O‘zbekiston | 12:05 / 14.01.2023
27157
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston so‘nggi 50 yildagi eng sovuq qishlardan birini o‘tkazmoqda

9-10 yanvar kunlari O‘zbekiston hududiga Rossiyaning Yevropa qismida shakllangan juda sovuq havo massasi kirib kelishi boshlandi.

9 yanvar kuni ko‘plab hududlarda qalin qor yog‘di. Natijada 10 yanvar kuni toshkentliklar tozalanmagan ko‘chalar, yog‘ingarchilik natijasida qulab tushgan daraxtlar, yo‘llardagi uzun tirbandliklar bilan to‘qnashishdi.

Garchi qor yog‘ishi deyarli 1 sutka o‘tib to‘xtagan bo‘lsa-da, sovuq harorat beshinchi kundirki, chekingani yo‘q. 13 yanvar tongida Toshkentda 19,8 daraja sovuq harorat qayd etildi.

“Mazkur ko‘rsatkich poytaxtdagi oxirgi yarim asrlik uchun eng minimum haroratdir”, – dedi Gidrometeorologiya xizmati matbuot kotibi Munisa Asqarxo‘jayeva.

Shunday bo‘lsa-da, mas’ullarning palapartish qarorlari ortidan maktablarda darslar chala, davomat juda past holatda davom etyapti. Ota-onalar sovuq sabab farzandini maktabga yubormayotgani sabab qator maktablarda 3-chorak boshlanishi 16-18 yanvarga surilgani aytilmoqda.

Toshkent va O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham sovuq tushishi bilan gaz bosimi keskin pasayishi odatiy hol. Bu yil ham shunday bo‘ldi. Mamlakat aholisi gaz bosimining pastligi va elektrdagi doimiy uzilishlardan aziyat chekmoqda. Yuzaga kelgan energiya inqirozini yumshatish uchun aksariyat sanoat korxonalari va gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklov qo‘yilgan.

“Uyimizda gaz bosimi juda past. Shuning uchun faqat suyuq ovqatlar ichyapmiz, quyuq ovqatlar yemay qo‘ydik”, – deydi poytaxtlik ayollardan biri.

Mirzo Ulug‘bek tumani yashovchilaridan bo‘lgan boshqa bir ayol esa ko‘p qavatli uyda turishi va hozirgi sovuqdan ayniqsa uyidagi chaqaloqlar qiynalayotgani haqida gapiradi.

Poytaxtning markaziy ko‘chalaridan tashqari yo‘llar muzlama bilan qoplangan. Aksariyat ko‘chalar qor va muzdan to‘liq tozalab ulgurilgani yo‘q. Bu esa odamlar va avtomobillar harakatini qiyinlashtirmoqda. Ammo obodonlashtirish xodimlari ham qarab turmayapti. Ular imkon qadar harakatda.

Ehtiyojmand insonlar, kommunal xizmat ko‘rsatish, obodonlashtirish xizmati va YHXB xodimlari – ular Toshkentdagi restoranlarda tarqatilayotgan bepul osh uchun kelishmoqda.

Sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolarkan, Toshkent shahar hokimligi 13 yanvardan boshlab aholiga to‘yxonalarda bepul osh tarqatishni yo‘lga qo‘ydi. Bunda ehtiyojmandlar ko‘rsatilgan manzil va vaqtda bepul osh istemol qilishi mumkin. Shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev internetda tarqalgan audiosida mas’ullarga “ikki kun turib berish” kerakligini ta’kidlab, 52 ta to‘yxona bilan kelishilganini aytib o‘tgan.

Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, havo harorati 18 yanvardan boshlab sekin-asta ko‘tarila boshlaydi.

Mavzuga oid