O‘zbekiston | 23:14 / 29.12.2022
13811
2 daqiqa o‘qiladi

Mass-media fondi rahbari tergov izolyatorida qoraqalpog‘istonlik jurnalist bilan uchrashdi 

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining Vasiylik Kengashi raisi sudlanayotgan jurnalist Lolagul Qallixanova bilan suhbatlashdi. 

Foto: Milliy mass-media fondi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining Vasiylik Kengashi raisi Nozima Davletova Buxoro shahridagi tergov izolyatorida shu yilning 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha sudlanayotgan jurnalist Lolagul Qallixanova bilan uchrashdi. Uchrashuv Qoraqalpog‘iston voqealarini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan Mustaqil Komissiya ko‘magida tashkil etildi. 

Jurnalist bilan izolyatordagi sharoit, sud majlisi qanday o‘tayotgani, oilaviy va shaxsiy masalalarda suhbat olib borildi. 

Qallixanova sog‘lig‘i yuzasidan va hibsdagi sharoitdan shikoyati yo‘qligini, unga nisbatan hech qanday noqonuniy xatti-harakat bo‘lmayotganini, barcha tergov harakatlari qonunga muvofiq va himoya huquqi ta’minlangan holda amalga oshirilganini aytib o‘tdi. 

Suhbat payti Qallixanova mamlakatimizda jurnalistlar hamjamiyatining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish zarurligini, ular o‘z huquq va majburiyatlarini aniq anglashi muhimligini, bu esa, o‘z navbatida, jurnalistlarning himoyalanganlik darajasini oshirishini gapirdi. 

Nozima Davletova Mass-media fondi Qallixanovaning oilasiga yordam berishga, qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi. 

Mavzuga oid