Rashid Qodirovga ozodlik, dorini farqlolmagan tizim, shubhali boshqaruvdagi IESlar - hafta dayjesti
O‘zbekistonga -27 darajagacha ayoz yopirilyapti: Energetika vazirligi yana “qisqa muddatli” uzilishlarni va’da qildi. Rashid Qodirov ozodlikda: juda katta korrupsiyada ayblanib qamalgan sobiq bosh prokuror muddatining yarmini ham o‘tamadi. Maxfiy qarorlardan keyin: “Ishonchli boshqaruv”dagi IESlar trillionlab zararga kirib ketdi. Yakunlanayotgan haftaning asosiy voqealari – Kun.uz dayjestida.
Kelayotgan hafta Markaziy Osiyoni anomal darajadagi qahraton ob-havo kutyapti. 6 yanvardan boshlab Rossiyaning Yevropa qismini qamrab olgan, ayrim joylarda havo haroratini -40 darajagacha tushirgan sovuq antitsiklon O‘zbekistonga 9 yanvar, dushanbada yetib keladi. Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, anomal sovuq 15 yanvar, yakshanba kuniga borib chekinishni boshlaydi. Ungacha ko‘plab hududlarda harorat kunduzi -8 darajagacha, kechalari -17 darajagacha tushadi. Shimoliy va cho‘l hududlar kechalari -27 darajagacha sovib ketishi, janubda va Farg‘ona vodiysida esa tungi harorat -10 darajagacha tushishi kutilyapti. Dushanbadan chorshanbagacha yog‘ingarchilik bo‘ladi.
Anomal sovuq munosabati bilan barcha bo‘g‘indagi ta’lim maskanlarida qishki ta’til bir haftaga uzaytirildi. Maktablarda ham, oliygohlarda ham darslar 18 yanvar, chorshanbadan boshlanadi. Bu xabardan keyin internet ahli 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni haqida maktab o‘quvchisining o‘tgan yili tarqalgan audiosini yana bir marta eshitib, kulib oldi: “Ustoz, qizlar bizga 14 yanvarga sovg‘a berishmaydi, to‘g‘rimi? Kanikul bo‘lib qoldi. Shunga biz ularga 8 martda sovg‘a bermaymizmi? Qizlar berasanlar deb turib oladi... Ustoz, men bermayman”. Yigitchaga qizchaning javobidan ham xabaringiz bo‘lsa kerak.
Ta’til cho‘zilganiga bolalar xursand, lekin kattalar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Kunlar sovuqlashishi ortidan gaz pasayadi, elektr o‘chishlari ko‘payadi. Oldindagi bir hafta uyni isitish aksariyat o‘zbekistonliklar uchun birinchi navbatdagi hayotiy masalaga aylanadi. Energetika vazirligi ko‘riladigan choralar haqida axborot berdi. Vazirlik vaziyat taqozosi bilan rejali cheklovlar kiritishga to‘g‘ri kelishini, bu cheklovlar “qisqa muddatli” bo‘lishini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, chorshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Rasmiy xabarga ko‘ra, prezidentlar energetika, savdo va strategik sheriklik masalalari haqida gaplashgan.
“Dok-1 Maks”ning tarkibi o‘zgargan, mas’ullar buni sezmagan
O‘zbekistonda kamida 20 ta bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani aytilayotgan “Dok-1 Maks” dorisining laboratoriya sinovlari belgilangan tartibda o‘tkazilmagan. Bu haqda jinoyat ishini tergov qilayotgan Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
DXXga ko‘ra, Hindistondan olib kelingan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” preparatlarining talabga javob berish-bermasligini Dori vositalarini standartlash ilmiy markazi tekshirgan, lekin tekshiruv o‘tkazish tartibi qo‘pol ravishda buzilgan, natijada sifatsiz dorilar sotuvga chiqib ketgan. Holat bo‘yicha 4 kishi qamoqqa olingan. Ulardan ikki nafari – ilmiy markaz mansabdorlari; yana ikki nafari – bu dorilarni import qilgan Quramax kompaniyasining mas’ul xodimlari.
Bojxona qo‘mitasining shu hafta ma’lum qilishicha, “Dok-1 Maks”ning O‘zbekistonga kirib kelishi to‘xtatilgan; bojxona omborlarida bu dorining salkam 60 ming qutidan iborat uchta partiyasi ushlab turilibdi. 2 yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Quramax kompaniyasi olib kelgan barcha dorilar sotuvini to‘xtatish bo‘yicha dorixonalarga xat chiqardi. Hindistonda bu ikki preparatni ishlab chiqargan Marion Biotech kompaniyasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, “Dok-1 Maks” O‘zbekiston bozorida 2012 yildan beri bor. Muammo faqat oxirgi import qilingan partiyalardan birida ekani aytilyapti. Tekshiruvlarda aniqlanishicha, preparatning ayrim seriyalari tarkibi o‘zgarib qolgan – sertifikatda yozilgan moddaning o‘rniga boshqa modda qo‘shib yuborilgan. Buni esa dorilarning har bitta partiyasini alohida tekshiradigan ilmiy markaz aniqlashi kerak edi. Markazning ikki mansabdori, yuqorida aytganimizdek, DXX izolyatorida o‘tiribdi.
Ko‘rilayotgan choralarga qaramay, aniq aytish mumkinki, o‘nlab bolalarning fojiaviy o‘limiga davlatning reaksiyasi qoniqarsiz bo‘ldi. Marhum murg‘aklarning oilalariga kompensatsiya to‘lashga sa’y-harakatlar bo‘layotgani yo‘q. Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘lim siropining sotuvini to‘xtatishga bir necha kunga kechikdi. Aholini keng miqyosda xabardor qilishga ham shoshilmadi, faqat internetdagi tanqidlardan keyingina ogohlantiruvchi SMSʼlar yuborildi. Ro‘y bergan voqealar bo‘yicha ochiqlik kam, savollar ko‘p, lekin mas’ullar va shaxsan vazirning o‘zi matbuot anjumani o‘tkazmadi.
Ustiga ustak, bu fojia haqida birinchi bo‘lib xabar bergan Samarqand viloyati bolalar shifoxonasi bosh shifokori Mamatqul Azizovning ishdan olingani ham e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ayni paytda u lavozimiga tiklanishi mumkinligi haqida xabarlar bor.
Yangi tayinlangan sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning shu hafta aytishicha, tibbiy sug‘urta tizimi bo‘yicha amaliy ishlar shu yildan boshlanadi. 2023 yilda Toshkent shahri va Navoiy viloyatida tibbiy sug‘urta mexanizmlari sinov tariqasida ishga tushiriladi. Mutaxassislar sug‘urtali tibbiyotni joriy etish bilan birga, tezroq dalillarga asoslangan tibbiyotga o‘tish kerakligini ham aytyapti.
Foydadan qarzga kirgan ishonchli boshqaruvdagi IESlar
“Angren” issiqlik elektr stansiyasining boshqaruvi davlatga qaytdi. Bu stansiya – “Yangi Angren” IES va “O‘zbekko‘mir”ga qo‘shilib, uch yil oldin milliarder Shodiyevlarga aloqador kompaniyaga hech qanaqa tanlovsiz ishonchli boshqaruvga berilgan edi. 2022 yil oxirida yakuniga yetgan shartnoma muddati uzaytirilmadi. Raqamlarga qarab xulosa qilinsa, ishonchli boshqaruvchining ishonchli ekani savol ostida. Chunki bungacha foyda bilan ishlab kelgan “Angren” IES ishonchli boshqaruvda o‘tgan uch yil ichida 600 mlrd so‘mga yaqin zarar ko‘rgan.
O‘zbekistondagi eng yirik stansiyalardan bo‘lmish “Yangi Angren” IES boshqaruvi esa hali ham Qozog‘iston kompaniyasining qo‘lida. Bu stansiya ishonchli boshqaruv ostidagi uch yil ichida 875 mlrd so‘m zararga kirib ketgan. Shunga qaramay, hukumat xususiy boshqaruvchiga ishonishda davom etyapti. Ikkala stansiyaning oxirgi uch yildagi zarari salkam 1,5 trln so‘mga yetgan.
Bu zararlar ko‘mir importi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bir necha yil oldin Angrendagi IESlarda gaz yoqishni kamaytirib, maksimal darajada ko‘mirdan foydalanishga o‘tilishi aytilgan edi. O‘zbekistonning ko‘mir sanoati ham “O‘zbekko‘mir” kompaniyasi timsolida ayni shu “ishonchli boshqaruvchi”ga berilgan. Lekini shundaki, gaz va elektr energiyasiga o‘xshab, ko‘mir sanoati va importi ham yopiq va korrupsiyalashgan tizimlardan biri. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlaridan kelib chiqilsa, “ishonchli boshqaruvchilar” Rossiyadan ko‘mirni karrasiga qimmatiga import qilyapti.
Ishonchli boshqaruvga berilgan elektr stansiyalar nafaqat trillionlab zararga kirib ketgan, balki angrenliklarni qishda sovuq uyda qoldirgan ham. Shahardagi ko‘plab xonadonlar noyabr oyidan beri tayinli isimaydi. Buning sababini izohlarkan, Angren prokurori Ulug‘bek Xabiljonov “qozog‘istonliklarga tegishli kompaniya bu IESlarga umuman qaramay qo‘ygani”ni aytdi. 2-sektor rahbarining so‘zlariga ko‘ra, stansiyadagi uchta qozondan ikkitasi ishlamayapti. Boshqaruv davlatga qaytganidan keyin ta’mirlash ishlari uchun pul ajratiladigan bo‘lgan.
Yirik korrupsiyada ayblanib qamalgan sobiq bosh prokuror ozodlikka chiqdi
O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov shu hafta shartli ravishda ozodlikka chiqarildi. U korrupsion jinoyatlari uchun 2018 yil fevralida qamoqqa olinib, 2019 yil iyunida 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Ya’ni Qodirov jazo muddatining yarmini ham o‘tagani yo‘q. Sobiq bosh prokuror nega qo‘yib yuborilgani bo‘yicha rasmiylar izoh bermadi.
Rashid Qodirov 2000 yildan to 2015 yilgacha prokuratura tizimini boshqargan. 2019 yilda sud uni poraxo‘rlik, tovlamachilik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarda aybdor deb topgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yildagi chiqishlaridan birida Qodirov har bir tuman prokuroridan 30-40 ming dollardan olgani, u va jamoasi Boltiqbo‘yida uylar solgani, hatto Amir Temur ham, amirlikning shayxlari ham ularchalik koshonada yashamaganini aytgandi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Toshkentdan Olmaotaga uchgan samolyot kuchli turbulentlik zonasiga tushib qoldi. Hodisa Air Astana aviakompaniyasining Airbus A321 rusumli samolyotida, 10 600 metr balandlikda ro‘y berdi. Natijada 7 kishi jarohatlandi. Ulardan uch nafari – o‘zbekistonlik. Jiddiy jarohat olganlar yo‘qligi aytilyapti.
Xitoyning BYD kompaniyasi fevral oyidan Toshkentda elektromobillar sotuvini boshlaydi. “O‘zavtosanoat” raisi o‘rinbosari Aziz Shukurovning ma’lum qilishicha, BYD'ning O‘zbekistondagi dilerlik markazlarida BYD Song va Chaser nomli gibrid krossover hamda Han elektrosedani taklif etiladi. Internetdagi ma’lumotlarga qaraganda, bu uchta elektromobilning Xitoydagi narxi 23 ming, 26 ming va 29 ming dollardan boshlanadi.
1 yanvardan ayrim hududlardagi davlat bog‘chalarida to‘lovlar miqdori kamaytirildi. Bu 2023 yildan e’tiboran hamma tuman-shaharlar beshta toifaga ajratilgani bilan bog‘liq. 4- va 5-toifadagi tumanlarda davlat bog‘chalariga to‘lov 50 foizga, 3-toifadagi tumanlarda esa 30 foizga kamaytirildi.
Prezident administratsiyasida navbatdagi tayinlovlar. Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi qisqarib ketgan Shuhrat G‘aniyev administratsiyada ish boshladi. U prezidentning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari bo‘ldi. Tadbirkor Baxtiyor Fozilovning ukasi Azamat Fozilov ham administratsiyada ish boshladi: u ijro apparatining bosh maslahatchisi etib tayinlandi. U bungacha Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Inson resurslari va xodimlar salohiyatini rivojlantirish departamenti direktori edi.
Sayyid Rahmatulloh Termiziy Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasidan ketdi. Uning o‘rniga “Abu Saxiy” jome masjidi imom-xatibi Abduqahhor Yunusov poytaxt bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. “Novza” jome masjidi imom-xatibi Jaloliddin Hamroqulov va Islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisiga o‘rinbosar bo‘ldi. Bo‘shagan rektor lavozimini Muhammadolim Muhammadsiddiqov egalladi.
Toshkentdagi 25 ta oliygohda darslar soat 09:30dan boshlanadigan bo‘ldi. Yana 5 ta OTM talabalari esa birinchi juftlikka ulgurish uchun ertalab soat 8 da darsda bo‘lishlari kerak. Bu oliygohlar yoki ularning fakultetlari metro bekatlari atrofida joylashgan. Darslar boshlanish vaqtini o‘zgartirish yo‘li bilan metroda ertalabki tiqilinchni kamaytirish maqsad qilingan.
Mavzuga oid
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
20:10 / 14.12.2024
Energetiklarning ob-havo bahonasi, elektr toki defitsitining tugashi va MBda yangi rais - hafta dayjesti
21:00 / 07.12.2024
Parlamentdagi sukunat, BAAdagi hibslar va Turkmaniston bilan kelishuv - hafta dayjesti
23:15 / 30.11.2024