O‘zbekiston | 13:12 / 03.01.2023
31542
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh elchixonasi Meksika orqali Amerikaga noqonuniy kirmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi

Elchixona bunday holatlarda odam savdosi hamda moliyaviy firibgarlik qurboniga aylanish xavfi borligini bildirib, AQShga kirishning qonuniy yo‘llarini izlab topishga chaqirgan.

Foto: Reuters

Ma’lum qilinishicha, AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi konsullik bo‘limi Meksika-AQSh chegarasi orqali Qo‘shma shtatlar hududiga kirish bilan bog‘liq savollarni qabul qilmoqda.

«AQSh elchixonasi, noqonuniy yo‘l bilan AQSh hududiga kirishga urinayotgan shaxslarni o‘z hayotlarini jinoyatchilik, odam savdosi hamda moliyaviy firibgarlik qurboniga aylanish xavfi ostiga qo‘yishlari haqida ogohlantiradi. Noqonuniy yo‘l orqali AQShga kelish hech qachon xavfsiz bo‘lmagan. Migrantlarni AQShga xavf-xatarlar ostida noqonuniy tarzda migratsiya qilishdan ko‘ra, hududga kirishning qonuniy yo‘llarini izlab topishlariga chorlab qolamiz», - deyiladi AQShning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonasi bayonotida.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolarini noqonuniy ravishda AQShga yuborishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olinmoqda. Xususan, 2022 yilda kamida 5 ta holatda o‘zbekistonliklarni Meksika orqali AQShga noqonuniy yo‘l bilan jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Firibgarlar har bir migrant uchun 10 mingdan 60 ming AQSh dollarigacha talab qilishgan

Mavzuga oid