G‘arb Ukrainaga yana qanday qurollar beradi? Asosiy ma’lumotlar
Pentagon oldindan va’da qilinganidek Ukrainaga 2,5 milliard dollar miqdoridagi yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi. Bu paket Stryker zirhli transportyorlari va Bradley harbiy mashinalari yetkazib berishni ham o‘z ichiga oladi.
Yangi paket doirasida Stryker rusumli 90 dona zirhli transportyor va Bradley rusumli 59 dona piyodalar jangovar mashinasi yetkazib beriladi.
Avvalgi paket 50 dona Bradley mashinalarini o‘z ichiga olgandi, shu tariqa, bu oyda jami 100 dan ortiq shunday mashinalar Ukrainaga topshiriladi.
Paket shuningdek HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun o‘q-dorilar, boshqa turdagi snaryadlar va havo hujumidan mudofaa tizimlarini ham o‘z ichiga olgan.
To‘liq ro‘yxat:
- 59 dona Bradley jangovar mashinalari;
- 8 dona havo hujumiga qarshi Avenger tizimlari;
- 90 dona Stryker zirhli transportyorlari;
- 53 dona MRAP zirhli transportyorlari;
- 350 dona HMMWV raketalari;
- HARM raketalari;
- NASAMS uchun qo‘shimcha raketalar;
- 20 000 dona 155 mm artilleriya snaryadlari;
- 600 dona Excalibur snaryadlari;
- 95 000 dona 105 mm artilleriya snaryadlari;
- 11 800 dona 120 mm mina;
- HIMARS uchun qo‘shimcha o‘q-dorilar;
- 12 dona mashinalarni zaryadlovchi mashinalar;
- 6 dona shtab mashinalari;
- 22 dona TOW tizimi o‘rnatilgan avtomobillar;
- 2 000 donaga yaqin tankka qarshi raketalar;
- 3 000 000 dona patronlar;
- to‘siqni buzuvchi uskunalar;
- Claymore piyodaga qarshi minalari;
- tunda ko‘rishga mo‘ljallangan moslamalar;
- ehtiyot qismlar va boshqa jangovar qurollar.
Xalqaro koalitsiyaning Germaniyada Ukrainaga qo‘shimcha yordam masalasi hal qilinadigan uchrashuvi arafasida e’lon qilingan paket Qo‘shma Shtatlarning Ukrainaga yordam paketlari orasida hajmi bo‘yicha ikkinchisidir.
Eng yirik paket yanvar oyi boshida e’lon qilingan bo‘lib, 3 milliard dollardan oshiqni tashkil etardi.
Yevropadan qurollar
Payshanba kuni Estoniyadagi uchrashuvda Yevropa davlatlari mudofaa vazirlari Ukrainaga yangi qurol-yarog‘lar yetkazib berish bo‘yicha qo‘shma deklaratsiyani qabul qilishdi. Ular ittifoqchilarning 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan «Ramshteyn» formatidagi katta uchrashuvi arafasida Tapa harbiy bazasida yig‘ilishdi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles mamlakat Ukrainaga 600 dan ortiq Brimstone raketalari yetkazib berilishini aytdi, Daniya Fransiyaga buyurtma qilingan 19 dona CAESAR rusumli o‘ziyurar artilleriya qurilmalari yetkazib berishini ma’lum qildi.
Estoniya Ukrainaga 113 million yevro qiymatidagi harbiy texnikalar jo‘natadi, bu FH-70 va D-30 rusumli o‘nlab gaubitsalar va M2 rusumli yuzlab tankka qarshi granatomyotlar va ular uchun o‘q-dorilar degani.
Latviya Stinger rusumli o‘nlab tizimlar, M-17 rusumli ikkita vertolyot, o‘nlab pulemyotlar, dronlar yetkazib berishni, shuningdek 2 ming nafar ukrainalik askar tayyorlab berishni va’da qilgan.
Finlandiya Ukrainaga 400 mln yevro miqdoridagi harbiy yordam paketi yuborilishini anons qildi. Shu tariqa, Helsinki Ukrainaga jami 590 mln yevro qiymatidagi harbiy yordam yetkazib beradi.
Mamlakat mudofaa vazirligi xabar qilishicha, Finlandiya Ukrainaga og‘ir artilleriya qurollari va ularga o‘q-dorilar yetkazadi. Ammo Ukraina anchadan buyon so‘rab kelayotgan Leopard tanklari bu yordam paketidan o‘rin olmagan.
Mamlakat mudofaa vaziri Mikko Savolaning ma’lum qilishicha, Finlandiyaning Leopard tanklarini Ukrainaga yetkazib berish bo‘yicha pozitsiyasi Germaniya qanday qarorga kelishiga bog‘liq.
Bundan tashqari, ushbu deklaratsiya doirasidan tashqarida, nemislarning Rheinmetall konserni, Handelsblatt nashri xabariga ko‘ra, agar Germaniya hukumati ruxsat bersa, yil oxiriga qadar Ukrainaga yuzga yaqin Leopard-1 va Leopard-2 rusumli tanklar yetkazib berishga tayyor. Germaniyaning bu boradagi qarori juma kuni o‘tkaziladigan «Ramshteyn» aloqa guruhi yig‘ilishida e’lon qilishi kutilmoqda.
Ben Uolles shuningdek G‘arb Kremlga qarshi turishda yakdil ekanini ta’kidlagan.
«Agar prezident Putin biz bu yil bezor bo‘lishimizdan umid qilgan bo‘lsa, u xato qiladi. Bizning maqsadimiz - Rossiyani Ukraina hududidan ortga qaytarib yuborish va Ukraina suverenitetini tiklash», - degan Uolles.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa payshanba kuni G‘arb Ukrainani Rossiya va Belarus «Ittifoq davlatiga qarshi kurashish uchun platsdarmga aylantirgani»ni aytib o‘tdi.
«Biz yana bir bor AQSh va uning satellitlarining NATO kengayishi, alyans harbiy kuchlari va harbiy infratuzilmalarini bizning umumiy chegaralarimiz tomon yaqinlashtirishga qaratilgan buzg‘unchi yo‘lidan chuqur xavotirda ekanimizni bildiramiz, bu harbiy-siyosiy keskinlik kuchayishiga olib keladi. Bu biz tomonimizdan reaksiyasiz qolishi mumkin emas», degan Lavrov Minskda Belarus TIV rahbari bilan uchrashuvda.
«Ramshtayn» arafasida
Bu bayonotlar Ukrainaga yordam masalasida 50 ga yaqin davlatni birlashtirgan «Ramshtayn» formatidagi kontakt guruhi uchrashuvi arafasida yangradi. Bugungi uchrashuvda ishtirokchilar Ukrainani harbiy texnikalar, xususan nemislar ishlab chiqargan Leopard tanklari bilan ta’minlash masalasida hal qiluvchi qaror qabul qilishi kutilmoqda.
Polsha va Finlandiya o‘zidagi shunday tanklarni ukrainlarga berishga tayyorligini bildirgan, faqat buning uchun Germaniyaning roziligi talab etiladi, ammo ishlab chiqaruvchi tomon hozircha bunga ruxsat berishga shoshilmayapti.
Ammo barchasi Germaniya mudofaa vazirligiga yangi rahbar kelishi munosabati bilan o‘zgarishi mumkin - seshanba kuni 62 yoshli Boris Pistorius - tajribali siyosatchi va kansler Olaf Sholsning Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi bo‘yicha partiyadoshi shu lavozimga tayinlandi.
Payshanba kuni yangi vazir AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan Ukrainaga tanklar yetkazib berish masalasini muhokama qildi.
Bu vaqtda Kreml yana bir bor G‘arbni Rossiyaga zarba berilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qurollarni yetkazib berish oqibatlaridan ogohlantirmoqda. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu holda mojaro yangi darajaga chiqishi mumkinligini aytgan.
Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas esa BBC uchun bergan intervyusida Rossiyaning tahdidlaridan qo‘rqmaslikka chaqirgan va Ukraina uchun qurol yetkazib berish hayot-mamot masalasi ekanini ta’kidlagan.
«Urush davrida biz yetarlicha ish qilmadik. Rossiya kuchsizlanmadi. Rossiya ko‘proq ishlab chiqarish uchun o‘z harbiy sanoati quvvatlarini oshirdi ularda safarbar qilingan yoki safarbar qilinishi mumkin bo‘lgan odamlar ko‘p, shu tufayli biz bu borada optimist bo‘lmasligimiz kerak», degan u.
Va qo‘shimcha qilgan: «O‘ylaymanki, terrorizmga yagona javob - bu terrorchilik tahdidlariga bo‘ysunmaslikdir, siz shunchaki bunday qila olmaysiz, chunki aks holda terrorchilar g‘alaba qozonadi».
Tanklar masalasi
Chorshanba kuni Davosdagi iqtisodiy forumda chiqish qilar ekan, Germaniya kansleri Olaf Shols uning mamlakati shusiz ham Ukrainaga faol yordam ko‘rsatayotgani, o‘q-dorilar va zenit-raketa komplekslari yetkazib berganini aytdi. Shu tariqa, u boshqa mamlakatlarga nemislar ishlab chiqargan tanklarni Ukrainaga berishga rozi bo‘lishga chaqiriqlarga munosabat bildirdi.
Davosdagi xuddi shu forumda videoaloqa orqali chiqish qilgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa ortiq kutib bo‘lmasligi va dushmandan oldinroq harakat qilish lozimligini ta’kidladi.
«Dunyo ortiq ikkilanmasligi kerak - bugun ham, kelajakda ham. Dunyoning safarbarligi bizning umumiy dushmanimizning navbatdagi harbiy safarbarligidan ilgarilab ketishi kerak. Ukrainani havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlash Rossiyaning navbatdagi raketa zarbalaridan ildamroq bo‘lishi kerak. G‘arbning tanklari yetkazib berilishi Rossiya tanklarining navbatdagi yurishidan oldin ro‘y berishi kerak», degan Zelenskiy.
Davos forumida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ham shunga chaqirdi: «Hozir - urushda burilish pallasi va Ukrainaga yordam hajmini sezilarli darajada oshirish kerak. Agar ertaga tinchlik muzokaralariga kirishishni istasak, bugun ko‘proq qurol berishimiz kerak».
Germaniyadagi Süddeutsche Zeitung nashri esa chorshanba kuni o‘z manbalariga tayangan holda kansler Olaf Shols Ukrainaga Leopard tanklarini faqatgina AQSh ukrainlarga o‘zining Abrams tanklarini berganidan keyin yetkazib berishga rozi bo‘ladi.
Nashr suhbatdoshiga ko‘ra, Shols bu haqda seshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden bilan telefon muloqoti chog‘ida aytgan. Bayden esa bu borada hech qanday va’da bermagan.
Ammo AQSh hozircha Ukrainaga o‘z tanklarini berishni rejalashtirmayotgani - Rossiyaning reaksiyasidan qo‘rquv tufayli emas, buning sababi shundaki, bu tanklarga xizmat ko‘rsatish tizimlari juda qimmatga tushadi.
Payshanba kuni Sky News - Arabia telekanali Pentagondagi manbasining AQSh nima uchun o‘z tanklarini Ukrainaga bera olmasligi haqidagi so‘zlarini keltirdi: «Vashington Abrams tanklarini [texnik] xizmat ko‘rsatish va ekspluatatsiya [xarajatlari] tufayli Ukrainaga yetkazib bera olmaydi». Bundan tashqari, manbaning fikricha, «bahorga qadar fursat ichida [ukrainalik harbiy xizmatchilarni] Abrams tanklarini boshqarishga o‘rgatish imkoni bo‘lmaydi».
Shunga qaramay, Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov yaqinda BBC uchun bergan intervyusida Ukraina uchun zarur bo‘lgan barcha vositalar yetkazib berilishiga ishonchi komil ekanini aytgandi.
«Ishonchim komil, bizda tanklar ham, jangovar samolyotlar ham, 300 kilometrgacha masofadagi nishonga zarba bera oluvchi qurollar ham bo‘ladi», degandi vazir bir yil muqaddam u G‘arbdagi hamkorlardan faqat Stinger qurilmalari so‘rashi mumkin bo‘lganini yodga olib. U hozir ukrainalik zenitchilar qudratli Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarini boshqarishni o‘rgana boshlayotganini qayd etib o‘tgan.
Mavzuga oid
21:53
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
16:21
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
11:00