Jamiyat | 19:00 / 26.12.2022
25618
3 daqiqa o‘qiladi

1600 o‘rinli o‘quv binosi, 800 o‘rinli talabalar turar joyi UrDU jamoasi uchun bayram tuhfasi bo‘ldi

Urganch davlat universitetida bir vaqtning o‘zida 800 o‘rinli talabalar turar joyi, ikkita o‘quv binosi, texnopark va zamonaviy kutubxonaning ochilish marosimi o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Xorazm viloyati hokimligi, keng jamoatchilik vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari ishtirok etdi.

Kimyoviy texnologiya fakultetining yangi o‘quv binosi 850 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, binoda konferensiya zallari, sport zali, 10 ta laboratoriya xonasi, 18 ta o‘quv auditoriyalari va boshqa zaruriy xonalar mavjud.

Tadbir ishtirokchilari fakultet yangi binosining o‘quv auditoriyalari, laboratoriya xonalari bilan tanishdilar. Hozirda fakultetda oziq-ovqat xavfsizligi, yog‘-moy mahsulotlari, go‘sht mahsulotlari hamda don mahsulotlari laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Jahon taraqqiyoti banki mablag‘lari hisobidan 42 turdagi laboratoriya jihozlari sotib olinib, foydalanishga topshirilgan. Ushbu laboratoriyalar doimo yosh olimlar bilan gavjum.

Shundan so‘ng, Kimyoviy texnologiyalar fakulteti hududida joylashgan, yangi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgan 7-sonli talabalar turar joyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu talabalar turar joyi to‘rt qavatli bo‘lib, 800 o‘ringa mo‘ljallangan. Binoda 8 ta madaniy dam olish xonasi, 4 ta dars tayyorlash xonalari, 8 ta oshxona, 8 ta yuvinish xonalari mavjud.

Shu kunning o‘zida Urganch davlat universitetida Texnika fakultetining 1600 o‘rinli o‘quv binosi va 250 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar kutubxonasi ham foydalanishga topshirildi.

Tashrif avvalida mehmonlar fakultetning ilmiy-innovatsion ko‘rgazmasi bilan tanishdilar. Fakultet olimlari tomonidan ko‘rgazmadan joy olgan barcha ilmiy loyihalar taqdimot qilindi.

Texnika fakultetining yangi binosi universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan kapital ta’mirlandi. Bino 1600 o‘rinli bo‘lib, 3 qavatli o‘quv binosi, 1 o‘quv-laboratoriya binosi, majlislar zali hamda sport zallaridan iborat. Binoda 33 ta o‘quv xonasi, 20 ta laboratoriya xonasi mavjud.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, 250 o‘ringa mo‘ljallangan kutubxona Texnika va Filologiya fakulteti talabalari uchun xizmat qiladi. Kutubxona umumiy fondi 24 mingga yaqin. Axborot-resurs markazida talabalar uchun qulayliklar yaratilgan. Ikkita katta o‘quv zali, kompyuter xonalari, adabiyotlarni saqlash fondlari mavjud. Kutubxona doimiy ravishda talabalar bilan gavjum.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qulayliklar universitet pedagogik jamoasiga ham bir qator qulayliklar beradi. Shuningdek, talabalarning sifatli ta’lim olishi, vaqtdan yanada samarali foydalanishi uchun xizmat qiladi.

Urganch davlat universiteti axborot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid