O‘zbekistonda ilk bor «Qishloq xo‘jaligi xodimlari salomatligi oyligi» aksiyasi o‘tkazilmoqda
Aksiya 1 martga qadar davom etadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekistonda ilk bor «Qishloq xo‘jaligi xodimlari salomatligi oyligi» aksiyasi boshlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shu yil 1 fevraldan 1 martgacha bo‘ladigan ushbu aksiya doirasida Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi 6-oilaviy poliklinikada hududdagi agrar soha xodimlari — fermerlar, dehqon va bog‘bonlar, klaster xodimlari va ularning oila a’zolari profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar hamda skriningdan o‘tkazilmoqda.
«Ushbu tadbirda, avvalo, agrar soha xodimlari orasidan tibbiy xizmatga ehtiyoji bor kontingent hamda ularning oila a’zolari ro‘yxati shakllantirildi. Keyin yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, ular tegishli guruhlarga ajratib olindi. Shundan so‘ng ular maxsus tibbiy brigadalar tomonidan tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilyapti», — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Barno Odilova.
130 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan Bo‘ka tumanida qishloq xo‘jaligi faoliyati muhim o‘rin tutadi. Tumanda ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika bilan birga 5 ta oilaviy poliklinika, 5 ta oilaviy shifokorlik punkti bo‘lib, ularda fuqarolarga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Tumanda 700 ga yaqin fermer xo‘jaligi faoliyat yurityapti.
Ushbu xo‘jalik rahbarlari, xodimlari va ularning oila a’zolari navbati bilan tibbiy ko‘riklarga jalb qilinyapti. «Islom» fermer xo‘jaligi rahbari Abdurasul Abdurazzoqov aksiya borasidagi fikrlarini bildirdi.
«O‘ttiz yildan beri dehqonchilik bilan shug‘ullanaman. Ish ko‘p. Yerni tirnab yuraverib, sog‘likka qarashga vaqt bo‘lmabdi. Keyingi yil pensiyaga chiqaman, deb turibman. Fermerlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi, deb xabar berishgani uchun keldim. Yurak, o‘pka, jigar, buyrak – hammasini ko‘rishdi. O‘zimizning do‘xtirlarmi desam, ko‘pchiligi poytaxtdan kelgan ekan. Xursand bo‘ldim», deydi u.
Shuningdek, aksiya doirasida agrar soha xodimlari va ularning oila a’zolari orasida homiladorlar, yangi farzandli bo‘lgan ayollar, chaqaloqlar, yotib qolgan, keksa, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor shaxslar bo‘lsa, ushbu qatlam oila shifokori va oila hamshiralari tomonidan patronaj qilinib, zarur hollarda tor soha mutaxassislari ishtirokida xonadonlarning o‘zida ko‘riklar amalga oshirilmoqda.
Fermerlardan birining rafiqasi Dilnora Xoljonboyeva ham fikrlarini aytib o‘tdi.
«Turmush o‘rtog‘im «Abduvali ota» fermer xo‘jaligi rahbari. 100 gektar yerimiz, ishchilar, bolalar bor. Ularga issiq ovqat yetkazib turish osonmas. Yilda bir-ikki marta poliklinikaga kelishga imkon topardim. Lekin bunday chuqur tekshiruvlardan o‘tish uchun markazga borish kerak. Bizning bir oyog‘imiz dalada bo‘lsa... Mana, bugun ham erta tongdan turmush o‘rtog‘im ko‘rikdan o‘tib ketdilar, keyin meni yubordilar. Ishchilarimiz ham navbatma-navbat ko‘rikdan o‘tyapti. Eng yaxshisi, tekshiruvlarning barchasi bepul amalga oshirilyapti», deydi u.
Tibbiy ko‘riklar davomida:
- 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan aholi — oila shifokori profilaktik ko‘rigidan;
- 40 va undan katta yoshdagi aholi — yuqumli bo‘lmagan kasalliklar skriningidan;
- 35-55 yoshli ayollar — bachadon bo‘yni saratoni tekshiruvidan;
- 45-65 yoshli ayollar — ko‘krak bezi saratoni skriningidan;
- 15-49 yoshli xotin-qizlar — profilaktik ko‘rik, homiladorlikka monelikni aniqlash ko‘rigidan;
- sil kasalligi bo‘yicha xavf guruhiga mansub qatlam — flyuorografik tekshiruvdan;
- surunkali kasalligi bor bemorlar — oilaviy shifokor va tegishli tor soha mutaxassislari tomonidan dispanser ko‘rigidan;
- 1-18 yoshli bolalar — chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan;
- 2-10 yoshli bolalar — gelmintozga tekshiruvdan;
- 3-18 yoshli bolalar — onkogematologik kasalliklar skriningidan o‘tkazilmoqda.
«Agro family» fermer xo‘jaligi rahbari Fazliddin Shokirov shunday deydi:
— Hozirgi yog‘ingarchilik paytida dalalarda ishlar kamaygan. Martning boshlarida urug‘ ekish boshlanadi. Shu bilan noyabr oxirigacha qo‘limiz qo‘limizga tegmaydi. Tashkilotchilar dehqonlarning sharoitiga, vaqtiga moslab aksiya boshlabdi. Yil bo‘yi oyog‘imda og‘riq sezib yurgandim. Mana, shifokorlarga ko‘rinib, kerakli tavsiyalarni olib qaytyapman.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha davlat ko‘magida bemorlar salomatligini tiklash choralari ko‘riladi.
Ko‘riklar yakunida:
- hayotida ilk bor surunkali kasallik aniqlanganlar dispanser nazoratiga olinib, individual sog‘lomlashtiriladi;
- o‘tkir va surunkali xastaliklar qayd etilgan bemorlardan bir guruhi birlamchi bo‘g‘indagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, statsionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi;
- yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yo‘llanmalar taqdim etiladi.
Shuningdek, tibbiy tekshiruv natijasida mehnat qobiliyatini turg‘un yo‘qotgani, organizm funksiyasi buzilishi va hayot faoliyati chegaralangani aniqlangan bemorlarga nogironlikni belgilash bo‘yicha tegishli organga yo‘llanmalar beriladi.
Aksiya butun mamlakat bo‘ylab davom etmoqda.
Mavzuga oid
15:02
O‘zbekiston Xitoyga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiladi
13:55 / 18.11.2024
Niderlandiyada o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etiladi
20:46 / 07.11.2024
Prezident 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlashni buyurdi
19:07 / 07.11.2024