniga tashkil etilgan Farg‘ona viloyatiga general Skobelev harbiy gubernator etib tayinlanadi.

Po‘latxon o‘ldirilgandan so‘ng ham Farg‘ona vodiysining turli hududlarida qo‘zg‘olonlar davom etadi. Ayniqsa, «Oloy malikasi» nomi bilan tanilgan ayol – Qurbonjon dodxoh va uning o‘g‘illari boshchiligidagi qo‘zg‘olon qariyb bir yil davom etadi.

Ruslar Qurbonjon dodxohni yenga olmagach Skobelev u bilan muzokaralar o‘tkazadi. Ruslar ayolning barcha shartlariga rozi bo‘lgach u qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatadi.

Toshkentga qochgan Nasriddinxonning hayoti ham otasi Xudoyorxonniki kabi ayanchli tugaydi. Xudoyorxonni aldab Orenburgga jo‘natgan Fon Kaufman Nasriddinxonni Rossiyaning Vladimir shahriga surgun qiladi.

«U surgunda vatani Farg‘onani esdan chiqara olmaydi. Sovuq hamda ayriliqqa chidolmay kasalga chalinib qoladi. 1880 yilda Toshkentga qaytib kelishga ruxsat oladi. Betobligidan ozib ketgan va kuchdan qolgan Nasriddinxon Toshkentga Turkiston orqali keladi. U Turkiston shahrida yashayotgan Og‘achaoyim, shahzoda Fansurullobek va O‘rmonbekni olib qaytadi. Ular Shayx Hovandi Tohur dahasidagi Zanjirlik mahallasidan ijaraga olingan uyda yashay boshlaydilar», deb yozadi Shoxruhbek Umarov.

1882 yilda Nasriddinbek Toshkentda vafot etadi. Uni Shayx Hovandi Tohur qabristoniga dafn etishadi (Keyinchalik sovetlar davrida bu qabriston buzib yuborilgan va o‘rniga ma’muriy binolar tiklangan. Hozirgi Islom universiteti binosi ham shu qabriston o‘rniga qurilgan).

Po‘latxon qo‘zg‘oloni sovetlar talqinida

Markaziy Osiyoning oktyabr to‘ntarishidan avvalgi tarixini qoralab kelgan sovetlar ruslarga qarshi ko‘tarilgan bir nechta qo‘zg‘olon haqida lom-lim demagan holda Po‘latxon qo‘zg‘oloniga katta e’tibor berishgan.

Darsliklarda 1898 yilda Mingtepada bo‘lib o‘tgan (Hozirgi Marhamat tumani) Dukchi eshon qo‘zg‘oloni yoki 1916 yilda sodir bo‘lgan Jizzax qo‘zg‘oloni kabilar uncha eslanmay, Po‘latxon qo‘zg‘oloni haqida batafsil ma’lumotlar berilgan.

Sovetlar Po‘latxon qo‘zg‘olonini «oddiy xalqning feodallarga va xonga qarshi ozodlik harakati» deb talqin qilishadi. Ko‘pgina tarixchilar esa bunga qo‘shilmaydi va Po‘latxon qo‘zg‘olonini qipchoqlarning Qo‘qon taxtini egallash uchun boshlagan harakati deb talqin qiladi.

Jumladan, Shoxruhbek Umarov o‘z kitobida shunday yozadi:

Sho‘rolar zamonida xalq qo‘zg‘oloni, milliy-ozodlik harakati nomi bilan shuhrat topgan Po‘latxon isyoni aslida bu o‘troq aholi va ko‘chmanchi qirg‘iz-qipchoqlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuv, urug‘-aymoqchilik asosida bo‘lib o‘tgan qarshilik edi. Bu isyon orqali qirg‘iz-qipchoqlar xonlikdagi hukumatni qo‘lga olishga intildilar. Po‘lotxon xonlikdagi eng yovuz, eng mutaassib va johil kuchlar qo‘lidagi qo‘g‘irchoq xon edi. Ayni shu kuchlarning xiyonati natijasida rus qo‘shinlari Farg‘ona vodiysini bosib olishga muvaffaq bo‘ldilar».

Tarixiy manbaalarga ko‘ra, soxta Po‘latxonga rahnamolik qilgan Abdurahmon oftobachi Musulmonqulning o‘g‘li, Xudoyorxonning qaynisi, Nasriddinxonning esa tog‘asi bo‘lgan.

Bir paytlar Xudoyorxon o‘z qaynotasi Musulmonqulni dorga ostirgan, so‘ng xonlik hududida qipchoqlar qirg‘inini uyushtirgan, o‘shanda ko‘plab odam o‘ldirilgandi. Ehtimol, Abdurahmon oftobachi o‘sha ishlarning qasosi uchun Xudoyorxonga qarshi chiqqan.

Oxir-oqibat soxta Po‘latxon boshchiligida Xudoyorxonga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olon xonlik hududining ruslar tomonidan tezroq bosib olinishiga sabab bo‘ladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid