O‘zbekiston | 18:06 / 20.01.2023
12601
3 daqiqa o‘qiladi

«Chegaralar bizni ajratishi emas, birlashtirishi kerak» – Eldor Aripov Markaziy Osiyoning ideal modeli haqida

Agar Markaziy Osiyoda aniq sohalarda – iqtisodiyot va savdodan tortib, ta’lim va madaniyatgacha bo‘lgan o‘zaro hamkorlik mexanizmlari ishlamasa, mintaqaviy hamkorlik to‘liq ishlamaydi. Bu masala bo‘yicha yondashuvlarimizni kelishib olmasak, biz oldinga siljiy olmaymiz, deydi SMTI direktori Eldor Aripov Kun.uz'ga taqdim qilgan maqolasida.

Biz 2030 yilda qanday Markaziy Osiyoni ko‘rishni xohlaymiz, degan savol nihoyatda muhim. Bu masala bo‘yicha yondashuvlarimizni kelishib olmasak, biz oldinga siljiy olmaymiz, deydi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori. Siyosatshunosning fikricha, Markaziy Osiyoning ideal modeli bu — ichki nizolar va qarama-qarshiliklardan xoli, umumiy manfaatlar va ustuvorliklar bilan birlashtirilgan, hamma uchun umumiy qadriyatlar va an’analarga asoslangan mustahkam va yaxlit mintaqa.

«Biz intilishimiz kerak bo‘lgan asosiy narsa mintaqaviy hamkorlik jarayonlarini, jumladan, chegara masalalarini hal etishda hamon to‘sqinlik qilayotgan mavjud fundamental kelishmovchiliklarni bartaraf etishdir. Chegaralar bizni ajratishi emas, birlashtirishi kerak.

O‘zbekiston Prezidenti «Chegaralarimiz doimo do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik hududi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi», deb bir necha bor ta’kidlagan. Shuning uchun barcha kelishmovchiliklarga qaramay, o‘zaro maqbul murosaga erishish muhimdir. Bu nafaqat bir-biri bilan chegaradosh aniq ikki davlat, balki butun mintaqa uchun muhim», – deydi Aripov.

Ideal modelning ikkinchi elementi o‘z ixtiyorida muloqot va hamkorlik uchun barcha zarur platforma va mexanizmlarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo bo‘lishi kerak.

«Agar barchani qiziqtirgan aniq sohalarda – iqtisodiyot va savdodan tortib, ta’lim va madaniyatgacha bo‘lgan o‘zaro hamkorlik mexanizmlari ishlamasa, mintaqaviy hamkorlik to‘liq ishlamaydi».

Markaziy Osiyoning 2030 yildagi ideal modelining uchinchi elementi – bu aslida asosiy, tayanch tuzilmaga aylanishi kerak bo‘lgan mintaqaviy o‘ziga xoslik sifatida ko‘rilmoqda.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining IV Maslahat uchrashuvida «Madaniyat, ta’lim, sport va turizm sohasida hamkorlik dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish, shuningdek, umumiy tariximizni chuqur o‘rganish»ni taklif qildi.

Bizning maqsadimiz nafaqat umumiy manfaatlarga, balki barcha umumiy qadriyatlar va an’analarga asoslangan barqaror va ko‘p bosqichli aloqalar modelini yaratish bo‘lishi kerak.

Har birimiz o‘zimizni nafaqat o‘z yurtining, balki butun mintaqamizning vakili sifatida his qilishimiz, umumiy madaniy-tarixiy merosimiz bilan faxrlanishimiz kerak», – deydi SMTI direktori Eldor Aripov.

Mavzuga oid