Bugungi qaror ertaga mos kelmaydi - hafta dayjesti
Ta’til uzayishi haqida vazirning buyrug‘i chiqqaniga, “qo‘l” boshqaruvidan voz kechamiz deb ma’muriy islohot qilinganiga sanoqli kunlar bo‘ldi hamki, kichik bitta masala katta xaosni yaratdi. Shaharlarni o‘zgartirishni aholi fikri bilan hisoblashish shart degan qonun chiqqanidan ko‘p o‘tmay, Buxoroning markazi kutilmaganda buziladigan bo‘ldi. Yakunlanayotgan hafta mavzulari – Kun.uz dayjestida.
O‘zbekistonda, bizdan keyingi avlodlarimiz uchun qor noyob hodisaga aylanadi, degan xavotirlar asossizga o‘xshayapti. Esingizda bo‘lsa, avvalgi yillardagi iliq va qorsiz qishlardan keyin shunaqa taxminlar aytila boshlagan, shaharda yashovchilar qish uchun qalin etiklar olmay ham qo‘ygandi. Dushanba kuni ko‘plab hududlarda yog‘gan qor nafaqat qalinligi bilan, balki mana hafta oxirigacha ham erimay turgani bilan noodatiy hodisa bo‘ldi.
Lekin qalin qor yog‘gani bilan, qorbo‘ron o‘ynaganlarni juda kam ko‘rdik. Aniqrog‘i, anomal sovuq bunga yo‘l qo‘ymadi. Qorning hafta oxirigacha erimay turgani ham ana shu izg‘irin bilan bog‘liq. Vodiy viloyatlarida tungi harorat -15 darajagacha tushgan bo‘lsa, boshqa hududlarda termometr ko‘rsatkichi -20 darajadan pastga tushdi. Gulistonda -27, Navoiyda -29, Shahrisabzda -30 darajagacha sovuq kuzatildi. Bir nechta daryolar yuzasi muzlab qoldi.
Toshkent aholisi esa oxirgi 50 yillikdagi eng sovuq yanvarni boshdan kechiryapti. 13 yanvar tongida “O‘zgidromet”ning shahardagi stansiyalari -19,8 darajani ko‘rsatdi. Sinoptiklarning aytishicha, poytaxtdagi rekord qahraton 1930 yil dekabrda, -29,5 daraja bo‘lgan. Toshkentda va umuman O‘zbekiston hududida oxirgi marta bunaqa qattiq qish 2006 va 2008 yillarda bo‘lgan.
Hafta davomida transport tizimiga oid yangiliklar oqimi xorij xabarlarini eslatib yubordi. Noqulay ob-havo sharoiti tufayli o‘ndan ortiq xalqaro aviareyslar kechiktirildi, bir qator mahalliy parvozlar bekor qilindi. Toshkent va Buxoro o‘rtasida “Afrosiyob” poyezdi qatnovi 3 kunga to‘xtatildi. Qozog‘istonda sovuq tufayli yo‘lda qolib ketgan avtobuslardan yuzdan ortiq o‘zbekistonlik evakuatsiya qilinishi ortidan, xalqaro yo‘nalishlardagi barcha avtobus qatnovlari bekor qilindi. 12 yanvar kuni Yunusobodda 17 ta mashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi
Qattiq sovuq energetikadagi uzilishlarni ko‘paytirdi. Ko‘plab hududlarda gaz bosimi pasayib ketdi yoki umuman o‘chib qoldi. Respublika bo‘yicha avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari yopildi, yirik sanoat korxonalariga gaz va elektr uzatish to‘xtatildi, barcha hududlarda ko‘cha yoritish chiroqlarining bir qismi o‘chirildi.
Shunga qaramay, hatto Toshkentda ham uzluksiz bir necha sutkagacha (!) elektr va gaz uzilishlari kuzatildi. Ayniqsa Chilonzor, Uchtepa, Olmazor, Yunusobod va hatto Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ta’minot yomonligi odamlarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Gaz tanqisligi sabab isitish markazlari aholi uylariga yetarlicha issiqlik uzata olmadi. Yuqori bosimli gaz quvuri yorilishi oqibatida Toshkent viloyatining Bekobod, Quyi Chirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlaridagi naq 55 ta mahalla bir muddat gazdan uzilib qoldi.
Bu voqealar fonida 12 noyabrdan boshlab Turkmanistondan gaz importi to‘xtab qoldi. Avvaliga turkman tomoni Rossiyaning bosimi bilan O‘zbekistonga gaz eksportini to‘xtatgani haqida xabarlar tarqalgan bo‘lsa, keyinroq bu noqulay ob-havo tufayli yuzaga kelgan texnik sabablarga bog‘liqligi aytildi. Shu bilan birga, OAVda Rossiya O‘zbekistonga gaz uzatish evaziga O‘zbekistonning gaz-transport tarmog‘i egaligini “Gazprom”ga o‘tkazishni so‘ragani haqida ham ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Bir qator kasb vakillarining qahraton sovuq kunlari ochiq havoda olib borayotgan faoliyati e’tirofga loyiq. Hududlarda energetiklar, yo‘lsozlar, aloqachilar, suv ta’minoti, kommunal soha va obodonlashtirish xodimlari, ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari imkon qadar izg‘irin oqibatlarini yumshatishga harakat qilishdi. Ana shu kasb egalari va ehtiyojmand aholi uchun Toshkentdagi 52ta to‘yxonada 12-16 yanvar kunlari bepul osh tarqatish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda topshiriq bergan Jahongir Ortiqxo‘jayev barcha mutasaddilardan “ikki kun turib berish”ni so‘radi.
“Butun fabrika va zavodlar, egasi kim bo‘lishidan, qanday odam bo‘lishidan qat’i nazar elektrdan ham, gazdan ham uzishga majburmiz. Shahardagi maxsus ko‘chadan tashqari barcha ko‘chalarda yoritkichlarni o‘chirishga majburmiz.
[…] Biz davlatga bugun kerakmiz. Agar biz buni qila olmasak, xalq [ko‘z o‘ngida] bir tiyinga yaramas hokimlar, bir tiyinga yaramas sektor rahbarlari, boshqarma boshliqlari bo‘lamiz”, – dedi shahar hokimi.
Toshkent hokimi nazarda tutgan ikki kun haqiqatan ham sovuq harorat eng yuqori nuqtasiga chiqqan kunlar bo‘ldi. “O‘zgidromet”ga ko‘ra, 13 yanvarga o‘tar kechasi sovuq antitsiklon O‘zbekiston hududida eng yuqori nuqtasiga yetdi va shu kundan boshlab uning ta’siri susaya boshladi. Yakshanba kunidan boshlab harorat sekin-asta ilishni boshladi, lekin hali ko‘plab hududlarda kunduzgi harorat plyusga chiqishi uchun taxminan bir hafta vaqt kerak. Qor ko‘chishi xavfi sabab tog‘li hududlarga bormaslik tavsiya etilyapti.
Ta’til bo‘yicha xaos
Haftaning birinchi raqamli so‘zi – “anomal”, lekin bu so‘z faqat ob-havoga nisbatan ishlatilgani yo‘q. Qishki ta’tilni qachon tugatish bo‘yicha bir qarorga kelolmagan o‘zbek amaldorlari va ularning qarorlariga nisbatan ham “anomal” sifati ishlatildi.
Avvalgi hafta dayjestimizda aytganimizdek, qattiq sovuq sabab hamma bo‘g‘indagi ta’lim maskanlarida qishki ta’til 17 yanvargacha uzaytirilgan edi. Lekin 10 yanvar kuni tushdan keyin kutilmaganda hammasi o‘zgarib ketdi. Aksariyat hududlarning hokimlari 11 yanvarga sanoqli soatlar, hatto daqiqalar qolganida “ertaga darsga” deb e’lon qildi. Toshkent viloyati hokimligi maktablarda 3-chorak 11 yanvar kuni boshlanishi haqida 11 yanvar kuni soat 10:00da ma’lum qildi.
11 yanvarda ijtimoiy tarmoqlar bo‘m-bo‘sh sinfxonalardan olingan istehzoli videolarga to‘ldi. Ayrim sinflarga sanoqli bola yig‘ildi, ularga ham nomiga dars o‘tgandek bo‘lib, tezda uyga javob berib yuborildi. Kuzatuvlarimizga ko‘ra, birinchi kuni farzandini maktabga yuborgan ota-onalarning ko‘pi maktabning yaxshi isimasligi va bolaning bunaqa sovuqda ko‘chada yurishi xavfli ekanidan kelib chiqib, ertasiga farzandini maktabga yubormagan, natijada 12 yanvar kuni davomat yana ham tushib ketgan. Oxir-oqibat Toshkent shahri va bir nechta viloyatlar ta’tilni baribir keyingi haftaga, 18 yanvargacha uzaytirishga qaror qildi. Oliy ta’lim tizimiga esa har qanaqa tartibsizlikni qog‘ozda silliqlab yuboradigan “masofaviy ta’lim” degan chora qo‘l keldi.
Bunaqa shoshma-shosharlik ota-onalar va faollarning jiddiy tanqidlariga olib keldi. Ta’limga mas’ul ikkala vazirlik ta’tilni uzaytirish vakolati hokimlarga o‘tkazilganini e’lon qilib, undan boshqa hech qanaqa izoh bera olmadi. Undan yuqoridagi hukumat ham, prezident administratsiyasi ham bu xaosga jim qarab turgani bu ikki bo‘g‘in o‘rtasida yumshoq qilib aytganda “tushunmovchilik” bo‘lgani haqidagi mish-mishlarni yuzaga keltirdi.
E’tiborlisi, bunaqa darajadagi pala-partishlik “qo‘l boshqaruvi”dan voz kechilib, vazirlarning mustaqilligi oshadi deb e’lon qilingan ma’muriy islohotlar fonida ro‘y berdi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Buxoro shahri markazi buzilib, turistik majmua quriladi. Hukumat bu safar ham mahalliy aholining fikri bilan qiziqib o‘tirmasdan, yopiq eshiklar ortida qaror qabul qilgan. Loyihani kim bajarishi ham aniq – “Enter Engineering”. Shahar markazidagi 33 gektar yer hech qanaqa tendersiz shu kompaniyaga berilyapti. Turistik majmua uchun yaqinda ta’mirdan chiqarilgan Buxoro markaziy stadioni buzilishi, jami 29 ta bino-inshoot ko‘chirilishi kutilyapti. Bir guruh buxoroliklar tuppa-tuzuk stadionni buzmaslikni so‘rab, prezidentga murojaat bilan chiqdi.
Toshkent ko‘chalarida parkomatlar tashkil etish tendersiz bitta kompaniyaga berildi. Shahar markazidagi o‘nta ko‘cha bo‘yicha pulli to‘xtash joyini tashkil etish uchun “Kasy Park” MChJ tanlab olindi. Loyiha qiymati – salkam 10 mlrd so‘m. Iqtisodchilar o‘nta ko‘chani bitta kompaniyaga berib yuborishni “tentaklik” deb atayapti. Bu degani ko‘z o‘ngimizda yangi monopoliya tug‘ilayotgan bo‘lishi mumkin.
Ashaddiy monopolistlardan bo‘lmish UzAuto Motors esa avtomobillari narxini oshirmoqchi. Kompaniya bu safar ham narx oshirishidan oldin sotuvni to‘xtatib, internetda piar materiallar tarqatyapti. Mish-mishlarga qaraganda, mashinalar narxi birato‘la 30 foizga oshishi mumkin. Buni oqlash uchun kompaniya bojxona imtiyozlaridan voz kechishga tayyorligi aytilyapti. Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors hamma qatori boj to‘lashni boshlasa ham, bu uning monopolist mavqesiga ta’sir qilmaydi.
O‘zbekistondagi birinchi elektromobil zavodi Jizzaxda bo‘ladi. Prezident selektorida shu yilning 1 sentabrigacha muhlat belgilandi. Topshiriqqa ko‘ra, shu sanagacha xususiy investorni jalb qilgan holda, Jizzaxda elektromobil ishlab chiqarish boshlanishi kerak. Davlat rahbari bu selektorda jami 6 mlrd so‘mlik mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Toshkent iqtisodiy sudi “Quramax” kompaniyasining litsenziyasini bekor qildi. “Ambronol” va o‘nlab bolalarning o‘limiga aloqador “Dok-1 Maks” dorilarini O‘zbekistonga shu kompaniya olib kirgan. Hindistonda esa bu preparatlarni ishlab chiqargan Marion Biotech'ning litsenziyasi to‘xtatildi. Shu hafta Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilari bo‘yicha xalqaro ogohlantirish e’lon qildi.
O‘zbekistonning Islom Karimovdan avvalgi rahbari Rafiq Nishonov 97 yoshida vafot etdi. Nishonov 1988-1989 yillarda O‘zbekiston kommunistik partiyasining rahbari bo‘lgan. U 1989 yildan beri Moskvada yashab kelayotgandi. O‘tgan yili tug‘ilgan kunida Putin tomonidan Nevskiy ordeni bilan taqdirlangan edi.
Mavzuga oid
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
20:10 / 14.12.2024
Energetiklarning ob-havo bahonasi, elektr toki defitsitining tugashi va MBda yangi rais - hafta dayjesti
21:00 / 07.12.2024
Parlamentdagi sukunat, BAAdagi hibslar va Turkmaniston bilan kelishuv - hafta dayjesti
23:15 / 30.11.2024