Jahon | 14:29 / 07.01.2023
13686
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya davlat kompaniyalaridan urush uchun foydaning 50 foizi olib qo‘yilishi mumkin

Rossiya hukumati davlat kompaniyalari, ko‘mir qazib oluvchilar va o‘g‘it ishlab chiqaruvchilardan ko‘proq pul olishga, shuningdek, mudofaadan tashqari budjet xarajatlarini qisqartirishga harakat qilmoqda, deb xabar beradi Bloomberg.

Mixail Mishustin / Foto: Reuters

Bloomberg agentligining 6 yanvar, juma kuni xabar berishicha, Ukrainaga qarshi urushga sarflanadigan xarajatlar ortib borayotgani sababli Rossiya hukumati o‘g‘it ishlab chiqaruvchi va ko‘mir qazib oluvchi kompaniyalardan «bir martalik to‘lov» olishga, shuningdek, mudofaadan tashqari xarajatlarni qisqartirishga qaror qildi. Unga ko‘ra, bu haqda Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin tomonidan dekabr oyi o‘rtalarida tayyorlangan hujjatda aytilgan. U haqida rasman hech narsa ma’lum emas. 

Agentlik manbalariga ko‘ra, Rossiya hukumati davlat kompaniyalari uchun sof foydaning 50 foizdan ortiq miqdorida dividendlar belgilash niyatida va bu chora doimiy emas, bir martalik bo‘lishi kerak. Manbalarga ko‘ra, hukumatdagi kompaniyalardan dividendlar undirish miqdori bo‘yicha qaror hali qabul qilinmagan, bu 2022 yil yakuni bo‘yicha budjet taqchilligi qanday bo‘lishiga bog‘liq. Bundan tashqari, hujjat go‘yoki mudofaa va xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lmagan budjet xarajatlarini qisqartirishga ishora qiladi, buning natijasida kamida 150 milliard rubl tejash rejalashtirilgan. Xususan, ijtimoiy soha – ta’lim va tibbiyotga xarajatlar qisqartiriladi. 

Olingan mablag‘lar urush sabab bo‘lgan xarajatlarni qoplashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hujjatda Xerson viloyatidan 100 ming kishini Rossiyaga majburiy ko‘chirish uchun qo‘shimcha 175 milliard rubl ajratish haqida so‘z boradi. Bloomberg ta’kidlaganidek, bu Kremlning Rossiya qo‘shinlari noqonuniy annexia qilinganidan bir necha hafta o‘tib kuzda tark etgan Xerson viloyatining bir qismini qaytarishga umidi kamligini aniq tan olishdir. 

Rossiya Federatsiyasi hukumati va Moliya vazirligi Bloomberg so‘roviga javob bermadi. Agentlik buni Rossiyadagi yangi yil bayramlari bilan bog‘layapti.

Mavzuga oid