Iqtisodiyot | 14:23 / 13.01.2023
18023
2 daqiqa o‘qiladi

XVJ 2023 yilda jahon iqtisodiyoti prognozini pasaytirmaydi

2023 yil og‘ir bo‘ladi, ammo odamlar ish bilan ta’minlanar ekan, iqtisodiyot saqlanib qoladi, deydi XVJ direktori Kristalina Georgiyeva. U keyingi pasayishlar yuz berishini kutmayapti.

Foto: AFP

Jahon iqtisodiyotida og‘ir davr davom etayotganiga qaramay, Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) 2023 yilda global iqtisodiy o‘sish prognozini yana bir bor pasaytirishni rejalashtirmayapti, u hozirda 2,7 foizni tashkil etadi. Bu haqda 12 yanvar, payshanba kuni Vashingtonda Xalqaro valuta jamg‘armasi ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yil jahon iqtisodiyoti uchun yana bir og‘ir yil bo‘ladi va inflatsiyani yengishning iloji bo‘lmaydi, ammo kutilmagan hodisalar ro‘y bermasa, prognozlarni yomonlashtirishga hojat qolmaydi.

XVJ rahbari ta’kidlashicha, hozirgi dunyo inqirozlarga ko‘proq moyil bo‘lib, jahon hamjamiyati eng kutilmagan xavflarga, xususan, iqlim falokati, kuchli kiberhujumlar yoki Rossiyaning Ukrainadagi urushining avj olishiga tayyor bo‘lishi kerak, bunda yadro qurolidan foydalanish ehtimoli ham nazarda tutilishi lozim.

Georgiyevaning qayd etishicha, neft narxining keskin ko‘tarilishi haqidagi qo‘rquvlar amalga oshmadi va mehnat bozorlari barqarorlikni ko‘rsatmoqda. «Ijobiy yangilik - mehnat bozorlari barqarorligi. Odamlar ish bilan band ekan, ular yuqori narxlarga qaramay pul sarflashadi. Bu iqtisodiyotga yordam berdi», - deya Georgiyeva so‘zlarini keltiradi Reuters.

11 oktyabr kuni XVJ 2023 yilda global iqtisodiy o‘sish prognozini 2,9 foizdan 2,7 foizga tushirdi. «Qisqacha aytganda, eng yomoni hali oldinda va odamlar uchun 2023 yil retsessiya sifatida qabul qilinadi», dedi o‘shanda XVJ tadqiqot departamenti direktori Per-Olive Gurinsh.

Mavzuga oid