Jahon | 18:27 / 20.01.2023
39220
8 daqiqa o‘qiladi

«Armata» tanklari jangovar harakatlarga qo‘shilishi mumkinligi aytilmoqda. Bu tanklar urushga tayyormi?

Britaniya razvedkasi xabariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga kam sonli yangi T-14 «Armata» jangovar tanklarini yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. 2009 yildan ishlab chiqarila boshlangan ushbu tanklarning jang maydonida qo‘llanishi hozirga qadar biror marta kuzatilmagan. Ushbu tanklarni frontga jo‘natish rus qo‘shinlariga sezilarli ustunlik bera oladimi?

T-14 «Armata» tanki maketi IDEX Defense nomli qurol va harbiy texnikalar ko‘rgazmasida, 2021 yil. Foto: TASS

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi tomonidan 19 yanvar kuni e’lon qilingan harbiy razvedka hisobotida aytilishicha, o‘tgan yilning dekabr oyida Rossiyaning yangi T-14 tanklarini mamlakatning janubiy qismida payqashgan. Odatda Ukrainaga harbiy texnikalar aynan shu yerdan yuboriladi.

«Hukumatparast rus ommaviy axborot vositalari qo‘shinlar T-14 tanklari ko‘chirishga tayyorlanayotganini da’vo qilmoqda, biroq Rossiya ushbu turdagi tanklarni Ukrainaga ko‘chirgani yoki yo‘qligi hozircha noma’lum», deb yozadi hisobot mualliflari.

Britaniya razvedkasi «Armata»ning frontga yuborilishi asosan propaganda maqsadlarida amalga oshirilishiga va tanklar janglarda faol qo‘llanmasligiga ishonmoqda.

Hisobotda shuningdek, ushbu tank juda og‘irligi sabab logistika muammolari yuzaga kelishi va tankni ishlab chiqish va ishlab chiqarish dasturini amalga oshirishda 10 yildan buyon davom etib kelayotgan kechikishlar va muammolar ham ta’kidlanadi. Shu sabab «Armata» tanklaridan faol foydalanish Rossiya uchun xavfli qaror bo‘ladi.

G‘arbning Kiyevga asosiy jangovar tanklarini yetkazib berishi uzoq vaqt davomida tabu bo‘lib keldi. Ularni Ukrainaga berish imkoniyati ko‘plab mamlakatlarda muhokama qilindi, ammo hech kim bu qurollarni Kiyevga topshirishga jur’at eta olmadi.

So‘nggi haftalarda Yevropaning ayrim davlatlari o‘zlarining ma’lum miqdordagi Leopard 2 tanklarini Ukrainaga topshirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Biroq Germaniyada ishlab chiqarilgan ushbu tanklarni Ukrainaga berish uchun Berlinning roziligi kerak, Berlindagilar esa hozircha bunga ruxsat bergani yo‘q.

19 yanvar kuni Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy o‘z mamlakati Germaniya ruxsatisiz ham Leopard 2 tanklarini Ukrainaga yuborishi mumkinligini inkor etmadi.

«Bu yerda rozilik masalasi ikkinchi darajali. Biz yoki tez orada ularning roziligini olamiz, yoki o‘zimiz nima qilish kerak bo‘lsa shuni qilamiz», dedi u.

Britaniya hukumati o‘tgan hafta oxirida yaqin kunlarda Ukrainaga 14 ta Challenger 2 tankini jo‘natishini e’lon qildi.

AQShning M1 Abrams tanklari Vashingtonning Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam paketiga kiritilmaydi.

Politico 19 yanvardagi xabarida Fransiya hukumati mamlakatning o‘zida ishlab chiqariluvchi Leclerc tanklarini Kiyevga yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini yozgan.

T-14 urushga tayyormi?

Rossiya «Armata» oilasiga mansub yangi T-14 tanklarini frontga jo‘natishi mumkinligi haqidagi taxminlar bir necha oydan beri aytib kelinmoqda. Dekabr oyi oxirida rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyov o‘z dasturida ushbu tanklarning poligondagi tasvirini ko‘rsatdi. Biroq katta ehtimol bilan ular hali jangovar harakatlarda qatnashmagan.

T-14’ni frontga jo‘natish uchun Rossiyada bir qancha sabablar bor. Birinchidan, bu mutlaqo yangi asosiy jangovar tank va urush bunday qurollar uchun eng yaxshi mashg‘ulot maydonidir. Ikkinchidan, ko‘p yillar davomida «Armata»dan propagandada faol foydalanildi. Tank RF mudofaa vazirligining ko‘plab ko‘rgazmalari, hisobotlari va reklama roliklari «qahramoni» edi. Bunday resursdan foydalanmaslik g‘alati ish bo‘lgan bo‘lar edi. Hech bo‘lmaganda yana o‘sha propaganda maqsadlari uchun tank ishlatilishi lozim edi.

Rossiyadagi turli manbalarga ko‘ra, T-14 boshqa texnikalar bilan birga jangovar guruhning bir qismi sifatida harakat qilish uchun mo‘ljallangan, u raqamli ma’lumot almashish tizimi orqali qolgan mashinalarga ulangan bo‘lishi kerak.

Muhandislar fikricha, bu barcha transport vositalarining jangovar qobiliyatini oshiradi, chunki turli kuzatuv va ma’lumot yig‘ish tizimlari bilan jihozlangan T-14 qolganlarga nishon va o‘q uzish qurolini tanlashda yordam beradi.

T-14 «Armata» tanki Qizil maydondagi parad repetitsiyasi chog‘ida. 2017 yil 7 may
Foto: VALERY SHARIFULIN/TASS

Lekin T-14 hozirda Rossiya Ukrainaga qarshi urushida qo‘llayotgan texnikalar bilan ushbu rejimda ishlay oladimi yoki yo‘q, bunisi noma’lum.

Dastlab, bu tank «Armata» oilasiga birlashtirilgan butun bir transport vositalari guruhi bilan birgalikda yaratilgan. Ushbu guruhda tankdan tashqari T-15 og‘ir piyodalar jangovar mashinasi va «Koalitsiya» o‘ziyurar artilleriya qurilmasi bor. Ushbu qurollarning jang maydonida paydo bo‘lishi haqida hatto hech qanday mish-mishlar ham yo‘q.

Yangi qurollarni frontda ishlatishning o‘ziga yarasha salbiy jihatlari ham bor. Ulardan Rossiya harbiylari uchun eng yoqimsizi T-14’ning Ukraina qurolli kuchlari qo‘liga tushishi bo‘ladi.

2022 yil kuzida Xarkivning Izyum rayonidagi qarshi hujum operatsiyasidan so‘ng, Ukraina armiyasi rossiyaliklarning juda ko‘plab zirhli texnikalarini qo‘lga kiritgandi. Agar mashhur «Armata» ham ukrainlar qo‘liga tushsa, bu propagandaning barbod bo‘lishiga olib keladi. Shuningdek, bu ukrainaliklarga tank haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishiga imkon beradi.

Biroq, bu sodir bo‘lmagan taqdirda ham, ilgari noma’lum bo‘lgan qurollarning ko‘p jihatlari odatda janglarda ochiladi — afzalliklari ham, kamchiliklari ham. Bu ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlarini yanada yaxshilashga yordam beradi, ammo ayni vaqtda dushmanga ushbu tank bilan qanday kurashish kerakligi haqidagi ma’lumotlarni ham taqdim qiladi.

Har qanday holatda ham, Rossiya ushbu tanklar urushda qandaydir muhim rol o‘ynashi uchun ularning yetarlicha katta parkiga ega emas. Solovev tarqatgan videoda ikkita tank aks etgan. Noyabr oyida internetga tarqalib ketgan yana bir videoda esa bitta T-14 tankini ko‘rish mumkin.

T-14’ni keng ko‘lamli ishlab chiqarish hali boshlanmagan. Avvalroq harbiy sinovlardan o‘tayotgani aytilgan ushbu texnika tayyorgarlikning qaysi darajasida ekani ham noma’lum.

Keng ko‘lamli ishlab chiqarishdan oldingi partiyaning hajmi haqida ham aniq ma’lumotlar yo‘q. Tankni frontda sinovdan o‘tkazish haqida gap ketadigan bo‘lsa, u yerga bir nechta birlik yuborilishi dargumon.

Mavzuga oid