O‘zbekiston | 20:41 / 26.12.2022
44111
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda «Dok-1 MAKS» preparatini ichgan 18 bola vafot etgani aytildi

O‘rganish davomida mutaxassislar «Dok-1 MAKS» preparatini 2 yoshdan qo‘llash mumkinligi ko‘rsatilgani, lekin shunday tarkibli boshqa kompaniyalar preparatlarini asosan 12 yoshdan keyin qo‘llashga ruxsat berilganiga e’tibor qaratgan.

Samarqanddagi bolalar shifoxonasida «Dok-1 MAKS» preparati sabab 15 nafar bola vafot etgani haqida ma’lumot tarqalgandi.

Foto: Bolalar ombudsmani axborot xizmati

24 dekabr kuni Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova hamda bola huquqlarini ta’minlash sektori vakillari Samarqand viloyati bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati mudiri, viloyat prokurori birinchi o‘rinbosari, Samarqand shahar prokuraturasi xodimlari, viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi rahbari va viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh pediatri ishtirokida yuqoridagi holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganishlar ko‘ra, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida sentabr–dekabr oylarida 21 nafar bemor o‘tkir buyrak zararlanishi bilan tekshirilgan, davolangan. Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatidan bo‘lgan. 3 nafar bemor sog‘lomlashtirilib uyiga javob berilgan va 18 nafari vafot etgan. Bemorlarning barchasi 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Ularning 15 nafari 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar.

Foto: Bolalar ombudsmani axborot xizmati

Bemorlar yaqinlaridan ularning kasallanish sabablari surishtirilganda ularda shamollash alomatlari bo‘lgani va davolash maqsadida «Dok-1 MAKS» preparati qabul qilishganidan so‘ng ahvoli og‘irlashganini aytishgan.

«Dok-1 MAKS» preparatining har 10 mlda paratsetamol – 500 mg, gvayfenezin – 200 mg, fenilefrina gidroxlorid – 10 mg mavjud. Mutaxassislar «Dok-1 MAKS» preparatni 2 yoshdan qo‘llash mumkinligi ko‘rsatilgani, lekin shunday tarkibli boshqa kompaniyalar preparatlarini asosan 12 yoshdan keyin qo‘llashga ruxsat berilganini ta’kidlashdi.

«Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunining 40-moddasida patologik-anatomik tadqiqotlar sog‘liqni saqlash muassasalarida odam hayotligida hamda o‘lganidan so‘ng tashxis qo‘yish (biopsiya va autopsiya), shuningdek, klinik sharoitda tashxis qo‘yish va kasallikni davolash ishlari to‘g‘ri olib borilganini nazorat qilish, o‘lim sabablari haqida aniq ma’lumotlar olish maqsadida o‘tkazilishi belgilangan.

Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Patologik-anatomik tadqiqotlar o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga (22.02.2019 yil ro‘yxat raqami 3138) ko‘ra davolash-profilaktika muassasalarida vafot etgan shaxslarning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida patologik-anatomik tadqiqotlar o‘tkazish belgilangan, lekin vafot etgan bemorlarning birortasi ham patologik-anatomik tadqiqotdan o‘tkazilmagan.

Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi o‘z o‘rganishlarini davom ettirmoqda. Samarqand shahar prokuraturasi har bir o‘lim holati bo‘yicha surishtiruv-tergov olib bormoqda.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil Samarqand viloyati prokurori birinchi o‘rinbosaridan holat bo‘yicha chuqur o‘rganish olib borishlarini va har bir holatda aybdorlar jazosiz qolmasligi, qonun ustuvorligi ta’minlanishi shartligini so‘radi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan holat to‘liq nazoratga olingan.

Mavzuga oid