Jahon | 08:49 / 26.12.2022
7429
2 daqiqa o‘qiladi

Serbiya janubi-sharqida ammiak sizib chiqishi sababli favqulodda holat e’lon qildi

Serbiyaning Pirot shahri yaqinida ammiakli yuk poyezdi relsdan chiqib ketdi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, 51 kishida zaharlanish belgilari kuzatilgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Serbiya janubi-sharqidagi Pirot shahrining bir qancha tumanlarida ammiak olib ketayotgan yuk poyezdi relsdan chiqib ketgani sababli favqulodda holat e’lon qilindi. Voqea 25 dekabr, yakshanba kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Serbiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, sizib chiqqandan so‘ng ammiak tashqariga chiqib, atmosferaga katta miqdorda tarqalgan.

Shahar meri Vladan Vasichning so‘zlariga ko‘ra, 51 kishida gazdan zaharlanish belgilari aniqlangan, ulardan yetti nafari kasalxonaga yotqizilgan. 60 mingga yaqin aholisi bo‘lgan Pirotda bir qator ko‘chalar to‘sib qo‘yilgan. Aholiga zarurat bo‘lmasa, uylarini tark etmaslik tavsiya etilgan.

Serbiya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ammiak sizib chiqishi tufayli ko‘rish imkoniyati cheklanganligi sababli Bolgariyaga olib boruvchi shosseda bir nechta avtomobil falokatga uchragan. Magistral to‘sib qo‘yilgan, mahalliy yo‘llar bo‘ylab harakat tashkil etilgan.

Serbiyaning Srbija Kargo milliy yuk temiryo‘l kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, relsdan chiqib ketgan poyezd qo‘shni Bolgariyadan xavfli yuk olib ketayotgan 20 ta sisternadan iborat bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa turar joylardan tashqarida sodir bo‘lgan. Xavfsizlik maqsadida to‘rt kilometr radiusdagi hudud o‘rab olingan. Hodisa sabablari aniqlashtirilmoqda.

Mavzuga oid