O‘zbekiston | 11:19 / 30.12.2022
16152
7 daqiqa o‘qiladi

Tez yordamchilar kaltaklandi, shifoxonalar buzildi, sirop ichgan bolalar o‘ldi – 2022 yil tibbiyot sohasida nimalar bo‘ldi?

Yakunlanayotgan 2022 yil tibbiyot sohasi vakillari uchun sinovlarga boy bo‘ldi. Yil boshida ko‘tarilgan koronavirus to‘lqini, tez tibbiy yordam xodimlarining kaltaklanishi, shifoxonalarning buzilishi va «Dok-1 Maks» dori vositasidan bolalarning halok bo‘layotgani shular jumlasidan.

Kun.uz tibbiyot sohasida sodir bo‘lgan muhim voqealarni eslaydi.

Koronavirusning yangi to‘lqini

2022 yil boshidan O‘zbekistonda pandemiya davridagi rekord ko‘rsatkich qayd etildi. Tez yordamga o‘n kunda qariyb 350 mingta chaqiriq kelib tushdi.  Oqibatda, Toshkentda tez yordam xizmatiga tushgan chaqiriqlar saralanib ahvoli yengil bemorlarga poliklinikalar xizmat ko‘rsatdi.

Koronavirusga chalinganlar soni ikki kun ketma-ket antirekord natijani qayd etganidan so‘ng, hatto besh yoshga to‘lgan bolalarni emlashga ham ruxsat berildi. Boisi kasallikka chalinganlar ichida emlanmaganlar ulushi ko‘pchilikni tashkil etdi.

Yanvar oxiriga borib kasallik chekina boshladi. Hatto kovid karantini ikki haftadan 7 kunga qisqartirildi. Yanvar oyiga nisbatan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan maxsus 1 va 2-son Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalariga bemorlar gospitalizatsiyasi 7 baravarga kamaygani munosabati bilan 1-martdan odamlarga ochiq havoda niqob taqmay yurishga ruxsat berildi.

Shifokorlarning haqi berilmadi, kamiga kaltaklandi

Koronavirus pandemiyasi davrida prezident qaroriga ko‘ra koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirib og‘ir ahvolga tushgan va sog‘lig‘i tiklanmagan taqdirda tibbiyot xodimiga yoki uning oila a’zolariga 250 mln so‘mlik bir martalik to‘lov to‘lanishi belgilangan. Ammo bu to‘lov barcha shifokorlarga ham to‘lab berilmadi.

Toshkentda tez yordam uchun borgan shifokor bemorning o‘g‘li tomonidan kaltaklandi. Oqibatda feldsher J.I. ko‘krak qafasiga zarba olgan va ahvoli yomonlashgan. Shunga qaramay, tibbiy brigada o‘z xizmat burchiga mas’uliyat bilan yondashib, chaqiriqni yakunlagan, ya’ni bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining qabul bo‘limiga olib borgan.

Shundan so‘ng «103» feldsheri J.I. mazkur shifoxonaning xirurgiya bo‘limi shok zaliga ko‘krak qafasining yopiq jarohati tashxisi bilan yotqizilgan.

Ko‘p o‘tmay Toshkentda tez yordam xodimlari yana kaltaklandi. Bu safar tez tibbiy yordam mashinasi haydovchisiga shikast yetkazildi. Tekshiruvlar natijasida u bosh miya yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, chap tizza sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi tashxisi bilan neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.

Tez yordam xodimlarini zo‘ravonlikdan himoyalash uchun bodikameralardan foydalanish haqida taklif berildi. SSV rasmiysi bu taklifning bahsli tomonlari borligini aytdi. Ma’lum qilinishicha, tibbiyot xodimlariga tajovuz qilganlik uchun 15 sutkalik qamoq va jarima jazolari kuchaytirilishi mumkin – tegishli qonun parlamentda ko‘rilyapti.

Shifoxona o‘rniga avtoturargoh

Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Shifokorlar ko‘chasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi birlashgan kompleksi barpo etilmoqda. Uning tarkibiga Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, markazning poytaxt filiali, markazning Toshkent viloyati filiali kiradi.

Shu munosabat bilan Respublika onkologiya markazi hamda uning Toshkent shahri va Toshkent viloyati filiallari hukumatning yashirin qaroriga asosan bino-inshootlari bilan sotuvga qo‘yilgani ko‘plab muhokamalarga, jamoatchilik va onkologlar e’tiroziga sabab bo‘ldi. Natijada ikkita onkologiya binosi sotilmaydigan bo‘ldi.

Bu hammasi emas. Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev 2022 yil 20 sentabrda imzolagan 255-son buyruq bilan Toshkent shahridagi Toshkent stomatologiya institutiga qarashli bir qavatli bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi binosi buzib tashlangan.

Binoni buzishdan maqsad Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun avtoturargoh qurish bo‘lgan. Bino 2022 yil sentabr oyida buzib yuborilgan. Bino buzilgunga qadar bo‘limda faoliyat yuritib kelgan shifokorlar va boshqa xodimlar Stomatologiya instituti sport zalining birinchi qavatiga ko‘chib o‘tib, ishlab yurishdi.

Zaharga aylangan “ziddizahar”

Yil yakunlanishiga bir hafta qolganda ijtimoiy tarmoqlarda «Dok-1 Maks» preparati bolalar o‘limiga sabab bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi oxirgi 2 oy ichida 15 nafar bola «Dok-1 Maks» preparati sababli vafot etgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.

Markazning shu mazmunda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga 15 dekabr kuni chiqargan xati ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi holat yuzasidan o‘tkazgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, tekshiruv jarayonida mamlakatda o‘tkir respirator kasalliklarga chalingan 21 nafar bolaning 18 nafarida «Dok-1 Maks» siropini ichish oqibatida o‘lim holati aniqlangan.

«Dok-1 Maks» siropi oqibatlarini o‘rganish natijalariga ko‘ra 7 nafar mas’ul ishdan olingani haqida xabar berildi. Biroq ularning kimligi ma’lum qilinmadi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, o‘sha yetti nafar mas’uldan biri aynan mana shu «o‘lim dorisi» haqida yuqoriga xabar qilgan markaz direktori Azizov bo‘lishi mumkin.

Mazkur preparat sabab bolalar o‘lim holatlari hamon kuzatilmoqda.

Hindistonning «Marion Biotech» kompaniyasi O‘zbekistonda kamida 19 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan «Dok-1 Maks» siropini chiqarishni to‘xtatdi. Hindiston hukumati bu borada surishtiruv boshlagan va tez orada hisobot beriladi.

O‘zbekiston milliy axborot agentligiga ko‘ra, surishtiruv olib boruvchi tomon O‘zbekiston hukumatidan ham vafot etgan bolalar haqida hisobot so‘ragan.

Mavzuga oid