O‘zbekiston | 12:11 / 09.01.2023
10117
6 daqiqa o‘qiladi

OAVda dorilarning bevosita reklamasiga cheklovlar joriy etish zarur - «Yuksalish»

O‘zbekistonda «Dok-1 Maks» preparatini qabul qilish oqibatida bolalar hayotdan ko‘z yumgani bilan bog‘liq fojia O‘zbekiston sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida muammolarni yaqqol ko‘rsatdi. «Yuksalish» umummilliy harakati faqatgina barcha tomonlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish orqaligina kelgusida bunday holatlarning oldini olish mumkinligini bildirdi va bu borada bir necha takliflar bilan chiqdi.

Birinchidan, dori vositalarini nazoratsiz qo‘llash amaliyotini to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarur, deb hisoblaymiz. Chunki biz qaysi dorini ichish bo‘yicha ko‘pincha shifokor bilan emas, dorixona sotuvchilari bilan maslahatlashamiz. Ko‘plab dori vositalarini shifokor retseptisiz osongina aptekadan xarid qilishimiz mumkin va bu dorilardan noto‘g‘ri foydalanish xavfini yaratmoqda.

Turli mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, shifoxonalarga yotqizilgan bemorlarning o‘rtacha 10-20 foizida dorilar nojo‘ya ta’sir qilganlik holati kuzatiladi, qizig‘i, rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich ikki baravar yuqorini tashkil qiladi.

2008—2018 yillarda O‘zbekistonda dori vositalari bilan o‘zini o‘zi davolash natijasida sog‘liqning yomonlashganligi bilan bog‘liq 2 300 ta holat ro‘yxatga olingan.

Shuning uchun, avvalo, ommaviy axborot vositalarida dorilarning bevosita reklamasiga cheklovlar joriy etish zarur, deb hisoblaymiz. Xususan, dori vositalari reklamasini faqat Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ruxsati bilan amalga oshirish. Kelgusida OAVda dorilarining bevosita reklamasini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqish. Shu maqsadda Turkiya, Shveytsariya, Kanada kabi mamlakatlarning bu boradagi tajribasini o‘rganish.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dori vositalarini nazoratsiz qo‘llash va o‘zini o‘zi davolash darajasining oshishi aynan reklama bilan bog‘liqdir. Bunday davolanish natijasidagi o‘lim holatlari jarohatlar, qon aylanish kasalliklari, onkologik va pulmonologik kasalliklardan keyin 5-o‘rinda turadi. Albatta, iste’molchilar dori-darmonlarni qo‘llashdan kelib chiqadigan nojo‘ya ta’sirlar, ularning muvofiqligi va organizmning individual reaksiyasi xavfini baholay olmaydi.

Haqiqatan biz dori-darmonlarga oddiy iste’mol tovari sifatida qaraymiz va bu – vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Shuning uchun mazkur masala har 100 ming aholiga o‘rtacha 25—27 ta dorixona to‘g‘ri keladigan O‘zbekiston uchun dolzarbdir.

Ikkinchidandori vositalarining reklamasiga oid qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilamiz. O‘tgan yili «Reklama to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Unda dori vositalarining reklamasiga oid aniq tartiblar belgilangan bo‘lsa-da, biz har kuni televideniye, radio va boshqa turdagi reklamalarda qonun talablarining buzilishini kuzatyapmiz. Farmkompaniyalar qonun talablariga bepisandlik bilan yondashayotganlarini ko‘ryapmiz.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ko‘pi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 15 barobarigacha ma’muriy jarima ko‘zda tutilgan. Biroq aynan dori vositalarining reklamasi bilan bog‘liq tartib va qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik mavjud emas. Shu sababli, dori vositalarining reklamasiga oid tartib va qonunchilikni buzganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlik va bunday holatlar og‘ir oqibatlarga olib kelgan taqdirda, jinoiy javobgarlik begilash lozim, deb hisoblaymiz. Italiya, Shveytsariya, Kanada, Yaponiya, Finlyandiya, Germaniya, Vengriya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar o‘zini o‘zini davolash muammolarini hal etish uchun aynan qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirganliklarini ko‘rishimiz mumkin.

Uchinchidan, dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sertifikatlash tashkilotlari mas’uliyatini kuchaytirish nihoyatda muhim. Xabar berilganidek, «Dok-1 Maks» va «Ambronol» dorilari, tekshiruvlarda aniqlanishicha, «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» tomonidan belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmagan. Natijada sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan. Shu maqsadda, Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi sub’yektlari qatoriga sifatsiz, qalbakilashtirilgan va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan dori vositalarini tarqatishga yo‘l qo‘ygan shaxslarni ham kiritish taklif etilmoqda.

To‘rtinchidan, fuqarolarni zamonaviy tashxis imkoniyatlaridan foydalanishini, davolashning yagona standartlariga asoslangan tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tishni tezlashtirish zarur. Odamlar ko‘pincha o‘zini-o‘zi davolashga urinmoqda, aniq tashxisni bilmasdan, reklamaga ishonib, turli dorilarni qabul qilmoqda. Bu kabi xatolar, shuningdek, shifokorlar tomonidan dorilarni buyurish jarayonida ham yuz beryapti. Afsuski, ularning ba’zilari alohida preparatlarni targ‘ib qilishdan moliyaviy manfaat ko‘zlamoqdalar. Shuning uchun ham tibbiy sug‘urtalash tizimiga imkon qadar tezroq o‘tishimiz kerak.

Beshinchidan, farmatsevtika sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash zarur. Aholi qaysi dori vositalari import qilinayotgani, ishlab chiqaruvchilar kimligi, ularning xorijdagi nufuzi, sertifikatlashtirish jarayoni qanday olib borilayotganini bilishga haqli. Shuningdek, keng aholi manfaatlariga daxldor bo‘lgan farmatsevtika sanoatiga oid axborotlarni berib boruvchi ochiq ma’lumotlar bazasini shakllantirish lozim, deb hisoblaymiz. Sotiladigan barcha turdagi dori-darmonlarni majburiy raqamli markirovkalash jarayonini tezlashtirish muhimdir. Xaridor markirovka orqali dorining haqiqiyligini tekshirishi mumkin.

«Yuksalish» umummilliy harakati parlament, mas’ul vazirlik va idoralarni tezkor choralarni ko‘rishga, tibbiyot muassasalari va farmatsevtika sohasi institutlarini, avvalo, tijoriy emas, balki ijtimoiy manfaatlarni ustuvor qo‘yishga chaqirdi.

Mavzuga oid