O‘zbekiston | 20:07 / 01.02.2023
21632
2 daqiqa o‘qiladi

“Maktab direktorlariga erkinlik berish kerak” - Shavkat Mirziyoyev

“Biz direktorni qo‘lsiz, oyoqsiz, ko‘zsiz qilib qo‘yganmiz”, dedi maktab direktorining XTB boshlig‘iga qaramligiga barham berish kerakligi haqida gapirgan prezident. “Talab kuchli bo‘lishi, shu bilan birga vakolatlari ham yuqori bo‘lishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident 55-maktab direktori bilan / Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 fevral kuni vodiyga safari davomida Andijon tumanidagi 55-maktabda bo‘ldi. Davlat rahbari maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova va shu maktab direktori bilan suhbatlashdi.

“Biz direktorni qo‘lsiz, oyoqsiz, ko‘zsiz qilib qo‘yganmiz. “Rayono”ning mudiri yo‘talsa, yo‘taladi, yo‘talmasa, yo‘talmaydi – to‘g‘risi shu endi. Mana shu narsani yo‘q qilish kerak. Hamma narsa maktabda.

(H.Umarovaga) Nazoratini qilsin sizning tizimingiz, lekin ularga ham erkinlik berish kerak. Talab kuchli bo‘lishi kerak, shu bilan birga vakolatlari ham yuqori bo‘lishi kerak. Bitta odamni bo‘shatishga ham “rayono”ga borish kerak, qanaqasi bu?” – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident 55-maktab direktori bilan / Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident sinfxonaga kirib, o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi.

“Har bir muallim ham hozirgi farzandlarimizga munosib bo‘lib auditoriyaga kira olmaydi. Bozor iqtisodiyoti, hammamiz bilishimiz kerak, shafqatsiz. Bilmaganni qabul qila olmaydi. U yo‘lini topa olmaydi bozor iqtisodiyotida”, – dedi u.

Mirziyoyev bu maktabning yerto‘lasida tadbirkorlarga ajratib berilgan kasb o‘rgatish joyida ham bo‘ldi. Bu yerda yuqori sinf o‘quvchilari tikuvchilik, mebelchilik, qandolatchilik, kosibchilik, savat to‘qish, ko‘rpa-to‘shak tikish kabi yo‘nalishlarni o‘rganmoqda. Maktab hududida avtotexxizmat, payvandlash, tipografiya, kompyuter xizmati va salonlar bor.

Mavzuga oid