KGBga «ortdan pichoq urgan» josus – sovet xavfsizlik qo‘mitasi mayori AQShga nega qochib ketgandi?
1961 yilda Finlandiyada ishlayotgan KGB mayori Shvetsiya orqali AQShga qochib ketadi. U MBRga juda ko‘p maxfiy ma’lumotlarni oshkor qiladi va oqibatda bu ish KGB uchun ko‘p muammolar keltirib chiqaradi. Jumladan, xavfsizlik qo‘mitasi dunyoning turli davlatlarida ishlab yurgan ko‘plab josuslarni ortga qaytarishga yoki yashirishga majbur bo‘ladi. MRB hisobotlarida mayorning AQShga qochib o‘tishi «eng qimmatli qochish» deb ta’riflanadi.
1961 yil dekabrning so‘nggi kunlarida MRB (Markaziy razvedka boshqarmasi)ning Xelsinkidagi josusi Frenk Frayberg yashayotgan uyda telefon jiringlaydi. Josus telefonni ko‘targanida, «KGB mayori Anatoliy Golitsin sizni bezovta qilyapti», degan ovozni eshitadi.
Ingliz tilini buzib gapirayotgan bu ovoz SSSRning Finlandiyadagi elchixonasi xodimi Ivan Klimovning ovozi edi. Go‘shakdan «Ajablanmang, Anatoliy Golitsin mening haqiqiy ism-sharifim. Men oilam bilan AQShdan siyosiy boshpana so‘ramoqchiman» degan gaplarni eshitib, Frayberg lol qoladi.
O‘shanda Golitsin Fraybergga amerikaliklar uni va oilasini Xelsinkidan ikki soatda olib chiqib ketishlari lozimligini, aks holda qo‘lga tushib qolishi mumkinligini aytadi.
Zudlik bilan maxsus operatsiya o‘tkaziladi va Golitsin, xotini va qizi avval Shvetsiya poytaxti Stokholm shahriga o‘tkaziladi. So‘ng Germaniya orqali AQShga jo‘natib yuboriladi. KGB mayori Golitsinning AQShga qochib ketishi shu tarzda ro‘y bergan edi.
1953 yil 5 mart kuni SSSRni 31 yil (1922-1953 yillar) boshqargan qonxo‘r Stalin vafot etgach mamlakatda ko‘p narsa o‘zgarib ketadi. O‘sha yili uning eng ishongan odami, millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan NKVD boshlig‘i Lavrentiy Beriya ham qo‘lga olinadi va sud qilinib, otuvga hukm qilinadi.
Shundan so‘ng Stalin davrida qatag‘on qilinganlar, jazolanganlarning ishlari qayta ko‘rilib, tirik qolganlar qamoqxonalardan ozod qilinadi.
O‘sha paytda Stalin tuzumining yovuz ishlari juda ko‘pchilikka aks ta’sir qiladi va ular kommunistik tuzumdan nafratlana boshlashadi. Bunday insonlar safida KGB xodimlari ham bo‘lgan va Anatoliy Golitsin ulardan biri edi.
Bu inson 1961 yilda AQShga qochib ketadi va KGBning juda ko‘p maxfiy ma’lumotlarini oshkor qiladi. Oqibatda sovet maxfiy xizmatining xorijdagi juda ko‘plab josuslari oshkor bo‘ladi. KGB ularning bir qismini yashirishga muvaffaq bo‘ladi, qolganlar qo‘lga tushadi.
Keyinchalik MBRning josuslik tarmog‘ini boshqargan Jyeyms Englton Golitsinning AQShga qochib o‘tishi haqida «U G‘arbga qochib o‘tgan eng qimmatli josus edi», deb ta’rif bergandi.
Anatoliy Golitsinning yoshligi va KGBga xizmatga o‘tishi
Anatoliy Golitsin 1926 yilda Ukrainadagi Piryatin shaharchasida tug‘iladi. U maktabni bitirgach Moskvadagi harbiy maktabda tahsil oladi. Urush tugagach 1945 yilda Golitsin tashqi razvedka maktabida o‘qiydi va o‘sha paytda NKVD tarkibida bo‘lgan KGBga ishga olinadi.
1953 yil Beriya otuvga hukm qilingach NKVD va KGBning juda ko‘p xodimlari Stalin qatag‘onlaridagi ishtiroki uchun jazolanadi. O‘sha paytda Golitsin kichik xodim bo‘lgani uchun jazodan qutulib qoladi.
Keyinchalik Golitsin oddiy xodim sifatida NKVD va KGBning Stalin davrida SSSRda sodir etgan jirkanch ishlaridan uncha ham xabardor bo‘lmaganini bildirgan.
Beriya va uning qo‘l ostidagilari jazolangach ular tomonidan sodir etilgan ko‘plab yovuz ishlar oshkor bo‘ladi va bu Golitsinda kommunistik tuzumga nisbatan nafrat uyg‘otadi. Shundan so‘ng u payti kelganda SSSRdan qochish haqida o‘ylay boshlaydi.
1953 yilda Golitsin ilk bor xorijga jo‘natiladi va u bir yarim yil Avstriyadagi sovet elchixonasida xizmat qiladi. O‘sha paytda Avstriyada ko‘p ming sovet harbiylari bo‘lib, u yerda juda ko‘plab KGB xodimlari xizmat qilardi.
1954 yilda Golitsin Avstriyada ekanida u bilan birga ishlaydigan KGB birinchi bosh boshqarmasi xodimi mayor Petr Deryabin AQShdan siyosiy boshpana so‘raydi va okean ortiga qochib ketadi.
Garchi Deryabinning bu rejasidan Golitsin umuman bexabar bo‘lsa ham, Moskvaga chaqirib olinadi va KGB bosh boshqarmasida tergov qilinadi.
Golitsin shubhalardan xoli ekani ayon bo‘lgach qayta Avstriyaga jo‘natilmaydi va KGB birinchi bosh boshqarmasiga ishga olinadi. U strategik rejalar bo‘limida ishlay boshlaydi.
1960 yilda KGB Golitsinni Finlandiyaga yuboradi. U SSSRning Xelsinkidagi elchixonasiga «Ivan Klimov» nomi bilan joylashadi. Golitsin Finlandiyada ishlar ekan, G‘arbga qochish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lganini anglab yetadi.
1961 yilda Golitsin AQShga qochish haqida xotiniga aytadi va u ham bunga rozi bo‘ladi. Mayor bir necha oy Mosvadagi maktabda o‘qiyotgan qizining Xelsinkiga kelishini kutadi.
O‘sha yili dekabr so‘ngida qizi Xelsinkiga yetib kelgach Golitsin MRBning Finlandiyadagi josusi Frenk Frayberg bilan aloqaga chiqadi va AQShga qochmoqchi ekanini aytadi.
Shundan so‘ng Golitsinni xotini va qizi bilan birga AQShga o‘tkazish rejasi tuziladi. Ularni avval yashirincha Shvetsiya poytaxti Stokholmga olib borishadi, so‘ng AQShga jo‘natib yuborishadi.
Golitsin AQShda
Golitsin KGB birinchi bosh boshqarmasida ishlaganida u g‘arb davlatlarida ishlayotgan KGB josuslarining ma’lumotlari saqlangan bazasiga kira olardi.
Golitsin Xelsinkiga yuborilishidan oldin KGBning tashqi razvedkaga oid ko‘plab ma’lumotlari bilan tanishib chiqqan va muhim ma’lumotlarni qayd etib qo‘ygandi.
Golitsin AQShda MRB josuslik bo‘limi boshlig‘i Jyeyms Englton bilan ko‘rishganda unga 22 ta muhim maxfiy ma’lumotlarni beradi.
Keyinchalik, Golitsin G‘arbda ishlayotgan 100 dan oshiq KGB josuslarining ism-shariflari va laqablarini oshkor qiladi. Jumladan, KGBning G‘arbdagi josuslari Kim Filbi, Donald Makleyn, Gay Berjyess, Jon Vassal kabilar Golitsin tomonidan fosh etilgandi.
Shundan so‘ng G‘arb davlatlarida KGB josuslariga nisbatan ov boshlab yuboriladi.
Golitsin MRBga maxfiy ma’lumotlar berishi ortidan KGB dunyo bo‘ylab rejalashtirgan ko‘plab operatsiyalarini bekor qilishga majbur bo‘ladi.
Shuningdek, Golitsin tomonidan oshkor qilingan xorijiy davlatlarda ishlayotgan ko‘plab josuslar SSSRga chaqirib olinadi. Chiqib ketishga ulgurmaganlar qo‘lga tushadi.
Golitsinning qochishi tufayli kelib chiqqan siyosiy mojarolar
Golitsin KGB bilan hamkorlik qilgan g‘arbliklarni fosh qilar ekan, 1964 yilda Britaniya bosh vaziri etib saylangan Garold Vilsonni ham tilga olgan edi. Golitsin uning KGBga muhim maxfiy ma’lumotlar yetkazib berganini aytadi.
Garold Vilson 1940-yillarning ikkinchi yarmida Britaniya savdo vaziri lavozimida ishlagan va o‘sha paytda sovet siyosatchilari Anastas Mikoyan va Vyacheslav Molotov bilan do‘stona aloqalarda bo‘lgan. Tabiiyki, Vilson o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmaydi.
Shuningdek, Golitsin Leyboristlar partiyasida Vilson o‘rniga rais bo‘lgan Xyu Geytskellni ham sovetlar foydasiga josuslik qilgan deb ma’lumot beradi. U ham aybini tan olmaydi. Ammo 1963 yilda Geytskell shubhali tarzda o‘ldirib ketiladi.
Golitsinning Buyuk Britaniyadagi taniqli siyosatchilarini josuslikda ayblab chiqishi xalqaro maydonda juda katta aks sado beradi.
Britaniya tashqi razvedka xizmati Mi-5 Vilsonning faoliyatini sinchiklab tekshiradi. U bir necha marta suhbatga chaqiriladi. Ammo unga qo‘yilgan ayblarni isbotlab bo‘lmaydi.
Gaytskellning o‘limidan so‘ng garchi Vilson «suvdan quruq chiqib ketishga» va Britaniya bosh vaziri bo‘lishga muvaffaq bo‘lsa ham, unga nisbatan bildirilgan gumonlar saqlanib qolaveradi.
1970 yilda Bosh vazirlikni topshirgan Vilson 1974 yilda bu lavozimga yana saylanadi va bu safar Britaniyani bor-yo‘g‘i ikki yil boshqarib, iste’foga chiqadi.
Golitsin Britaniyadagi KGB josuslarini fosh etar ekan, MI-5 tarixchisi Kristofer Endryu KGB sobiq mayori to‘g‘ri ma’lumotlar berganini va unga ishonish lozimligini yozib chiqadi.
Golitsin yana bir taniqli siyosatchi, 1956-1982 yillarda Finlandiya prezidenti bo‘lgan Urxo Kekkonenni ham KGB bilan hamkorlik qilgan shaxslar ro‘yxatiga qo‘shgandi. KGB sobiq mayorining ko‘rsatmalari tufayli shubha ostida qolgan Kekkonen uzoq yillar davomida KGB bilan hamkorlik qilmaganini ta’kidlab keladi.
Golitsinning ro‘yxatida Fransiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Sharl de Gollning tashqi razvedka masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jak Fokkar, Jazoir bo‘yicha maslahatchisi Luis Joks, Fransiya hamkorlik masalalari bo‘yicha vaziri Jorj Gors hamda Fransiyaning NATO kengashidagi vakili Jorj Pak ham bor edi.
Bu to‘rt nafar fransuz siyosatchisi orasida faqat Jorj Pakning KGB bilan hamkorlik qilgani isbotlanadi. U 1963 yilda hibsga olinadi va 1964 yilda umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.
NATO kengashidagi vakilining KGB bilan hamkorlikda ayblanishi tufayli Fransiya va harbiy ittifoq o‘rtasidagi aloqalar ancha sovuqlashadi. Oqibatda, 1966 yilda Fransiya bu tashkilot safidan chiqib ketadi (Fransiya harbiylari NATO kuchlari bilan harbiy harakatlarda davom etgan bo‘lsa-da, faqat 2009 yilga kelib tashkilot safiga rasman qayta qo‘shilgan).
Golitsin MRBda tashqi razvedka bo‘limini boshqargan Piter Karlouning ham KGB bilan hamkorlik qilganini aytadi. Haqiqiy ismi Sergey bo‘lgan Karlou MRBning rahbarlaridan biri bo‘lib, u rossiyalik muhojir Klabenskiyning o‘g‘li edi.
Karlou Golitsinning ayblovlarini rad etadi. MRB ham uning KGB bilan hamkorlik qilgani haqida jo‘yali dalil topolmaydi. Shunday bo‘lsa ham 1963 yilda Karlou o‘z vazifasidan ozod etiladi. Unga berilgan unvonlar va davlat mukofotlari qaytarib olinadi.
Keyinchalik, 1980-yillar oxirida MRB rahbarlari Karlouning aybi isbotlanmaganini aytib, undan uzr so‘rashadi va unvonlari hamda davlat mukofotlarini qaytarib berishadi.
Golitsinning o‘lim jazosiga hukm qilinishi
Golitsin AQShga qochib o‘tib, ko‘plab maxfiy ma’lumotlarni MRBga oshkor qilar ekan, KGB buni umuman «hazm» qila olmasdi. O‘sha paytda KGB AQShdagi josuslariga qanday qilib bo‘lsa ham Golitsinni topib yo‘q qilish bo‘yicha topshiriqlar beradi.
Ammo KGB ning AQShdagi josuslari harchand izlab ham Golitsin va uning oilasini topa olishmaydi.
KGB sobiq mayori va uning oilasiga AQShda boshqa ism-sharif berilgan va MRB tomonidan ustalik bilan yashirilgandi.
Shundan so‘ng SSSRda Golitsin va uning xotiniga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Ularni vatanga xiyonat qilishda ayblashadi.
1962 yilda SSSR oliy sudi harbiy kollegiyasi Golitsin va uning xotiniga sirtdan o‘lim jazosi beradi.
Keyinchalik unga Jon Stoun ism-sharifi berilgani va Virjiniya shtatidagi Vashington shahriga yaqin joyda, Vena shaharchasida yashagani ma’lum bo‘ladi.
Golitsin haqida shubhalar
SSSR tarqab ketgandan so‘ng ayrim rus tarixchilari, jurnalistlari va blogerlari Golitsinning G‘arbga qochib o‘tganini shubha ostida qoldiruvchi materiallar e’lon qilishadi.
Ularga ko‘ra Golitsinning AQShga qochib ketishi KGB tomonidan puxta o‘ylab amalga oshirilgan amaliyot bo‘lgan.
Ya’ni KGB Golitsin yordamida MRB va MI-5 safida xizmat qilgan AQShlik hamda britaniyalik josuslarni shubha ostida qoldirib, ularni safdan chiqarish vazifasini olgan.
Ular Golitsin operatsiyasi KGB loyihasi bo‘lganiga aniq dalil keltira olishmagan. Faqat SSSRdan qush ham uchib chiqa olmaydigan vaziyatda Golitsin xotini va qizini sovet ittifoqidan Finlandiyaga osongina olib chiqib ketganini shubha ostiga olishgan.
Ko‘pchilik Golitsinning AQShga qochib ketishi KGBning maxsus amaliyoti bo‘lganiga ishonmaydi. Chunki u juda ko‘p maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilgan va oqibatda bu KGBga qimmatga tushgan edi.
Golitsin ikkita kitob yozgan. Ulardan biri 1984 yilda, ikkinchisi 1995 yilda chop etilgan. Golitsin har ikkala kitobda ham asosan KGBda ishlagan davrlari va bu tashkilot uning maxfiy amaliyotlari haqidagi ma’lumotlarni keltirgan.
Golitsin 1984 yilga kelib AQSh fuqaroligini oladi. O‘sha yili unga Britaniya imperiyasi ordenini ham berishadi.
AQShlik yozuvchi Yuris Golitsin haqida «Topaz» nomli asarini yozgan va 1967 yilda kitob holida chop etilgan. Keyinchalik mashhur rejissyor Alfred Xichkok «Topaz» romani asosida film suratga olgan va unda AQShga qochib o‘tgan KGB xodimining hayoti tasvirlangan.
Golitsin 2008 yilda 82 yoshida AQShda vafot etadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
14:58 / 03.11.2024
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori
14:21 / 20.10.2024
AQShga qochgan diplomat: okean ortidan siyosiy boshpana so‘ragan sovet amaldori
16:15 / 17.10.2024
Bir jinoyat tarixi: qotillik qurboni bo‘lgan 72 yoshli aktrisa
15:11 / 13.10.2024