Jahon | 11:42 / 19.01.2023
22287
5 daqiqa o‘qiladi

"SBU" tomonidan otib o‘ldirilgan bankir Kiyevni Rossiya rejalari haqida ogohlantirgan - WSJ

Denis Kireyev josuslikda gumonlanib qo‘lga olinayotgan paytda "SBU" tomonidan otib o‘ldirilgan. Ukraina razvedkasi rahbarining WSJ'ga aytishicha, bankir Kiyevni Rossiya tomonidan bosib olinishidan himoya qilishga yordam bergan.

Denis Kireyev / Foto: frontnews.eu

Mart oyida hibsga olish paytida "SBU" zobitlari tomonidan otib o‘ldirilgan 45 yoshli Denis Kireyev Ukraina razvedkasini Rossiya bostirib kirishi arafasida Moskvaning Kiyevni egallash rejalari haqida ogohlantirgan. Bu haqda The Wall Street Journal'ning 18 yanvar, chorshanba kuni chop etilgan «Rossiya josusi yoki Ukraina qahramoni?» maqolasida aytiladi.

WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, 45 yoshli bankir Kireyev Ukraina razvedkasi boshlig‘i Kirill Budanovga Kiyevni himoya qilishga yordam bergan rus manbalari olingan ma’lumotlarni bergan. «Agar janob Kireyev bo‘lmaganida, katta ehtimol bilan Kiyev egallab olingan bo‘lardi», - deya Budanov so‘zlarini keltiradi nashr. Xususan, Kireyev unga 23 fevral kuni Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirishga buyruq berganini aytgan. Bundan tashqari, u hujumning asosiy maqsadini bilgan.

24 fevral kuni ertalab Rossiya jangovar vertolyotlari Kiyev yaqinidagi "Antonov" aeroportiga desant tushirgan. Rossiya Ukraina poytaxtiga bostirib kirish uchun u yerga qo‘shin va texnikani o‘tkazish maqsadida aeroportni egallab olishni rejalashtirgan. Kireyevdan olingan ma’lumotlar Ukrainaga ruslarga qarshi turish uchun qo‘shinlarni joylashtirishda «bir necha qimmatli soat» ajratib berdi, dedi Budanov. Shiddatli jangdan so‘ng aeroport vayron bo‘lgan va undan rossiyaliklar foydalanishi mumkin bo‘lmagan.

Shundan so‘ng urushayotgan tomonlar Belarusda muzokara o‘tkazishga kelishib oldi. Kirill Budanov Denis Kireyevni ularda ishtirok etishga taklif qilgan, chunki u Rossiya delegatsiyasining ikki a’zosi bilan tanish edi. Yillar davomida mojaroning har ikki tomoni bilan aloqa o‘rnatib kelgan Kireyev Ukraina delegatsiyasi tarkibida qatnashish uning uchun xavfli bo‘lishini bilgan va avvaliga muzokaralarda qatnashishni istamagan, biroq keyin rozi bo‘lgan. «U yerda paydo bo‘lganidan keyin uning maxsus xizmatlar bilan aloqasi hammaga ayon bo‘ldi. Afsuski, o‘sha paytda vaziyat og‘ir edi va biz tavakkal qilishga majbur bo‘ldik», - dedi Budanov.

3 mart kuni Rossiya va Ukraina muzokaralarning ikkinchi raundi bo‘yicha kelishib olganida, Budanov Kireyev delegatsiya tarkibiga qayta qo‘shilishini talab qilgan. Bankir xavf ostida bo‘lishi mumkinligini bilgan. Qo‘riqchilar va harbiy razvedka agentlari bilan birgalikda u Kiyevdagi temiryo‘l vokzaliga kelgan. Yo‘lda Kireyev qo‘riqchilarga hibsga olinishi mumkinligini aytgan va ulardan aralashmaslikni so‘ragan. Shahar markazida u haqiqatan ham "SBU" agentlari tomonidan qo‘lga olingan, ular Kireyevning tansoqchilaridan qurollarini tashlashni talab qilishgan. Bankirni ushlab, olib ketishgan, oradan bir yarim soat o‘tib u o‘lik holda topilgan.

Bunday qotilliklarni tergov qiluvchi Ukraina Davlat tergov byurosi WSJ uchun izoh berishdan bosh tortdi. Shuningdek, Rossiya uchun ishlashda gumon qilingan xodimlarni qo‘lga olishga mas’ul bo‘lgan "SBU" kontrrazvedka boshlig‘i Aleksandr Poklad bu haqda izoh bermadi. Budanovning so‘zlariga ko‘ra, Belarusdagi muzokaralardan bir kun oldin Kireyevga Pokladning ofisidan qo‘ng‘iroq qilishgan.

Denis Kireyevning o‘ldirilishidan so‘ng, Ukraina ommaviy axborot vositalari "SBU"da uning vatanga xiyonat qilgani haqida ma’lumot bo‘lgani, shu qatorda telefon suhbatlari yozib olingani haqida xabar berdi. Keyinroq Ukraina Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi Kireyev «maxsus topshiriqni bajarish vaqtida halok bo‘lganini» ma’lum qildi. Denis Kireyev qahramon sifatida dafn etildi, Volodimir Zelenskiy uni «davlat suvereniteti va davlat xavfsizligini himoya qilishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun» vafotidan keyin medal bilan taqdirlash haqidagi hujjatlarni imzoladi.

Iyul oyida Zelenskiy "SBU" rahbari Ivan Bakanov va bosh prokuror Irina Venediktovani «xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani» uchun ishdan bo‘shatgan edi. Ukraina prezidenti ularning ishdan bo‘shatilishini prokuratura, dastlabki tergov va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlariga nisbatan davlatga xiyonat bo‘yicha ko‘plab ishlar ochilgani bilan izohladi.

Mavzuga oid