O‘zbekiston | 11:16 / 30.01.2023
5550
2 daqiqa o‘qiladi

Haaga arbitraj markazi O‘zbekistonda huquq sohasida mutaxassislar tayyorlaydi

O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov Haaga huquq va arbitraj markazi (HHAM) katta hamkori Ali Marusiy bilan onlayn shaklda muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Foto: Fotolia

HHAM bosh qarorgohi Haaga shahrida joylashgan, butun dunyodan 200 ga yaqin professional huquqshunoslarni birlashtirgan tarmoq hisoblanadi. Markaz turli sohalarda yuridik va arbitraj xizmatlarini taklif etadi, xalqaro huquq, savdo va investitsiyalar, mediatsiya va arbitraj, huquqiy ekspertiza va boshqa yo‘nalishlarda o‘quv kurslari, konferensiya va seminarlar tashkil etadi.

HHAM vakili O‘zbekiston bilan hamkorlikni, jumladan, huquq va biznes sohalarida mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida onlayn va oflayn shakllardagi o‘quv kurslari tashkil etish orqali aloqalarni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

HHAM kurslari davlat xodimlari, sudyalar, tadbirkorlar, korporativ rahbarlar va xalqaro huquqshunoslarga huquq va boshqaruv sohasidagi so‘nggi yangiliklar bilan kengroq tanishish, bilim va ko‘nikmalarini boyitish, barcha huquqiy masalalar bo‘yicha foydali ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyatini beradi.

Mediatsiya va arbitraj, huquq va biznes, muzokaralar olib borish, xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlash, xalqaro nizolarni hal qilishning samarali mexanizmlari, huquq va texnologiyalar kabi yo‘nalishlar ham samarali hamkorlik qilishning istiqbolli jihatlarini tashkil qiladi.

Mavzuga oid