O‘zbekiston | 08:11 / 24.01.2023
24442
2 daqiqa o‘qiladi

Mahalliy davlat hokimiyati organlari va hokimlar ayrim vakolatlardan mahrum bo‘lyapti

Prezident tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun imzolandi

Foto: Getty images

Norma'ning yozishicha, kiritilayotgan o‘zgarishlar mahalliy davlat hokimiyati organlari, hokimlar, bojxona organlari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatlariga hamda MChJni majburiy auditdan o‘tkazish talabiga oid.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining quyidagi vakolatlari bekor qilinmoqda:

tibbiy yordam sifatining klinik-statistik standartlariga rioya etilishini nazorat qilish;

yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati hamda xavfsizligi, ularni saqlash sharoitlari ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
 
Hokimlar uy-joy mulkdorlari va uy-joydan foydalanuvchilaridan kommunal xizmatlar to‘lovi va majburiy badallarni to‘lash bo‘yicha qarzlarni undirish to‘g‘risida da’volar bilan sudga murojaat qilish vakolatidan mahrum bo‘lishmoqda.

Shuningdek, aktivlarining balans qiymati BHMning 100 ming baravari miqdoridan ko‘p bo‘lgan MChJlar uchun har yilgi tashqi auditorlik tekshiruvidan o‘tish majburiyati bekor qilinmoqda

Endilikda chet davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan va O‘zbekiston hududida vaqtincha foydalanilayotgan transport vositalarining egalari tomonidan majburiy sug‘urta bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi ustidan nazoratni bojxona organlari amalga oshirmaydi. Ushbu vakolat davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida saqlanib qolmoqda.

Vazirlar Mahkamasi, Moliya va iqtisodiyot vazirligining auditorlik faoliyatini tartibga solish bo‘yicha ayrim vakolatlari nodavlat notijorat tashkilotlari – auditorlarning respublika jamoat birlashmalariga o‘tkazilmoqda. Xususan, auditorlar birlashmalariga:

auditorlar malakasini oshirishning namunaviy dasturini tasdiqlash;

malaka imtihonini o‘tkazish tartibini belgilash (Moliya va iqtisodiyot vazirligi bilan kelishgan holda);

nomzodni malaka imtihoni topshirishga qo‘yish yoki rad etish;

sertifikatni rasmiylashtirish va qayta rasmiylashtirish, sertifikat va uni dublikatini  berish vakolatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid