Ukraina G‘arbdan qiruvchi samolyotlar so‘ramoqda. Ayrim davlatlar bunga qarshi emas
Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy NATOning boshqa mamlakatlari bilan muvofiqlashtirilgan holda tegishli qaror qabul qilinsa, uning mamlakati Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlari yetkazib berishi mumkinligini istisno etmadi; Kiyevga qiruvchi samolyotlar yetkazib berish imkoniyati haqida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham gapirgan. So‘nggi kunlarda Ukraina hukumati vakillari G‘arbdagi ittifoqchilarning keyingi muhim qadami Ukraina qurolli kuchlari uchun harbiy samolyotlar yetkazib berish bo‘lishi kerakligi haqida aytishmoqda.
G‘arbda bu masalada hozircha yakdillik yo‘q: dushanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Vashington Ukrainaga F-16 qiruvchilarini yetkazib bermoqchi emasligini aytdi, Germaniya kansleri Olaf Shols esa dam olish kunlarida bu mavzudagi gaplar jiddiy emasligini bildirgandi.
Jurnalistlarning Varshava Ukrainaga F-16 qiruvchilarini yuborishi ehtimoli qanchalik ekani haqidagi savoliga javoban Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Polsha bu masalada ittifoqchilar bilan kelishgan holda harakatlanishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Varshava Ukraina mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha barcha harakatlarini NATO bo‘yicha hamkorlar – xususan, AQSh bilan muvofiqlashtiradi. Ukrainaga Patriot zenit-raketa majmualarini topshirish va Ukraina armiyasi uchun Leorard tanklarini berish bo‘yicha xalqaro koalitsiya tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda ham shunday bo‘lgan.
«Bir necha oy oldin MiG-29 samolyotlari bilan bo‘lgani kabi boshqa har qanday havo yordami NATOning boshqa davlatlari bilan muvofiqlashtiriladi, amalga oshiriladi va ehtimol, jo‘natiladi. Biz bu masalada barchasini muvofiqlashtirgan holda harakatlanamiz», deya Moravetskiyning so‘zlarini keltirgan «Ukrinform» agentligi.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Polshaning bu pozitsiyasini ijobiy signal deb atagan. «F-16 qiruvchilarini olish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Polshadan ijobiy signallar bor, ular NATO bilan kelishgan holda samolyotlarini bizga berishga tayyor», deya yozgan Yermak telegram-kanalida.
Ukrainaga harbiy aviatsiya yetkazib berish masalasida dushanba kuni Fransiya prezidenti ham izoh bergan. Niderlandiya bosh vaziri bilan qo‘shma matbuot anjumanida Makron shunday degan: «Prinsipial jihatdan hech narsa istisno qilinmaydi». Shu bilan bir vaqtda, Fransiya mudofaa vaziri yordamchisi Sabastyan Lekorn Politico nashriga bergan intervyusida, Parij Kiyevning ukrainalik uchuvchilarni fransuzlarning qiruvchi samolyotlarida uchishga o‘rgatish bo‘yicha so‘rovini ko‘rib chiqayotganini aytdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, TIV rahbari Dmitro Kuleba hamda mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov tanklar yetkazib berish masalasi hal bo‘lganidan keyin, G‘arb davlatlarining qiruvchi samolyotlari – Ukrainaning asosiy maqsadi ekani haqida gapirishdi.
Kiyev sovet davridan qolgan aviatsiyasini yangilash uchun zamonaviy qiruvchi samolyotlar – AQSh harbiy-havo kuchlarining F-16 yoki F-15 qiruvchilari yoki ularning Yevropadagi muqobillari – nemislarning Tornado yoki shvedlarning Gripen rusumli samolyotlarini olishni ko‘zlagan.
Kim qarshi?
Germaniya kansleri Olaf Shols Der Tagesspiegel nashrida yakshanba kuni e’lon qilingan intervyusida o‘zining asosiy vazifasi «Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Rossiya va NATO o‘rtasidagi urushga aylanib ketmasligi uchun barcha ishni qilish» ekanini aytgan. U Ukrainani zamonaviy qurol-yarog‘ bilan ta’minlash masalasida «plankani ko‘tarish» va raqobatga kirishish noto‘g‘ri bo‘lishini aytib, Kiyevning qiruvchi samolyotlar yetkazib berish talabini eslab o‘tgan.
«Agar Germaniyada Leopard-2 tanklarini yetkazib berish bo‘yicha qaror ortidan boshqa muhokama boshlansa, bu jiddiy ko‘rinmaydi, bu fuqarolarning hukumat qarorlariga bo‘lgan ishonchini yanada pasaytiradi», deya nemislar kansleri so‘zlarini keltirgan Polsha nashrlari.
Dushanba kuni Germaniyadagi Spiegel nashri ham Shols nemis siyosatchilarining Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha munozaralarni tanqid qilganini xabar qildi. «Bu masala jiddiy muhokamaga muhtoj, raqobatga emas, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ichki siyosiy motivlar birinchi planga chiqmoqda. Bunday debatlar olib borilayotgani hayron qoldiradi», deya uning so‘zlarini keltirgan UNIAN.
Qayd etish kerakki, Shols ko‘p vaqt davomida Ukrainaga tanklar yetkazib berishga ham rozi bo‘lmay keldi: uning hukumati nafaqat o‘z tanklarini Kiyevga yubormadi, balki boshqa mamlakatlarga ham o‘zida ishlab chiqarilgan Leopard tanklarini Ukrainaga reeksport qilishga ruxsat bermadi. Berlinning pozitsiyasi ittifoqchilarning bosimlari ostida, shuningdek AQSh va Buyuk Britaniya o‘zidagi asosiy jangovar tanklarni (Abrams Challenger) Ukraina qurolli kuchlari uchun yuborishni ma’qullashi natijasida o‘zgardi.
Yakshanba kuni Amerikaning Politico nashri Pentagonda Ukrainaga harbiy samolyotlar yuborish tarafdorlari borligi haqida xabar tarqatdi. «Men biz qarshimiz deb o‘ylamayman», deya AQSh mudofaa vazirligi amaldorlaridan birining so‘zlarini keltirgan nashr. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, gap to‘rtinchi avlod qiruvchi samolyotlari – F-16 va uning Yevropadagi muqobillari (nemislarning Tornado yoki shvedlarning Gripen samolyotlari) haqida boradi, chunki G‘arb mamlakatlarining ko‘pchiligi yaqin yillarda o‘z samolyotlarini yanada yangiroq bo‘lgan F-22 va F-35 samolyotlariga almashtirishni rejalashtirgan.
«F-16 tufayli urush kelib chiqmaydi»
Pentagondagilar G‘arb davlatlari birgalikda yetkazib bergan tizimlar ham Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlariga Rossiyaga qarshilik qilish uchun yetarli bo‘lmasligidan xavotirlanmoqda, F-16 yoki uning muqobillari esa bu muammoni hal etishi mumkin.
Nashr maqolasida aytilishicha, Pendagondagilar ham, Yevropadagi ittifoqchilar ham samolyotlar yetkazib berilishini Rossiya eskalatsiya sifatida qabul qilishi mumkin, deb o‘ylamaydi. «Keling, haqiqat yuziga tik boqaylik: F-16 tufayli yadro urushi kelib chiqmaydi», deya o‘z suhbatdoshlaridan birining so‘zlarini keltirgan Politico.
Kiyev G‘arb bilan qiruvchi samolyotlar va uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalar yetkazib berish masalasini muhokama qilayotgani haqida o‘tgan haftada Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak ma’lum qilgandi. «Men urush davrida buni kimdir tushunmaydi deb o‘ylamayman. Shu tufayli, birinchidan - muzokaralar allaqachon boshlangan, ikkinchidan - muzokaralar jadal sur’atlar bilan olib borilmoqda, uchinchidan – barcha hamkorlar buni juda yaxshi tushunishadi», degandi u FreeDom kanali uchun bergan intervyusida.
Lekin juma kuni Germaniya mudofaa vaziri Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berish haqida «gap bo‘lishi mumkin emasligi»ni (Süddeutsche Zeitung nashriga intervyusida) aytgandi: «Qiruvchi samolyotlar jangovar tanklarga qaraganda murakkab tizimlar hisoblanadi, ular butunlay boshqa uchish masofasiga va o‘t ochish kuchiga ega. Bunda biz juda chuqurlashib ketamiz va men bundan tiyilishga chaqirgan bo‘lardim».
Niderlandiya hukumati esa bunday qiruvchi samolyotlar yetkazib berish imkoniyatini istisno etmasligini ma’lum qildi.
AQSh Kongressi o‘tgan yil yozida Amerika qiruvchi samolyotlarida ukrain harbiy uchuvchilarini tayyorlash dasturini moliyalashtirishni ma’qullagan va buning uchun 100 mln dollar ajratilgandi.
AQSh katta miqdordagi harbiy samolyotlarni, jumladan 47 dona F-16 qiruvchi samolyotlari, shuningdek 48 dona F-15 qiruvchi samolyotlarini hisobdan chiqarmoqchi. Buncha miqdordagi F-16 ukrainlarning uch-to‘rt eskadrilyasini to‘ldirish uchun yetarli bo‘ladi. Bundan tashqari, F-16 dunyoning yana 25 mamlakati aviatsiyasida mavjud va katta ehtimol bilan ularning ko‘pchiligi o‘z havo huchlarini yangilashni istaydi. Masalan, 2021 yilda Norvegiya F-35A samolyotlariga o‘tishi munosabati bilan F-16 samolyotlarini sotgandi.
F-16 samolyotlarini ishlab chiqarish 1970-yillar oxirida boshlangan, zamonaviy modifikatsiyasi – bir o‘rinli F-16C va ikki o‘rinli F-16D – 1980-yillar o‘rtalarida paydo bo‘lgan. Shundan buyon bu samolyotlar bir necha bor takomillashtirilgan.
Mavzuga oid
21:05 / 28.12.2024
Zelenskiy: Putin Slovakiya bosh vaziriga Ukrainaga qarshi «ikkinchi energetika fronti» ochishni buyurdi
09:31 / 28.12.2024
GUR: Dronlar Ukraina chegarasidan 2000 km uzoqlikdagi nishonlarga hujum qila oladi
08:56 / 28.12.2024
AQSh Ukrainaga 1,25 mlrd dollarlik yordam paketini tayyorlamoqda
19:14 / 27.12.2024