Kiyevliklar blekaut sharoitida qanday yashamoqda?
Rossiya harbiylari tomonidan Ukrainaning muhim energetik infratuzilmalari muntazam ravishda o‘qqa tutilayotgani sababli ukrainaliklar doimiy elektr energiyasi va issiqlik ta’minoti uzilishi sharoitida yashashga majbur bo‘lmoqda. Okkupatsiya asoratlaridan hali tiklana olmagan Kiyev oblasti uchun bu ikkinchi og‘ir qish.
Issiqlik batareyalari issiqlik berilgan taqdirda ham kvartirani isitmaydi. Chunki ular erta bahorda, rus armiyasi Borodyankani egallab olganida muzlab qolgan va yorilib ketgan.
Shuning uchun Lesya Rusnak, uning turmush o‘rtog‘i hamda bolalari duxovka va isitgichlarga suyanadi. Elektr energiyasi o‘chirilganda, bolalar xonasidagi harorat +7 darajagacha tushib ketadi.
«Borodyankada shanbadan seshanbagacha bo‘lgan muddatda kuniga yarim yoki bir soat elektr energiyasi bo‘ladi», deydi Lesya.
Borodyanka. «Biroz sabr qilish kerak»
«Uy egasi menga «Pes Patron» (Patron it — Ukrainadagi qarshilik harakati ramzlaridan biri, mamlakatda uning tasviri tushirilgan turli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda) konfetini uzatganda uning sobiq kvartirasi joylashgan, bombalar ostida qolgan ko‘p qavatli uyning oxirgi devorlari buldozerlar tomonidan yiqitilayotgandi. Bino Borodyankadagi Taras Shevchenko yodgorligi qarshisida joylashgandi», deydi Lesya bilan suhbatlashgan BBC nashri jurnalisti.
«Men tunda yer qanday larzaga kelganini eshitdim. Biz yerto‘ladan chiqqanimizda bino allaqachon yo‘q bo‘lgandi», deya eslaydi 41 yoshli Lesya.
Hozir uning oilasi qarindoshining kvartirasida yashaydi. Bu yerda kommunal xizmat bepul almashtirib bergan deraza oynalari yetarli emas. Portlash to‘lqinlaridan birining yorig‘i besh qavatli binoning tepasidan pastiga qadar o‘tgan. Ammo aholi bundan xavotirlangani yo‘q.
Lesyaning aytishicha, u baxtli. Uning butun oilasi tirik va sog‘lom, o‘zi esa o‘qituvchi bo‘lib ishlayapti. Ayolning yana «biroz sabr qilish» kerakligiga ishonchi komil. U hozir Yangi yil bayramini kutmoqda.
Uning qo‘shnisi, 18 yoshli Anastasiya Melnichenko esa bu binoda yashayotgani yo‘q. Uning ota-onasi inshoot shikastlangani uchun qishloqdagi hovlisida qolishga qaror qilgan.
Anastasiyaning so‘zlariga ko‘ra, qishloqda Rossiya armiyasining ommaviy zarbalari tufayli joriy qilingan o‘chirish jadvallari endi umuman ishlagani yo‘q. Shu sabab, u onlayn o‘qish uchun har kuni avtobusda Borodyankadagi «buzilmas punkt»ga keladi. Bunday punktlar butun Ukraina bo‘ylab tashkil qilingan bo‘lib, ularda isinish, dam olish va mobil qurilmalarni zaryadlash mumkin.
Elektr yo‘qligi Anastasiyaga okkupatsiya davrini eslatadi. O‘shanda u ota-onasi bilan asosan kartoshka yeb kun ko‘rgan.
«Oldin shunchaki omon qolish kerak edi, endi esa yashash uchun harakat qilish kerak», deydi xo‘rsinib u.
BBC jurnalistlari Lesya bilan suhbatni tugatganda buldozerlar uning sobiq uyi devorlarini yiqitib bo‘lgan, Taras Shevchenko haykali esa buldozerlarga tikilib turgandi.
Oq cherkov. Issiqlik va suvning uzilishi
Gostomelda to‘rt kundan beri elektr energiyasi yo‘q. Ammo manzara u qadar yomon emas: ayol bolasini ulkan samolyot maketi yonida suratga tushirmoqda, o‘yga tolgan qizaloq arg‘imchoq uchmoqda, bozorda esa qaynoq savdo ketmoqda.
Bozordan uncha uzoq bo‘lmagan joyda isinish punkti bor. U yer issiq bo‘lib, pechkada o‘tin shitirlaydi, atrofda sariq va ko‘k sharchalar osilib turadi.
Ammo opa-singillar Olga va Svetlanada isinish uchun vaqt yo‘q, chunki ularning olma va noklari savdosi avjida.
«Eng yomoni elektr energiyasi yo‘qligi, chunki issiqlik va suv to‘xtab qolganda bu menga katta fojia bo‘lib tuyulmagandi. Odamlar okkupatsiya paytida hech narsasiz ham yashay olgandi. Issiqlik va suvni qayta tiklashgandan judayam xursandman», deydi 19 yoshli Olga.
Opa-singillar mevalarni Vinnitsa oblastidan olib keladi, u yerda Svetlana va uning erining o‘z fermasi bor. Svetlananing aytishicha, Olga va onasi mart oyi o‘rtalarida «yashil yo‘lak» orqali uning yoniga qochib kelishga qaror qilgan, biroq otishma ichida qolib ketishgan.
Qizlarning onasi o‘sha yerda vafot etgan, uni fojia sodir bo‘lgan joy yaqinida yashovchi odamlar dafn qilgan. Hudud ozod qilingandan keyingina opa-singillar onasini qayta dafn qilish muvaffaq bo‘lgan.
Olganing aytishicha, u yangiliklarni kuzatib boradi va hammasidan ham ko‘proq Rossiyaning qayta hujum boshlashidan qo‘rqadi.
Irpin. «Buzilmas punkt» xuddi metro vagoni kabi gavjum»
Uzoq zulmatdan so‘ng Kiyevning chekka tumanlariga ham yorug‘lik qaytgach, isitish punktlari tezda bo‘shab qoladi. Ammo Irpindagi qutqaruv chodirida 38 yoshli Petro Gamchuk telefonni quvvatlantirish uchun qolgan. Petroning aytishicha, uning rayonida to‘rt kundirki, elektr energiyasi yo‘q.
«Hammasidan og‘ir kun, bir kun oldin bo‘ldi. Bu yer xuddi metro vagoni kabi gavjum edi», deydi isitish punktidagi Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati navbatchilari.
Petro ham o‘sha kun shu yerda bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bo‘sh joy yetishmagani uchun uxlashning iloji bo‘lmagan va gadjetini zaryadlash hammaga ham nasib qilmagan.
Mahalliy onlayn hamjamiyatlarda ham bu boradagi (elektr yetishmovchiligi) shikoyatlar mavjud.
Ammo Petro shikoyat qilmagan va barcha narsa haqida tabassum bilan gapirgan. «A nima, yig‘lashim kerakmi?» degan u jurnalistlarga.
Elektr o‘chganda, u nafaqat yorug‘lik va issiqlikni, balki daromadini ham yo‘qotadi, chunki u santexnik. Shu bois, u gohida kunlab ishsiz o‘tiradi, gohida esa kechki o‘ngacha ishlaydi.
Petro Rossiyaning Ukraina infratuzilmasini o‘qqa tutayotganiga shunday izoh bergan — «Ular isqirt haromxo‘rlar».
Jurnalistlar Petro bilan xayrlashib qaytayotganlarida, shahar kengashi atrofidagi mahallalardagi xonadonlar, kafe, restoranlar, kamida bitta sport zali va bank derazalari yorishgan.
Mavzuga oid
10:47
Rossiya 145 ta dron bilan Ukrainaning yirik shaharlariga hujum qildi
09:00
Kiyev: Tramp inauguratsiyasigacha «tinchlik rejalari» haqidagi gaplar asossiz
08:19
Bayden respublikachilarni Ukrainaga yordam berishga ishontirmoqchi
21:05 / 10.11.2024