Rossiya Soledar egallanganini, Ukraina janglar davom etayotganini aytmoqda. Bu yerda aslida nimalar bo‘lmoqda?
Bu shaharning boy berilishi urushda nimani anglatadi?
11 yanvar kuni «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari Donbass markazida joylashgan Soledar shaharchasining katta qismini egallagan. Katta ehtimol bilan, shahar yaqin vaqtlar ichida to‘liq egallanadi. Hozircha bu jang Ukraina armiyasi uchun qanday yakunlanishi ayon emas: ular shahar mudofaasidagi barcha batalonlarni tartibli ravishda olib keta oladimi yoki ularning bir qismi qurshovga tushib qoladimi? Shuningdek, janglar yakuniga ko‘ra Rossiya kuchlari qanday holatda bo‘lishi ham ma’lum emas: ular janubdagi Horlivkadan Baxmut orqali shimoldagi Severskka qadar uzangan ulkan aglomeratsiyani egallash uchun kattaroq amaliyot o‘tkaza olishadimi?
Soledar allaqachon boy berildimi yoki faqat qurshab olinganmi?
11 yanvar kuni kechqurun holatiga ko‘ra Soledar markazi va atrofidagi vaziyat to‘liq ravshan emasdi. «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin «shahar to‘lig‘icha uning yollanma kuchlari nazoratida» ekanini, shu bilan birga qurshovda qolgan ukrainalik harbiylarga taslim bo‘lish taklif etilishini aytdi. Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi vaziyat bo‘yicha axborot berishga shoshilmayapti. Volodimir Zelenskiy, Ukraina nashrlari va blogerlar shahar qurshovda qolganini rad etib, qarshilik ko‘rsatish davom ettirilayotganini aytishmoqda
Soledarda va uning atrofida olingan videolardan xulosa qilish mumkinki, nima bo‘lganda ham bu yerda Ukraina qurolli kuchlari uchun vaziyat keskin yomonlashgan:
«Vagner» yollanma jangchilari shahar ma’muriyati maydoni va uning hovlisida videoga tushishdi — fonda halok bo‘lgan ukrain harbiylarining jasadlarini ko‘rish mumkin.
9-10 yanvar kunlari shaharning janubiy-g‘arbiy chekkalarida Ukraina armiyasining jo‘nab ketayotgan qismlari ko‘zga tashlangan bo‘lsa, 11 yanvar kuni bu yerda ukrainlar droni «Vagner» otryadi harakatini tasvirga olgan.
Shuningdek, Prigojin Soledar tuz konlarini eslatuvchi yerosti shaxtasidan video e’lon qildi — ammo bunday shaxtalar Donbassning boshqa shaharlarida ham bor.
Nima bo‘lganda ham, hozirda shaharda Ukraina qurolli kuchlari askarlari qurshovda qolgani haqida ishonch bilan aytish qiyin: Rossiya kuchlari shahar shimoli-g‘arbini (jumladan Yurchina tepaliklarini) ham nazorat qilayotganiga oid tasdiqlangan ma’lumot yo‘q; ukrainlar hali ham bu hudud orqali o‘tuvchi yo‘l orqali chekinishi mumkin. Qolaversa, Soledarda ukrain askarlari qolganiga ham dalil yo‘q.
Shuni aniq aytish mumkinki, Ukraina qurolli kuchlari Soledarning g‘arbiy chekkalarida mudofaalanmoqda — Blahodatne va Krasnopilivka qishloqlari hamda Sol stansiyasi hududida. Katta ehtimol bilan, kuchlarning bir qismi Severskka, qolgani — Baxmutga chekingan.
Soledarning frontdagi umumiy vaziyat uchun ahamiyati nimada?
Soledarning egallanishi Kreml uchun nafaqat harbiy-siyosiy muvaffaqiyat bo‘ladi (Soledar — Rossiya Ukrainada 2022 yil iyulidan buyon egallagan ilk shaharga aylanishi mumkin), balki qishki operatsiyaning eng katta maqsadi — Baxmut shahrini (Soledardan 10 kilometr janubroqda) egallash, shuningdek Severskka (20 kilometr shimolroqda) yurish qilish uchun imkoniyat hosil qilishi mumkin.
Lekin bu oson bo‘ladigan ish emas: agar Rossiya kuchlari Soledardagi ukrain guruhlari chekingan Baxmut va Severskni bog‘lovchi yo‘lni kesib qo‘ysa, Ukrainaning bu ikki shahardagi guruhlari bir-biridan ajralib qoladi, ammo bu muqarrar halokat degani emas, chunki Baxmut ham, Seversk ham Ukraina qurolli kuchlarining asosiy bazasi joylashgan Kramatorsk bilan ishonchli aloqa yo‘llariga egaligicha qoladi. Baxmutni o‘rab olish uchun shahardan shimolda joylashgan Krasno Gora posyolkasidagi yo‘l kesishmasini hamda Baxmutdan janubda joylashgan Kleshcheyevka qishlog‘idagi mustahkamlangan istehkomlarni egallash talab etiladi. RF qurolli kuchlari shu maqsadlarga erishish uchun kuch to‘plamoqda: bu hududlar tomon harakatlanayotgan «Vagner» otryadlari o‘rnini endi muntazam armiya qismlari egallagan.
Baxmutni egallash bilan (ammo bu kafolatlanmagan) bu operatsiyaning maqsadi tugaydi: Baxmutdan g‘arbda Ukraina qurolli kuchlarining navbatdagi kuchli mudofaa liniyasi o‘tgan, asosiy qismlar Chasiv Yar shahri atrofidagi tepaliklarda joylashgan. Rossiya kuchlari kuzda va qishda namoyish etgan hujum sur’atlari bilan bu liniyadan o‘tish uchun — eng yaxshi holatda — bir necha oy ketadi.
Unda bu jang nima uchun kerak edi?
Yurish sur’atlari RF qurolli kuchlari rahbariyatini qiziqtirmasligi haqidagi taxmin ham bor: ular uchun Ukraina qurolli kuchlarini aynan Rossiya armiyasi istagan joy va o‘zi uchun qulay sharoitlarda jang qilishga majburlash muhim. Qo‘pol qilib aytganda, Donbassdagi shaharlarni tashlab chiqishni istamaydigan Ukraina qurolli kuchlari bu holda bahorda keng ko‘lamli hujum boshlash uchun foydalanish mumkin bo‘lgan o‘z resurslari va zaxiralarini — hozir va noqulay vaziyatda — sarflashiga to‘g‘ri keladi. G‘arblik jurnalistlarning savollariga anonim tarzda javob qaytargan ukrainalik komandirlar ham bunday mudofaalanishni xato deb hisoblashadi. «[Soledarda askarlar hayotini] qurbon qilish bizning foydamizga bo‘lmaydi», deydi ulardan biri. Ularning so‘zlariga ko‘ra, shuning uchun navbatdagi — topografiya nuqtayi nazaridan yanada qulayroq bo‘lgan mudofaa liniyasiga o‘tib, resurslarni bo‘lajak hujum uchun asrash darkor.
Rossiya armiyasi uchun esa, safarbarlikdan keyin, katta ehtimol bilan odamlar hayoti emas, moddiy resurslar (vaqtinchalikka) muhimroq ahamiyat kasb etmoqda — ayniqsa, o‘q-dorilar. G‘arb jurnalistlari ukrainalik harbiylarning so‘zlariga asoslangan holda xabar berishicha, Rossiya armiyasi allaqachon bu resurslar sarfini keskin qisqartirishga majbur bo‘lgan. Bu hozircha Baxmut va Soledar hududida hujum qilgan «Vagner» otryadlariga to‘sqinlik qilmadi, chunki endi snaryadlar o‘rniga, odamlar hayoti «sarf» qilindi. Ammo Rossiya kuchlari - xususan, yo‘qotishlarga xususiy harbiy kompaniyaga qaraganda ancha sezuvchan bo‘lgan muntazam armiya askarlarni behisob qurbon qilish orqali o‘q-dorilar yetishmovchiligini qoplashga qaror qilishi dargumon.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024